Savollar :
1. Poliz mevalarini yig’ib olishda qanday mashina va mexanizmlardan foydalaniladi?
2. Uzib olingan mevalarga davlat standartlari bo’yicha qanday talablar qo’yiladi?
30
3. Poliz mevalarini yaqin va uzoq masofalarga jo’natishda qanday transport vositalari
ishlatiladi?
4. Qaysi nav poliz mevalari qishda yaxshi saqlanadi?
7-MAVZU: POLIZ EKINLARI URUG’CHILIGI.
Reja:
1. Urug’larning biologik va mexanik ifloslanishi, buning oldini olish choralari.
2. Yetishtirish sharoitlari va agrotexnik tadbirlarining urug’ sifatiga ta’siri.
3. Urug’lik mevalarni yig’ish muddatlari va usullari.
4. Poliz mevalarini yetiltirish, urug’ini ajratish.
5. Olingan urug’larga ishlov berish va saqlash.
Adabiyotlar: 1; 2; 3; 4; 6; 7; 10.
1. Urug’chilikning eng muhim vazifasi - navni toza holda saqlab borishdir. Shu
sababli, urug’ olish uchun mo’ljallangan urug’larni saqlash, urug’lik ekinlarini
joylashtirish, ularni parvarishlab, yetishtirish texnologiyasi navning mexanik va
biologik ifloslanishiga yo’l quymaydigan bo’lishi kerak.
Biologik ifloslanishning oldini olish uchun har bir urug’chilik xo’jaligida poliz
ekinining faqat bitta navini o’stirib borish o’rinlidir. Bitta ekinning ikkita yoki uchta
navi o’stirib borilganida quyidagicha fazoviy izolyatsiyaga amal qilish zarur: bitta
poliz ekinining urug’likka ekilgan navlari orasida ochiq yerda kamida 1000 m, usti
yopiq yerlarda kamida 500 m; xo’raki tarvuz bilan xashaki tarvuz navlari orasida -
tegishlicha 2000 va 1000 m. Qovoqning odatdagi sharoitlarda bir-biri bilan
chatishmaydigan har xil botanik turlari orasida fazoviy izolyatsiya ochiq yerlarda 50
m, usti yopiq yerlarda 20 m qilib belgilangan. Qovun navlari biologik ifloslanishining
oldini olish uchun urug’lik ekinlar orasida yoki yaqin atrofdagi boshqa ekin
uchastkalarida dalada o’sib chiqqan begona qovun o’simliklari o’sib borishiga yo’l
qo’yib bo’lmaydi. Bunday o’simliklarni gullashidan oldin yo’q qilib tashlash zarur.
Urug’lik ekinlarda yetishtirilayotgan navning yuqori darajada toza bo’lishini
ta’minlash uchun vegetatsiya davri davomida 3-4 marta nav tozalash ishlarini
o’tkazish kerak. Ekinlar 1-2 ta chinbarg chiqargan mahalda o’tkaziladigan birinchi
tozalash paytida sust rivojlanayotgan va kasal tekkan o’simliklar olib tashlanadi.
Ikkinchi tozalash ishini o’simliklarning gullashi oldidan o’tkaziladi, bunda nimjon va
kasal o’simliklar, shuningdek, aralashib qolgan boshqa navdagi o’simliklar olib
tashlanadi, aralashib qolgan bunday o’simliklar nav uchun xarakterli bo’lmagan
belgilariga: tupining gabitusi, barglari va shonalarining o’lchamlari va shakli hamda
boshqa belgilariga qarab ajratib olinadi. Uchinchi tozalash ishi tugunchalar hosil
bo’lgan mahalda o’tkazilsa, to’rtinchisi-mevalarni yig’ishtirib olish oldidan
o’tkaziladi. Bunda kasal hamda tugunchalari va mevalari nav uchun xarakterli
bo’lmagan o’simliklar yulib tashlanadi.
