Mustaqil ta’lim mavzularini o’zlashtirish bo’yicha uslubiy ko’rsatmalar
2)
Kurs ishi yozish bo’yicha tavsiyalar
III.
GLOSSARIY
IV.
ILOVALAR
1)
Fan dasturi
2)
Ishchi fan dastur
3)
Tarqatma materiallar
4)
Testlar
5)
Baholash mezonlari
6)
Boshqa ma’lumotlar (fan bo’yicha boshqa materiallar mavjud bo’lsa keltiriladi)
7)
O’UMning elektron variant (CD yoki DVD diskda)
I O’QUV MATERIALLARI
1. MA’RUZA MASHG’ULOTLARI
MAVZU. KIRISH.O‘ZBEK TILSHUNOSLIGI TARAQQIYOT BOSQICHLARI
REJA:
“Tilshunoslikning dolzarb muammolari” kursining maqsad hamda vazifalari
XX asrgacha bo‘lgan ibtidoiy o‘zbek tilshunosligi maqsad va vazifalari, yutuqlari.
Ilk empirik tilshunoslik maqsad va vazifalari, yutuqlari.
O‘zbek nazariy tilshunosligi maqsad va vazifalari, yutuqlari.
Ikkinchi empirik o‘zbek tilshunosligi maqsad va vazifalari, yutuqlari.
“O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” kursi nazariy soha bo‘lib, uning maqsadi talabalarni davr talablaridan kelib chiqadigan, o‘zbek tilshunosligi fani zimmasiga qo‘yilayotgan yangi ijtimoiy buyurtma bilan tanishtirish uchun yangi lingvistik paradigma va yo‘nalishlar haqida ilmiy-metodologik ma’lumot berishdan iborat.
Fanning vazifalari quyidagilardir:
-o‘zbek tilshunosligi bosqichlari haqida ma’lumot berish;
-o‘zbek formal tilshunosligi maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berish;
-o‘zbek substansial tilshunosligi maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berish;
-jahon tilshunosligi yutuqlari va o‘zbek tilshunosligi oldiga qo‘yilayotgan talablar;
-jahon tilshunosligi yangi paradigmalari haqida axborot berish;
-o‘zbek tilshunosligining zamonaviy yo‘nalishlarining dolzarb muammolari haqida ma’lumot berish.
“O‘zbek tishunosligining dolzarb muammolari” fani gnoseologiya, tasavvuf, mantiq (formal, dialektik), ilmiy tadqiqot metodologiyasi, sotsiologiya, madaniyatshunoslik, psixologiya, axborot texnologiyalari fanlari bilan bog‘liq. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “Til tarixi”, “Tilshunoslikka kirish”, “Umumiy tilshunoslik” fanlari bilan uzviy ketma-ket bog‘lanadi.
Fanning boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liqligi va uni o`qitishning ahamiyati. “Tishunosligining dolzarb muammolari” fani gnoseologiya, tasavvuf, mantiq (formal, dialektik), ilmiy tadqiqot metodologiyasi, sotsiologiya, madaniyatshunoslik, psixologiya, axborot texnologiyalari fanlari bilan bog‘liq. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “Til tarixi”, “Tilshunoslikka kirish”, “Umumiy tilshunoslik” fanlari bilan uzviy ketma-ket bog‘lanadi.
Talabalarda “Tilshunoslikning dolzarb muammolari” fani bo‘yicha bilimlarni shakllantirish, kuchaytirish, “Tilshunoslikning dolzarb muammolari”ning o‘ziga xos nazariyasi, til materiallarini ilmiy tahlil etish va ularni amaliyotda tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon bevosita amaliy va ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda alohida ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ushbu fanni o‘rganish va tadqiq etish bugungi kun nuqtayi nazaridan juda dolzarb masalalardan biri sanaladi.
