Mavzu O’zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi-www.hozir.org
25.3. Munis Xorazmiyning “Savodi ta’lim” asari – husnixatga doir dastlabki qo‘llanma sifatida
Munis Xorazmiy (1778-1829). XIX asr boshlarida Xiva xonligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk insonlardan biri – shermuhammad ibn Avazbiy mirob o‘g‘li Munis edi. 1778 yilda Xiva Shahri yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida mirob oilasida tavallud topgan adib: “Men, Munis, Xivada yashovchi yuz toifasidan bo‘lgan Amir eshimbiyning avlodidandirma”, deb yozgan.
Uning bolalik va yoshlik yillari Qiyot qishlog‘ida o‘tdi va ulg‘aygach, Xivadagi madrasalardan birida tahsil ko‘rdi va ustozi Sayyid eshonxo‘jadan saboq oldi. Arab, fors, turkiy xalqlar adabiyoti, shuningdek mumtoz musiqa hamda tarix fanini qunt bilan o‘rgandi. U mohir hattot bo‘lib, kufiy, rayhoniy, xatti Shikasta kabi xatlarni yaxshi bilgan. She’riyat olamida uning tahallusi Munis bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi “ulfat”, “hamdam”, “do‘st” demakdir. Nizomiydan tortib to o‘zi yashagan davrga qadar o‘tgan so‘z san’atkaorlarining ijodi bilan oshno bo‘lgan Shoir, o‘zining “Manga” radifli g‘azalida Nizomiy, Xisrav Dehlaviy ijodidan naqadar lazzatlanganligini, Hofiz sheroziy, Lutfiy asarlari orqali she’riyat bo‘stoniga qadam qo‘yganini, Firdavsiyning ijod bog‘ida orom olganini, Anvariydan nur emib, Sa’diy va Jomiydan cheksiz bahramand bo‘lganini, Bedilning ajoyib so‘zlaridan fayz topib, nihoyat buyuk alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliyni o‘ziga homiy bilganini zo‘r mamnuniyat bilan qayd qiladi.
Munis tez orada el-yurt hamda Xiva hukumdori Avaz inoq nazariga tushadi. 1804 yilda Shoir alifbo sifatida foydalanish uchun “Savodi ta’lim” kitobini yozib tugatadi. Yana Shu yili ijod namunalarini “Munis ul-ushshoq” (“oshiqlar do‘sti”) degan nom bilan to‘plab, uni 1813 yilda 16892 misradan iborat katta devonga aylantiradi. Ushbu asarda Shoirning g‘azallari, muxammaslari, ruboiylari, mustazodlari, tuyuqlari, to‘rtlik va maxsus ikkilik baytlari mavjud bo‘lib, bulardan tashqari devon oxirida shoirning 1804 yilda nazm bilan yozib tamomlangan kalligrafiyaga oid “Savodi ta’lim” nomli asari ham ilova qilingan. Ushbu kichik risolada chiroyli xat yozish usullari bayon qilingan. Risola ikki qismdan iborat. Asarning birinchi qismida xat mashq qilishga tayyorgarlik va bu ish uchun kerakli asboblar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Ikkinchi qismda esa, xat mashqi va uning usuli haqida amaliy yo‘l bilan ta’lim beriladi. Shoir o‘zining ushbu risolasi boshida kishilik jamiyatida yozuvning katta ahamiyatga ega ekanligini qayd qilib, Shunday bayon qiladi:
So‘z mahzanining nishonasi ham,
Ma’ni durining xazonasi ham,
Har so‘zki, ko‘nguldin o‘ldi mavjud,
Xat bo‘lmasa bo‘lg‘ay erdi nobud.
Munisning She’rlar to‘plami (devoni) o‘zi hayot chog‘ida va o‘zidan keyin ham xivalik hattotlar tomonidan bir necha bor ko‘chirilgan. Shu bilan birga 1875 yilda Xiva toshbosmaxonasida “Savodi ta’lim” risolasi bilan birga bosilgan.
Hozirgi vaqtda shoirning qabri Xiva yaqinidagi shayx Mavlon bobo qabristonida bo‘lib, maqbarasi avlodlar tomonidan e’zozlanib, 1989, 1999 yillarda ta’mirlandi.