Navli ekinlar hosilining urug’likka nechog’lik yaroqliligini dalaning o’zida
tekshirib ko’rish, ya’ni dala aprobatsiyasi yo’li bilan baholanadi, bu ish nav tozalash
31
yumushlari o’tkazilganidan keyin mevalar fiziologik jihatdan yetilgan mahalda olib
boriladi.
2. Bir ekin ekib olinganidan keyin o’sha joyning o’ziga yana shu ekinni
urug’likka ekishga yo’l qo’yilmaydi, chunki bunda o’simliklarning kasallanishi
zo’rayib, hosili kamayib ketishidan tashqari nav biologik jihatdan ifloslanishi
mumkin, sababi shuki, oldingi yilda qolib ketgan mevalarning urug’lari unib chiqib,
ekinga aralashib qolishi mumkin.
Poliz ekinlari urug’chiligida dastlabki urug’ materialining sifatiga katta ahamiyat
beriladi. Elita ekinlari uchun faqat 1-nav toifasiga mansub urug’lardan, urug’chilik
xo’jaliklaridagi navli ekinlar uchun esa, kamida 2-toifaga mansub urug’lardan
foydalaniladi.
Urug’likka ekilgan poliz ekinlarini parvarish qilishda o’g’itlardan to’g’ri
foydalanish alohida ahamiyatga ega. Oziqa sifatida ekiladigan ekinlarga fosforli va
kaliyli o’g’itlarning tavsiya etiladigan dozalari urug’chilik xo’jaliklarida oshirilishi
kerak. Azot dozasini o’zgartirmasdan fosfor dozasini tavsiya etiladigan miqdorga
qaraganda ikki baravar (240 kg/ga gacha yetkazib) va kaliy dozasini bir yarim
baravar (100 kg/ga gacha) ko’paytirib, azot, fosfor va kaliy 1: 2: 0,75 nisbatda
ishlatilganida urug’larning hosildorligi 30 % ga oshib, ekinboplik va hosil berish
sifatlari yaxshilanadi. Urug’likka ekilgan ekinlarga organik o’g’itlarni ishlatish
alohida ahamiyatga ega. To’la-to’kis taxt qilib qo’yilgan mineral o’g’itlarga 20 t/ga
hisobidan go’ng qo’shish poliz ekinlarining urug’ mahsuldorligini 13-14 % ga
oshiradi.
Urug’likka ekilgan o’simliklarning oziqlanish maydoni oziqaga ishlatiladigan
ekinlarning oziqlanish maydonidan kam bo’lmasligi kerak. Qovun bilan qovoq uchun
o’simliklar qator orasidagi masofa 90 sm ni tashkil etishi lozim. O’simliklarning
urug’ mahsuldorligini oshirish va urug’larning ekinboplik hamda hosil berish
sifatlarini yaxshilash uchun o’simliklar qulay ekologik sharoitlarda parvarish qilib
boriladi.
3. Qovoq mevalari, kechpishar qovun va tarvuz mevalari hosilining asosiy qismi
yetilgan mahalda, tezpishar tarvuz va ko’pgina nav qovun mevalari esa yetilgan
sayin, bir necha marta uziladi. Mevalarni uzish muddatlari ularning yetilganini
ko’rsatadigan tashqi belgilariga qarab aniqlanadi. Urug’lik uchun: tezpishar qovun
navlarida birinchi va ikkinchi yig’imda uzilgan mevalar o’rtapishar qovun va ertagi
hamda o’rtapishar tarvuz navlarida - ikkinchi va uchinchi yig’imda uzilgan mevalar
olinadi.
O’zbekistonning quruq va issiq iqlim sharoitlarida poliz ekinlarining urug’lik
mevalarini uzish muddatlarini ularning yetilganini tashqi alomatlariga ko’ra,
namligiga qarab belgilash kerak.
