23.4. Mirzo Ulug‘bekning pedagogik g‘oyalari va ma’rifatparvarlik xizmatlari Mirzo Ulug‘bek (1394-1449) O‘rta Osiyo xalqlari ilm-fani va madaniyatini jahon miqyosiga olib chiqqan, millat pedagogik fikr taraqqiyotiga munosib hissa qo‘Shgan buyuk siymolardan biridir.
1411 yili 17 yoshli Ulug‘bek Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib belgilanadi. Uning tashabbusi bilan o‘lkada ilm-fan, ayniqsa falakkiyot ilmi yuksala bordi. U riyoziyot fanini mukammal egallagan va ungacha hech kim unchalik tez va aniq hisoblay olmagan.
U davlatning madaniy markazlaridan Buxoro (1417), Samarqand (1420) keyinchalik G‘ijdivonda (1433) madrasalar qurdirdi. Bu madrasalarda mashhur olimlar, ilohiyot ilmlaridan tashqari riyoziyot, xandasa, astronomiya, tibbiyot, tarix, geografiya, ilmi aruzdan dars berishgan.
Madrasalarda mashhur, bilimli kishilar mudarrislik qildi. Yirik olimlardan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin jamshid ibn Mas’ud, Mansur koshiy, Muhammad Birjoniy, Ali qushchi kabilar faoliyat ko‘rsatdi. Madrasada Ulug‘bekning o‘zi ham astronomiyadan ma’ruzalar o‘qigan.
Madrasa qurdirganidan 4 yil o‘tgach, Obiraxmat soyining bo‘yida rasadxona qurdiradi. Uning qurilishiga 5 yil ketadi. Kutubxona ochib, mashhur asarlarni yig‘adi. Madrasa bilan rasadxona o‘rtasida mustahkam aloqa bor edi. Rasadxonada ishlaganlarning bir qismi madrasada mudarrislik ham qilishgan. Bu esa riyoziyot va yulduz ilmini yuksaklikka ko‘tardi.
Ulug‘bekning «Ziji Ulug‘bek» asari juda mashhurdir. Yana riyoziyotga oid «Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola», yulduzlarga bag‘ishlangan «Risolai Ulug‘bek» va tarixga oid «Tarixi arba’ ulus» asarlari bor.
23.5. Ulug‘bek davrida maktab islohoti Ulug‘bek yoshlar ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor beradi. Madrasalarda o‘qitish tizimini jonlantiradi. O‘qish muddati 15-20 yildan 8 yilga tushuriladi. O‘quvchilar bilan rasadxonada amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni joriy etadi. Ulug‘bek o‘qituvchi – mudarrisga katta talablar qo‘yadi. Mudarrislar avvalambor, o‘zini tarbiyalamog‘i, bilim va malakalarni egallamog‘i, o‘z ustida tinmay ishlashi, darslarni yuqori saviyada o‘tishga ahamiyat berish kerak. U ta’limda darsliklarning o‘rnini muhim deb biladi. Shuning uchun darslik mazmuniga katta e’tibor beradi va mualliflar oldiga jiddiy talablar qo‘yadi. Darslik hayot haqiqatidan uzoq bo‘lmasligi, sodda, tushunarli tilda yozilishi lozim.
Ulug‘bek ta’limga matematika, falakkiyot, adabiyot, tarix fanlariga katta ahamiyat beradi. U o‘z pedagogik qarashlarida bolalarning jismonan sog‘lom, xarbiy hunar egallagan, jasur, mard bo‘lib yetishishlariga alohida e’tibor beradi. U do‘stlik va birodarlikni ulug‘laydi.