“Tilshunoslikning dolzarb muammolari” kishilik jamiyatining amaliy ehtiyojlari ta’sirida yuzaga kelgan tilshunoslikning mustaqil bir sohasidir. Kishilik jamiyatining taraqqiy eta borishida “O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” fanining echishi lozim bo‘lgan masalalari ham, shu masalalarni hal qilishga yo‘naltirilgan yo‘l-yo‘riqlari va metodlari ham o‘sib, rivojlanib boradi. Bu muammolarni an’anaviy hamda yangi muammolarga ajratish mumkin.
An’anaviy muammolar qatoriga tilshunoslik tomonidan asrlar davomida yechib kelingan, lison hamda nutq hodisalarini imkoniyat doirasida tadqiqi va hamisha jamiyatning o‘quv-o‘qituv ishlarini talab darajasida tashkil etishga yo‘naltirilgan amaliy ishlarni kiritish mumkin.
Yangi muammolar qatorida quyidagilarni sanash mumkin: mashinaviy tarjimaning lingvistik asoslarini yaratish, informatsion tillar va ularning inson tabiiy tiliga munosabati, terminologiyasi va uning axborot izlashga munosabati, hujjatlarni avtomatik indekslashtirish, hujjatlarni avtomatik tarzda referatlash va annotatsiyalash, axborot tizimi ishlarini lingvistik jihatdan ta’minlash, avtomatik axborot izlash uchun lug‘at - tezauruslar tuzish, matnni avtomatik sintezlash va lisonning nutqiy voqelanishining mukammal tadqiqi kabilar.
Fanni o`rganish jarayonida yana quyidagilarni ham bilib olamiz:
O‘zbek tilshunosligining fan sifatidagi tarixiy taraqqiyoti bosqichlari va ularga xos vazifalar.
XX asr 50-80 yillari o‘zbek tilshunosligini muammolari, yechimi, amalga oshirilgan tadqiqotlar tahlili talqini.
XX asr oxirlari o‘zbek tilshunosligi muammolari, yechimi haqida.
XXI asr boshlari o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari tadqiqining boshlanishi, borishi, natijalarining yangiligi.
Formal, substansial va antrpotsentrik tilshunoslik. Ularning umumiy jihatlari va farqlari.
Jahon lingvistikasining ajralmas tarkibiy qismlaridan biri, dunyo tilshunoslik fani oldida turgan dolzarb maslalarni ijobiy hal etishga munosib ulushini qo‘shib kelayotgan o‘zbek tilshunosligi ham o‘tgan asr davomida rang-barang dunyoqarashlar, ta’limotlar, nazariyalar ta’sirini boshidan kechirdi, umumlingvistik jarayonlar qamrovida qoldi.
O‘zbek nomli etnosotsial jamoa, ya’ni millatga taalluqli, uning boy tarixini o‘zida aks ettiruvchi, kundalik aloqa-muloqat ehtiyojini to‘la-to‘kis qondiruvchi, uni birlashtiruvchi, jipslashtiruvchi o‘zbek tilining tabiatini, shakllanish, taraqqiy topish bosqichlari kechagi va bugungi holati, ertangi istiqboli xususida aniq hamda ravshan tasavvurga ega o‘zbek tilshunosligi uchun hozirgi zamon jahon tilshunosligida yuz berayotgan o‘zgarishlar yot emas. Hech ikkilanmay ta’kidlash lozimki, o‘zbek tili tizimida nafaqat qardosh turkiy tillarga oid xususiy jihatlar, shuningdek dunyoning besh qit’asida mavjud mustaqil tillarga doir umumiy qonuniyatlar ham qaror topgan.
Shu nuqtayi nazardan o‘zbek tilshunosligi bosib o‘tgan murakkab yo‘lga ilmiy yondashishda, obyektiv baho berishda unga xos qonuniyatlarni umumlingvistik hodisalar, jarayonlardan ajratib qo‘ymaslik yoki yulib olmaslik talab qilinadi.
