Reja: 1. Etnopsixolingvistika 2. Diskurs 3. Etnopsixolingvistikaning nazariy asoslari 4. Kommunikatsiyaga lingvo-kognitiv yondashish 5. Madaniyatlararo muloqot
Tayanch so’zlar: Etnopsixolingvistika, psixolingvistika, diskurs, lingvo-kognitiv yondashish, madaniyatlararo muloqot, intereaksiya, madaniy shok, akkulturatsiya. Etnopsixolingvistika psixolingvistika negizida vujudga kelgan ilmiy tadqiqotlarning yangi yo‘nalishlaridan biridir. Etnopsixolingvistika integrativ xarakterga ega bo‘lib, u psixologiya, lingvistika, sotsiologiya va madaniyatshunoslik fanlarining kesishmasida yuzaga kelgan. Etnopsixolingvistika mustaqil fan sifatida hali to‘liq shakllanib ulgurmagan bo‘lsa-da, uning yaqin kelajakda o‘z maqomiga ega bo‘lishi shubhasizdir.
Etnopsixolingvistika – turli madaniyatlardagi lisoniy shaxslar nutqiy muomalasining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganadigan fan. Nutqiy faoliyatda muayyan an’analar bilan bog‘liq bo‘lgan muomala elementlarining qanday paydo bo‘lishini, turli til egalarining verbal va noverbal muloqotidagi farqlarni o‘rganadi. Nutqiy etiket va “dunyoning rangli manzarasi”ni, turli xalqlardagi ikki tillilik va ko‘p tillilik hodisalarini tadqiq etadi.
Etnopsixolingvistikaning obyekti milliy diskurs sharoitidagi nutqiy hodisalar yoki nutqiy vaziyatlar majmuyidan, uning predmeti esa milliy diskursning o‘ziga xos xususiyatlarini ta’minlaydigan barcha omillar majmuyidan iborat.
Diskurs – verballashgan nutqiy, fikrlash faoliyati bo‘lib, u matnlar majmuyini namoyon etadi. Diskurs – bu hayotga o‘girilgan matn, kognitiv va kommunikativ funksiyalarni o‘z ichiga olgan, real madaniy kommunikativ vaziyatlarni qayd qilgan nutqiy asar.
“Diskurs”termini 1970-yillarning boshlaridan dastlab “funksional stil” terminigasinonim sifatida qo‘llanila boshlagan. Keyinchalik ingliz-sakson tilshunoslari Van Deyk va Kinchlar diskurs ostida faqat matnning mavjudligini emas, balki bu mavjud tizim ortida turgan, birinchi navbatda butun grammatikani tushunishni taklif qilishgan.
Diskursning elementlari (Demyankovga ko‘ra):
1) bayon qilingan hodisalar (matnning o‘zi);
2) ishtirokchilar;
3) “hodisa bo‘lmaganlik”;
a) hodisa bilan birga bo‘ladigan holatlar;
b) hodisani izohlovchi fon;
v) hodisaga ishtirokchilarning bahosi;
g) hodisalar bilan diskurga taalluqli bo‘lgan informatsiya.
Shunday qilib, matn haqida gap ketganda diskursning ichki tuzilishi nazarda tutiladi; diskurs haqida gapirilganda esa nutqiy asarning lisoniy tafakkur, nutqiy kontekst, so‘zning nolisoniy tomonlari bilan aloqasiga diqqat jalb qilinadi27.
Etnopsixolingvistika quyidagilarni tasvirlash va tavsiflashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi:
1) milliy tilning milliy mental-lingvo majmua sifatida aks ettiradigan o‘ziga xos funksiyasi;
2) muayyan milliy-lingvomadaniy hamjamiyat vakillarining kommunikativ, xususan, nutqiy muomalasining o‘ziga xosliklari;
3) milliy diskursning o‘ziga xos jihatlari va uning milliy-madaniy xususiyatlarini belgilaydigan omillar.
Etnopsixolingvistika quyidagi masalalarni tadqiq etadi:
- diskursning universal va milliy o‘ziga xos jihatlarini belgilash;
- diskursning milliy-madaniy tarkibini tadqiq etish;
- diskursning milliy-madaniy o‘ziga xosligini ta’minlovchi omillarni aniqlash va ularni tasniflash;
- olamning milliy manzarasini aks ettirdigan o‘ziga xos jihatlarni tasvirlash;
- madaniyat kodlari va etalonlarini aniqlash va tasvirlash va h.k.