322-mashq. O’qing. So’roq gaplarni topib, turlarga ajrating: sof so’roq gaplar, ritorik so’roq gaplar, so’roq-buyruq gaplar. Avval so’roq olmoshlari, so’ngra so’roq yuklamalari, undan so’ng so’roq ohangi orqali ifoda qilingan so’roq gaplarni ko’chiring, so’roq ifodalovchi vositalar tagiga chizing.
1. Pulni olmaganimni, vijdonim pokligini kim bilib o’tiribdi? (T.Malik) 2. Seni ham qo’rboshi yigitlari qidirdilar? (A.Qod.) 3. Bu ahvolda suvga tushgan bo’lka nonga o’xshab cho’kib o’tirganingdan ruhi ranjimaydimi? (S.Ahm.) 4. O’sha lim-lim daryoni ayyuhannos solgan bilan orqaga qayirib bo’larkanmi? (O’.Usm.) 5. Mayli, tanasi boshqa dard bilmas, deganlaridek, uning dardu hasratlarini bilmaganlar nimalar demaydi? (O.Yo.) 6. Urush qurbonlariga yodgorlik o’rnatishdan savob ish bormi? (O.Yo.) 7. – Men seni ket deyapmanmi? Yaxshi odam bo’lsang, o’zingga foyda! Yoshing yigirma beshdan oshdi. (P.Q.) 8. U chiqadigan vagondan keyingisining qarshisidagi gazeta-jurnal sotish do’konchasi yonida G’ulom aka turardi. Mohidilni kutyaptimikin? Xuddi shu bugun, shu soatda kelishini qayoqdan bildiykin u? (J.Abd.) 9. O’z nomi bilan qora bo’lgan bu qora qishloqda odamlar xoru zorligi buloqday qaynab yotmayaptimi? Ota-buvalari buyerni shuning uchun ham Qorabuloq deb atab ketishmaganmikan? (M.Ism.) 10. Axir ko’krak ostida gup-gup urib turgan yurakning o’zi hamma sirini bildirib turgandan keyin uni til bilan ifoda etishga hojat qoldimi? (J.Abd.) 11. Dam o’tmay suv ichgani tushaversa, ish unumli bo’larmidi? (J.Abd.)