Ma’lumki, XX asr boshlarida sotsiologiya va psixologiyadan uzoqlashgan lingvistika “Til o‘zida va o‘zi uchun” shiorini o‘zining yagona obyekti sifatida e’lon qildi. F. de Sossyur ilgari surgan umumiy semiologiya loyihasi semiotikada qisman ifodasini topgan bo‘lsa-da, lingvistika o‘z mustaqilligini yo‘qotmadi, semiotikadek umumiy fanning qismiga aylanib ketmadi. Y.D.Aprsyanning qayd etishicha, struktur paradigma tufayli sodir bo‘lgan qayta qurish an’anaviy lingvistik muammolarni yanada chuqurlashtirdi, boyitdi va kengaytirdi; lingvistikani “ilmiy haqiqatni izlash, axtarish metodologiyasi” bilan qurollantirdi.
XX asr oxiriga kelib tilni belgilar tizimi tarzida tadqiq etish masalasi tadqiqotchilarni ortiqcha qiziqtirmay qo‘ydi. Lingvistika yana psixologiya va sotsiologiya bilan yaqindan munosabatga kirishishga intila boshladi.
Kognitivistika Sossyurning til-nutq, sinxroniya-diaxroniya, sintaksis-semantika, leksika-grammatika kabi til dixotomiyalaridan voz kecha boshladi. Tilni insonning kognitiv qobiliyatlaridan biri sifatida baholadi, tilshunoslikni esa kognitologiyaning bo‘lagi deb e’lon qildi. Natijada, tilshunoslik tag‘in o‘z mustaqilligini yo‘qotay dedi. SHunga qaramay til haqidagi fanning yakkalikdan chiqishiga, unga tegishli ijtimoiy ahamiyatning yanada o‘sishiga shak-shubha yo‘q edi. XX asr lingvistikasi bosib o‘tgan yo‘lni kuzatar ekanmiz, undagi bir qator xususiyatlarni e’tirof etish lozim bo‘ladi:
1.Tilshunoslik har doim boshqa, xoh gumanitar, xoh tabiiy fanlar bilan bajonidil aloqaga kirisha oldi. Biologiya, sotsiologiya, psixologiya bilan lingvistikaning yaqindan aloqasi bois biolingvistika (bu yo‘nalish o‘zbek tilshunosligida hozircha shakllangan emas), sotsiolingvistika, psixolingvistika tarkib topdi. 60-yillardan e’tiboran injener lingvistikasi, keyinroq matematik lingvistika, buning zaminida esa, kompyuter lingvistikasi vujudga keldi. Bunday aloqalar natijasi o‘laroq tilshunoslikka oid tadqiqotlarda turli-tuman tushunchalarni ifodalovchi terminlar o‘z ifodasini topdi. SHunga qaramasdan, tilshunoslikda uning predmetiga mos xususiyatlargina saqlanib qolaverdi, mos tushmaydiganlari o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi yoxud sof lingvistik mazmun bilan qanoatlandi.
2. Kiritilayotgan tushuncha uchun aniq ta’rifning yo‘qligi uning samarali qo‘llanishiga to‘sqinlik qilolmadi, “lisoniy bilish” , “lisoniy qiyofa”, “borliqning lisoniy tasviri”, “diskurs “, “ konsept” singari terminlar mohiyati qator izlanishlar negizida aniqlashtirib borildi.
3.Tilshunoslikda L.Elmslevning glossematika nazariyasidan boshqa biron bir lingvistik loyiha va lingvistik ta’limot o‘zining mantiqiy poyoniga erishmadi, amalda mujassam bo‘lmadi. SHunday qilib, lingvistika uchun mustaqillik maqomining tabiiyligi, va aksincha, boshqa fanlarning ta’siri sezilarli bo‘lsa-da, ammo muvaqqat xarakterdaligi ayon bo‘ldi.
Zikr etilgan jihatlar o‘zbek tilshunosligida ham o‘z ifodasini ma’lum darajada namoyon etdi.
Milliy istiqlol tufayli o‘z taraqqiyot yo‘liga tushib olgan ona tilining tabiatiga mos mezonlarni ishlab chiqish, unut bo‘lgan boyliklarini qayta tiklash, sofligini ta’minlash, kelajak istiqbollarini belgilash kabi ustivor jihatlarga «Davlat tili haqidagi», “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonunlarda, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” hamda boshqa ko‘pgina hujjatlarda alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbek tilshunosligi so‘nggi yillar davomida ma’lum darajada o‘sib, taraqqiyot ta’sirida paydo bo‘layotgan masalalarni hal etishga diqqatini qaratdi. Jahon tilshunosligidagi singari o‘zbek tilshunosligida ham endilikda e’tibor til strukturasi muammosidan tilning inson faoliyatining turli sohalaridagi vazifasiga ko‘cha boshladi. Tilning sistem xarakteri, til birliklarining paradigmatik va sintagmatik xususiyatlari, o‘zaro munosabatini atroflicha tahlil etish kun tartibidan barqaror joy oldi.
Bugun zamonaviy jahon tilshunosligidan muhim o‘rin olayotgan jihat bu inson faoliyatining turli sohalar bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ilmiy ma’lumotlar singishi va o‘zaro ta’siri hisoblanadi. Lingvistikaning turli fan sohalari bilan munosabatga kirishi natijasida tilshunoslikda etnolingvistika, sotsiolingvistika, psixolingvistika, matematik lingvistika, kompyuter tilshunosligi kabi paydo bo‘lgan yangi yo‘nalishlarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida talabalarga puxta bilim berish, yosh iste’dodlarni mazkur sohalarga dadil yo‘llash lozim. Bugun oliy o‘quv maskanlarida o‘zbek tilini o‘qitish jarayonida unga tizim sifatida yondashish, tizim qonunyatlari negizida til va uning birliklari hamda hodisalarini talqin etish, shakl va mazmun asimmetriyasi, ona tilining funksional ko‘pqirraligi haqida chuqur ilm berish, nazariy jihatdan etuk lingvistlar tayyorlashda tarixiy tilshunoslik tutgan mavqeini aniq belgilash zarur.
Oliy ta’lim tizimini tashkil etishning ustuvor vazifalaridan biri tarzida talaba bilimining sintezi, fanlararo aloqa omilining e’tirof etilishdir.
O‘zbek lingvistlari oldida hozirgi vaqtda tilni ham nazariy, ham amaliy jihatdan mukammal o‘zlashtirishni ta’minlovchi ta’lim maqsadiga mos dastur, qo‘llanma va darsliklar, o‘quv-metodik ishlari barpo etishdek dolzarb vazifa turibdi. Ushbu masalani ijobiy hal qilish uchun oliy o‘quv yurtlari hamda O‘zRFA tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi aloqalar samaradorligini oshirish, salohiyatli kuchlarni birlashtirish, moddiy-texnika bazasini hamkorlikda yaratish va undan unumli foydlanish zarur bo‘ladi.
Oliy ta’lim tizimida til o‘qitishdan bosh maqsad talabaning o‘rta maktab ta’limida egallagan to‘g‘ri so‘zlash, savodli yozish, aniq tafakkur qilish malakasini yuqori bosqichga ko‘tarishdir. Bunda, shubhasiz, o‘zbek tilining unga xos fonetik, leksik, grammatik xususiyatlarini puxta egallash, og‘zaki va yozma nutqda ularga qatiy rioya qilish, adabiy tilning me’yorlariga oid bilimlardan yaxshi xabardor bo‘lish alohida ahamiyatga ega.
Jahon tilshunoslari safida XXI asrga shaxdam qadam qo‘ygan o‘zbek olimlari oldida ham o‘tgan asrda o‘z echimini uzul-kesil topmagan “Til va jamiyat”, “Inson va uning tili” kabi masalalar bilan bog‘liq vazifalar ko‘ndalang bo‘lib turibdi.
Xo‘sh, tilshunoslardan tinimsiz mehnat, ulkan chidam va iqtidorni talab qiluvchi lisoniy masalalarni ijobiy hal etish maqsadida avvalambor til qurilishining qaysi jihatlariga diqqatni qaratish, qanday izlanishlarni ro‘yobga chiqarish lozim bo‘ladi?
1) zamonaviy lingvistikadagi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlar ko‘lamini aslo sekinlatmagan tarzda, an’anaviy tilshunoslik doirasidagi tadqiqotlar sur’atini yanada kengaytirish;
2) XVIII asr oxiridagi I.Gerder hamda umumiy tilshunoslik fanining asoschisi V.Gumboldt tomonidan ilgari surilgan tilning xalq madaniyati, urf-odati, rusumi, xarakteri bilan chambarchas bog‘liqlikda o‘rganuvchi etnolingvistikani shakllantirish va rivojlantirish;
3) komparativistika, ya’ni qiyosiy-tarixiy tilshunoslik nuqtayi nazardan qardosh turkiy tillarni o‘zbek tili bilan muqoyasa qilish borasida keyingi paytlarda yo‘l qo‘yilayotgan sustkashlikka barham berish, nafaqat o‘zbek va turk, shuningdek o‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz, qoraqalpoq, tatar tillari materiallarini qiyoslashga jiddiy e’tiborni qaratish, natijada turkiy tillarning qiyosiy-tarixiy grammatikasini o‘zbek tilida yaratish;
4) o‘zbek tilshunosligini uning bosh yo‘nalishlaridan biri turkologiyasiz aslo tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbek turkologlari erishgan yutuqlar turkologiyada munosib baholangan. Ular haqida mavridi kelganda alohida mulohaza bildirish mumkin. Hozir esa, mazkur yo‘nalish oldida o‘z echimni kutayotgan jihatlargagina diqqatni tortmoqchimiz:
a) skiflar, saklar, sarmatlar, kushonlar, toxarlar davriga taalluqli onomastikani atroflicha o‘rganish, qadimgi yunon, xitoy olimlari , muarrixlarining turkiy qabilalar haqidagi ma’lumotlarini sinchiklab tahlil qilish;
b) oltoy tillarining genetik qarindoshligi, turkiy, mo‘g‘ul, tungus-manjur tillarining yagona til asosida shakllanganligi to‘g‘risidagi mavjud dunyoqarash kesimida chuqur ilmiy izlanishlar olib borish;
d) turkologiya bo‘yicha bibliografik sravochnik tayyorlash, keng jamoatchilikni turkologiyaning tarixi, hozirgi holatidan xabardor qilish va h.k.;
5) XX asrning 20-30 yillari o‘zbek matbuoti tili, milliy uyg‘onish davri alifbo va imlo masalalari, adabiy til va jonli so‘zlashuv tili muammolari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni jadallashtirish;
6) muayyan tilning rivojlanishi darajasi undagi lug‘atlarning rang-barangligi, miqdori bilan o‘lchanishini e’tibordan qochirmagan holda, lingvistikaning turli sohalariga xizmat qiluvchi lug‘atlar tuzish, so‘nggi texnika vositalari bilan ta’minlash, xalqaro axborot tizimiga integratsiyalashish va undan foydalanish;
7) o‘zbek tilining dinamik holatini tadqiq etishda bebaho manba hisoblanuvchi yozma obidalarni atroflicha, chuqur ilmiy asosda o‘rganish, yoshlarni bu yo‘nalishga dadil jalb etish;
8) belgilar sistemasidan iborat sifatida e’tirof etilyotgan tilning kommunikativ va ekspressiv funksiyalarini ochib beruvchi izlanishlarga jiddiy e’tiborni jalb etish;
9) so‘nggi paytlarda o‘z holiga tashlab qo‘yilgan terminalogiyada mavjud boshboshdoqlikka barham berish, terminlarni muvofiqlashtirish va unifikatsiya qilish va h.k.
Jahon lingvistikasi yutuqlarini o‘rganayotgan, ularni har tomonlama tahlil etayotgan, ayni chog‘da, tilshunoslikda yuz berayotgan keskin metodologik bahslarda munosib o‘rin egallashga intilayotgan til haqidagi fanimizmning XXI asrda jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritishiga shak-shubha yo‘q.