Madaniyatlararo muloqot Fanda madaniyatlararo muloqotga nisbatan Robert Lado tomonidan ilgari surilgan “tili o‘rganilayotgan mamlakat madaniyatiga munosabat”, deb nomlanadigan metodik tamoyil mavjud. Ushbu tamoyilning mazmuni: “Ikki xalqning madaniyati bir-biriga mos kelmaganda (masalan, urush vaqtida) til o‘rganuvchilarni mazkur xalq tilini sevish, bu tilda gapiradigan xalq bilan do‘stona munosabatda bo‘lish, bu xalqqa nisbatan befarq yoki salbiy munosabatda bo‘lmaslik va uning madaniyatiga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash”dan iborat. Biroq hayotda turli til va madaniyatlarga mansub kishilar o‘rtasida talaygina to‘qnashuvlar mavjud.
Madaniyatlararo to‘qnashuvlarning ko‘rinishlaridan biri madaniy shokdir. Madaniy shok (cultural shock) termini 1955-yilda Raverl Ober tomonidan taklif qilingan. U xorijiy tilni o‘rganuvchining ajablanish, hayron bo‘lish yoki tili o‘rganilayotgan madaniyat omillarining qabul qilmaslik holatini ifodalaydi. Madaniy shok til o‘rganuvchining noto‘liq akkulturatsiyasi yoki u uchun yangi bo‘lgan madaniyat me’yorlarini bilmasligi, tushunmasligidir. Har qanday xorijlik o‘z boshidan madaniy shok holatini kechiradi. O‘z yurtida yashayotgan odam ham begona muhitga tushib qolganda madaniy shokka duch kelishi mumkin. Madaniy shok o‘zga madaniyat bilan tanish bo‘lishiga qarab va yangi faktlarni qiyoslash oqibatida o‘zining madaniyatini unuta borgan sari barham topadi33.
Madaniy shok holatini o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda ba’zi misollar yordamida izohlashga harakat qilaman. 2000-yili Busan chet tillari universitetining taklifiga binoan koreys talabalariga o‘zbek tilidan dars berish uchun Janubiy Koreyaga bordim. Janubiy Koreyadagi hayotimning dastlabki haftasida bir koreys talabaga saqich berdim. U saqichni chapillatib chaynashga tushdi. Talaba qiz juda odobli, tarbiyali va nazokatli edi. Bunday qizning madaniyatning oddiy qoidalaridan bexabar ekanligi meni hayratga soldi. Bu voqeadan 3-4 kun o‘tgach, o‘zbek tili kabinetida choy tashkil qilib, bir guruh talabalarni choyga taklif qildim. Ularni o‘zbek shirinliklari bilan mehmon qildim. Talabalarning aksariyati shirinliklarni chapillatib yeyishga boshlashdi. Men madaniy shok holatiga tushdim. Toqatim toq bo‘lib, koreys talabalarini “tarbiyalab” qo‘ymoqchi bo‘ldim va chapillatib yeyish madaniyasizlik ekanligi, boshqalarda yaxshi tasavvur qoldirmasligini tushuntirdim. Talabalar juda noqulay ahvolga tushishdi, uzr so‘rashdi. Keyin xijolatomuz ohangda chapillatib yeyishning Koreyada biron yegulik bilan mehmon qilgan kishiga nisbatan hurmat, minnatdorchilik, qolaversa, yegulikning juda mazaliligiga ishora ekanligini aytishdi. Men juda noqulay ahvolga tushib qoldim. Shundan so‘ng koreys xalqiga, madaniyatiga hurmatim oshdi.