39-modda. Vasiy yoki homiy tomonidan yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash
Vasiylik va homiylik organlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga g‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) tufayli yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishini vasiydan yoki homiydan talab qilishi shart, vasiylik yoki homiylik tugatilganda esa, vasiylikdagi yoki homiylikdagi muomalaga layoqatli shaxs talab qilishga haqli.
Vasiy yoki homiy tomonidan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini saqlashga va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarishga doir majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganda (mol-mulkni yaroqsiz holga keltirish, lozim darajada saqlamaslik, mol-mulkni belgilangan maqsad uchun sarflamaslik, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining qiymati pasayishiga sabab bo‘lgan harakatlarni (harakatsizlikni) amalga oshirish va boshqalar) vasiylik va homiylik organi bu haqda dalolatnoma tuzishi hamda vasiyga yoki homiyga vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida talabnoma taqdim etishi shart.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57 bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 96 va 97-bandlari.