Pedagogika tarixi fan sifatida. Eng qadimgi davrlardan VII asrga (1)
4. Eng qadimgi yozma manbalarda ta’lim-tarbiya masalalarining yoritilishi “Avesto”dagi ta’limiy-axloqiy g’oyalar. “Avesto” – zardushtiylik dinining muqaddas kitobi hisoblanib, dastlabki Sharq falsafiy qarashlarini o’zida aks ettiruvchi manbadir. Unda insonni kamolotga erishuvida mehnat, ezgulik, insoniylik, soflik, bag’rikenglik kabi sifatlarning ahamiyati chuqur ifodalangan.
Zardushtiylik dinining nomi ushbu din asoschisi Zardusht (turli tillarda Zaratushtra, Zoroastr) ismidan olingan. Uning tug’ilgan joyi noma’lum. Zardusht miloddan avvalgi 1-mingyillikning birinchi choragida yashagan.
Zero, zardushtiylikda axloqiylikning asosi, sahovatlilik belgisi - mehnat deb ko’rsatilsa, ishyoqmaslik barcha nuqsonlarni keltirib chiqaruvchi sabab ekanligiga urg’u beriladi.
Zardushtiylik yoyilayotgan davrda ibodatxona ham, maxsus ilohiy kitoblar ham bo’lmagan. Diniy marosimlar ochiq havoda, gulxan yonida ado etilgan. Keyinchalik kohinlar Zardusht va’zlarini yozib borganlar. Zardusht dini kohinlari bunday diniy matnlarni yod bilganlar va ibodat paytida o’qiganlar. Zardusht vafotidan bir necha asr o’tgach barcha diniy marosimlar, madhiya va duolar kitob holiga keltirildi. Bu zardushtiylar muqaddas kitobi «Avesto» edi. «Avesto» so’zi «qat’iy qonunlar» ma’nosini bildiradi.
Zardusht diniga ko’ra, atrofdagi dunyo ikki qismdan tashkil topgan: yaxshilik va yomonlik. Bular o’rtasida azaldan kurash ketadi. Masalan, nur bilan qorong’ulik, hayot bilan o’lim, ezgulik bilan yomonlik, qonun bilan qonunsizlik o’rtasida.
Zardushtiylar hayotining asosiy mazmuni xayrli ish, shirin so’z, olijanob o’y-fikrdan iborat bo’lgan. Insonning asosiy burchi adolatli turmush tarzi bo’lmog’i kerak. Yaxshilikning yomonlik ustidan g’alaba qilishini ko’zlab yashash kerak: yolg’on gapirmaslik, so’zning ustidan chiqmoq, faqat yaxshilik qilmoq.
Zardusht dini bo’yicha har bir inson hayot yo’lini o’zi belgilaydi; kimga yon bosmoqlik, kimni himoya qilishni o’zi hal qiladi.
Zardushtiylikda olov, er, suv va havo muqaddas sanaladi. Ularni yomon, yovuz narsalar bilan aralashtirmaslik lozim.