Vasiylik va homiylik organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan nazoratni qonunchilikda vakolat berilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar amalga oshiradi.
(41-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning yoxud vasiylarning yoki homiylarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiyning yoki homiyning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tegishli vasiylik va homiylik organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘ilganligi to‘g‘risida, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxslar bu haqda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning haqiqatda turgan joyidagi vasiylik va homiylik organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart. Bunday ma’lumotlarni olgan vasiylik va homiylik organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir zarur choralar ko‘rishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizom 94-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari.