I.2. Sotsial psixologiyaning hozirgi kundagi mavqei
Jamiyat bu insonlar majmuidir. Uning taraqqiyoti va ma’naviy salohiyati ko‘p jihatdan ana shu insonlar o‘rtasida yuzaga keladigan o‘zaro munosabatlarning tabiatiga, ular amalga oshiradigan murakkab sotsial hamkorlik faoliyatining mazmuniga bog‘liq. Har bir inson jamiyatda yashar ekan, u unda o‘ziga xos o‘rin va mustaqil mavqe egallashga intiladi, binobarin, u o‘ziga xos intilish, layoqat va faollik namunalarini namoyish qiladi. Insonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni hamda har bir shaxsning jamiyatdagi o‘rni va uning turlicha sotsial munosabatlari tabiatini o‘rganuvchi qator sotsial fanlar mavjud bo‘lib, ularning orasida sotsial psixologiya alohida o‘rin egallaydi.
Sotsial psixologiya juda qadimiy va shu bilan birga u o‘ta navqiron fandir. Uning qadimiyligi insoniyat tarixi, madaniyati va ma’naviyatining qadimiy ildizlari bilan belgilanadi. Ular aslini olib qaraganda, u yoki bu jamiyatda yashagan kishilar o‘rtasidagi, sotsial munosabatlarning va tafakkurning xosilasi bilan e’tirof etilsa, u o‘z uslubiyoti, predmeti va fanlar tizimida tutgan o‘rnining yangiligi insoniyat taraqqiyotining eng yangi davrida shakllanganligi va rivojiga turtki berganligi bilan tavsiflanadi.
«Yer-u ko‘kdagi buyuk o‘zgarishlarni sezish, his qilish va ulardan saboq chiqarish, o‘rnak olish uchun odamzot o‘zining yon atrofiga uyg‘oq nigoh, qalb ko‘zi bilan qarashi lozim». Respublikamizning Birinchi prezidenti aytgan bu fikrni shaxs va uning psixologiyasi bilan qanday bog‘lash mumkin. Bu fikrni mag‘zini chaqadigan bo‘lsak, uning butun mazmun-mohiyati go‘yoki sotsial psixologiya va shaxs psixologiyasiga bog‘liqligini ko‘rishimiz mumkin. Axir har bir individ tug‘ilganidan boshlab to umrining oxiriga qadar haqiqatan ham «уег-u ko‘kdagi o‘zgarishlarni sezib, his qilib, ulardan saboq chiqarib» yashaydi-ku! Aytish mumkinki, aynan mana shunday jarayonlarni boshidan kechirgan individgina shaxs bo‘lib shakllanadi va jamiyat hayotiga qo‘shila oladi. Buning uchun undan hamisha «o‘zining yon-atrofiga uyg‘oq nigoh, qalb ko‘zi bilan qarash» talab etiladi. Shundagina u yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishi va jamiyat uchun kerakli shaxs bo‘la olishi mumkin1.
«Biz, faqat o‘zimiz uchungina yashay olmaymiz, – deb yozadi, mashhur romannavis yozuvchi German Melvill, – bizning hayotimiz boshqalarning hayoti bilan bir-biriga minglab rishtalar bilan chambarchas bog‘langandir». Sotsial psixologiya aynan mana shu rishtalarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi fan hisoblanib, nima uchun jamiyatdagi kishilar bir-birlariga ta’sir o‘tkazishlari, bir-birlari haqida o‘ylashlariga oid ma’lumotlarning ilmiy asoslarini o‘rganadi.
O‘zbekistan Respublikasi Oliy majlisining IX sessiyasida davlatimizning Birinchi prezidenti I.A.Karimov oliy ta’limni isloh qilishda va malakali kadrlarni tayyorlashda sotsial psixologiyaning fan sifatida alohida o‘rni borligiga jamoatchilik diqqatini qaratdi. Darhaqiqat, yetuk kadr bo‘lish uchun shaxs nafaqat o‘z iqtidori, bilimi va saviyasini oshirishi zarur, balki jamiyatda turlicha sotsial munosabatlar tizimiga tayyor bo‘lmog‘i, sotsial faoliyatni boshqarishning ilmiy qonuniyatlari va qoidalarini mukammal egallamog‘i zarur.
Boshqaruv, menejment va marketing, ta’lim va tarbiya sohalarida, ayniqsa, inson omili va uni boshqarishning psixologik tizimini bilishi – jamiyatda sog‘lom insoniy munosabatlarni shakllantirish orqali uni kamol toptirish yo‘lidir. Shuning uchun bugungi kunda I.A.Karimov ta’kidlaganidek, sotsial psixologiya va umuman, sotsial faoliyat bilan shug‘ullanuvchi fanlarning asosiy vazifasi barkamol avlod tarbiyasini ta’minlovchi barcha ma’naviy, ruhiy va insoniy munosabatlar mohiyatini tahlil qilish, ularni boshqarishning eng samarali usullarini hayotga tadbiq etishdir. Bu o‘rinda, ayniqsa sotsial tafakkurning, yangicha dunyoqarash va munosabatlarning shakllanishini, insonning o‘ziga va o‘zgalarga ta’sir etishning mexanizmlarini o‘rganish eng dolzarb masalalardandir.
Dostları ilə paylaş: |