Oziqaga ishlatiladigan poliz ekinlari mevalarini yig’ishtirishda qanday
mexanizatsiya vositalari ishlatiladigan bo’lsa, urug’lik mevalarini yig’ishtirib olishda
ham o’sha vositalarning o’zi qo’llaniladi. Tezpishar va o’rtapishar qovun va tarvuz
mevalari har xil aravachalar, platformalar, o’ziyurar shassilar va bortlari
ko’tarilmagan traktor pritseplari, O’zbekiston qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash
va elektrlashtirish instituti yaratgan tarvuz uzuvchi mashina yordamida yetilgan sayin
32
peshma-pesh, bir necha marta uzib olinadi. Kechpishar qovun va tarvuz, shuningdek,
qovoqning hamma navlarini sug’orish tarmog’i va sug’orish egatlari tekislab
chiqilganidan keyin bir yo’la yig’ishtirib olish mumkin. Bu ish ikki bosqichda
o’tkaziladi: avval poliz ekinlari mevalarini teruvchi UPV-8 markali moslama
yordamida mevalar uzilib, uyum qilib yig’iladi, keyin mevalarni uyumlardan olib,
transport vositalariga yoki urug’ ajratuvchi mashinalarga solinadi.
4. Poliz ekinlarining urug’lari o’simliklardan uzib olingan, ammo hali raso
yetilmagan mevalarning o’zida obdon yetilib olish xususiyatiga ega. Qovun bilan
tarvuzning hatto yigirma kunlik mevalari va qovoqning qirq kunlik mevalari ham 30
kun davomida qo’shimcha ravishda yetiltirib qo’yiladigan bo’lsa, urug’lari 90-95 %
unuvchan bo’lib qoladi. Mevalar nechog’lik yosh bo’lsa, qo’shimcha ravishda
shuncha uzoq muddat yetiltirib qo’yishga muhtoj bo’ladi. Qovun bilan tarvuzda
yigirma kunlik mevalari 30 kun, o’ttiz kunlik mevalari -20 kun, qirq kunlik mevalari -
10 kun davomida qo’shimcha yetiltirib qo’yilganida natijasi hammadan yaxshi bo’lib
chiqadi. O’zbekistonning sug’oriladigan dehqonchilik sharoitlarida urug’lik
mevalarni barvaqt yig’ishtirib olib, keyin qo’shimcha ravishda yetiltirib olish
maydonlarini oraliq ekinlar uchun ertaroq bo’shatish va tuproqni sifatli qilib
tayyorlab olishga imkon beradi.
Yalpi urug’chilikda qovun bilan tarvuzning urug’lik mevalarini 40-50 kun
bo’lgan mahalda uzib olib, 10 kun davomida qo’shimcha ravishda yetiltirib qo’yish,
qovoqni esa, mevalari 70-80 kunlik bo’lganida uzib, keyin 10-20 kun qo’shimcha
yetiltirish hammadan ma’qul. Qo’shimcha yetiltirib olish uchun mevalar usti pana
joyga yoki poxol solingan maxsus maydonchalarga bir qavat qi-lib terib qo’yiladi.
Qovun urug’lari mevalardan qo’l bilan ajratib olinadi. Mevalarni kesib, qoq
ikkiga bo’linadi yoki yon tomonidan uchburchak teshik ochiladi. Urug’larni meva
ichidan platsentalari bilan birga metall qoshiqlar bilan ajratib olinadi. Kichikroq
partiyadagi tarvuz urug’lari qo’lda ajratiladi, bunda mevalarni qoq ikki pallaga bo’lib,
pallalari bochka ustiga o’rnatilgan qovurg’ali g’o’la ustidan yurgiziladi. Po’stidan
ajratilgan tarvuz eti urug’lari bilan birga ko’zlarining diametri 3-4 mm keladigan
g’alvirdan o’tkaziladi. Katta partiyadagi tarvuz urug’lari poliz ekinlari mevalarini
to’g’raydigan IBK-5A markali moslama yoki SOM-2A markali urug’ ajratuvchi
mashina yordamida ajratib olinadi. Bu mashinalar mevalarni to’g’rab, to’g’ralgan
massasini turp, meva suvi va urug’larga ajratadi.
Qovun va tarvuz urug’lari mevalardan ajratib olinganidan keyin katta yoki yoki
kichikroq bochkalarda o’z suvi bilan bijg’itib qo’yiladi. Bijg’itish 20
0
S haroratda - 4
kun, 30
0
S haroratda - 2 kun davom etadi. Bijg’ish bo’lganidan keyin urug’lar qo’lda
yoki MOS-300 markali mashinada yuvib olinadi. Kichikroq partiyadagi qovoq
urug’lari mevalardan qulda ajratib olinsa (mevalar qoq ikkiga bo’linib, urug’lari
qoshiq bilan urug’ kamerasidan chiqarib olinadi), katta partiyalardagi qovoq
mevalarining urug’lari IBK-5A markali mashina yordamida ajratib olinadi. Ajratib
olingan qovoq urug’lari tezgina yuvilib, quritiladi.
5. O’zbekistonda poliz ekinlarining urug’larini oftobga yoyib qo’yib, havoda
quritish ko’proq rasm bo’lgan. Bunda urug’lar rangli metall to’r tutilgan yoki ustiga
siyrak qop matasi, brezent tortilgan g’alvirlarga 10-15 sm qalinlikda yoyib to’kiladi
33
va vaqti-vaqti bilan aralashtirib turiladi. Qovun va qovoq urug’lari namligi-13 % ga,
tarvuz urug’lari esa 14 % ga kelguncha quritiladi. Bularni 7-8 % gacha uzil-kesil
quritish ishlari issiq havo berib turadigan quritgichlarda o’tkaziladi.
Qovun va boshqa poliz ekinlarining urug’lari o’z unuvchanligini 6-7 yil va
bundan ko’ra uzoqroq vaqt mobaynida saqlab tura oladi. Biroq, yuqori ekin-boplik
sifatlarini qovun urug’lari 18 oy saqlaydi, lekin bir yil saqlab qo’yilgan urug’lar
hammadan ko’p hosil beradi va bunda mevalarning sifati ham yuqori bo’lib chiqadi.
Urug’larning saqlanish muddati uzaygan sayin tarkibidagi oqsil kamayib, nam yutish
sur’atlari susayadi, bo’rtish davri cho’ziladi, urug’larning ekinboplik sifatlari
yomonlashadi. Urug’lar 5-6 yil saqlab quyiladigan bo’lsa, to’la qimmatli hosil bera
olmaydi.
Urug’larning nechog’lik uzoq saqlana olishi ularning namligi va qanday
sharoitlarda turganiga bog’liq. Saqlashga qo’yilgan qovun va boshqa poliz
ekinlarining urug’larida namlik 7% va bundan ko’ra kamroq, ombor havosining
nisbiy namligi 30-40 % va harorati 0 dan -2
0
S gacha bo’lishi kerak. Haroratning
yuqori bo’lishi urug’larga yuqori havo namligidan ko’ra kamroq salbiy ta’sir
o’tkazadi, chunki havo namligi yuqori bo’lganida urug’larning namligi ham ortib
boradi. Chunonchi, havo nisbiy namligi 40% dan 80 % ga qadar ortganida
urug’larning namligi 6,2-7,3 % dan 12,4-15,2 % gacha ortadi. Bu esa nafas olish va
gidrofil jarayonlarning kuchayishiga olib keladi, natijada urug’larning hayotchanligi
pasayadi. Shuning uchun urug’larni polietilen sirilgan qopchalarda va havo
kirmaydigan germetik idishlarda saqlash yaxshi natijalar beradi. Og’zi mahkam
yopiladigan shisha idishlarda poliz ekinlarining urug’lari unuvchanligini 18-20 yil
davomida yuqori darajada saqlab turadi.
Dostları ilə paylaş: |