Psixologiya fanining predmeti va rivojlanish tarixi


Eksperimental psixologiya



Yüklə 69,71 Kb.
səhifə12/14
tarix25.04.2022
ölçüsü69,71 Kb.
#56287
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
1-мавзу

Eksperimental psixologiya. Ma`lumki, XIX asr fizika, biologiya, fiziologiya, ximiya va boshqa tabiat fanlarining gullab yashnashi bilan tavsiflanadi.. Fanda paydo bo’lgan eksperimental metodning keng qo’llanilishi fanlarning rivojlanishiga turtki bo’ldi.

XVIII asrning oxiri XIX asrning boshlaridayoq psixologlar o’rtasida psixik hodisalarni o’rganishda eksperimentni tadbiq qilish mumkin emasmikan degan masala maydonga chiqdi.

Bu masala bo’yicha filosof I.Kant o’z fikrini aytdi. Uning fikricha, psixologiyada eksperimentning bo’lishi mumkin emas, unga matematikani tadbiq qilish mumkin emas.

Psixik hodisalarni o’lchashning mumkinligi, psixologiyada eksperimetning bo’lishi mumkinligi haqida nemis psixologi I. Gerbart (1776-1841 y.) ijobiy fikr aytgan. U psixologiyada matematikani tadbiq etish mumkin va zarurligi haqida shunday degan: “Mening tekshirishlarim amalda faqat psixologiyaning o’zi bilan cheklanib qolmasdan, balki fizikaga va umuman tabiat fanlariga ham qisman aloqadordir”.

Gerbartning fikricha, asosiy psixik element tasavvurdir, qolgan barcha jarayonlar-hissiyot, iroda, tasavvurlar kombinatsiyasidan va munosabatlaridan iboratdir. Ruhiy holatlar doimo o’zgarish jarayonida bo’ladi. Tasavvurlarning bu doimiy o’zgarish va almashish jarayonida ma`lum darajada doimiylik, qonuniyati mavjud. Bu doimiylikning miqdor tomonini o’lchash mumkin. SHuning uchun ham, Gerbartning fikricha, psixologiyaga matematikani tadbiq qilish mumkin.

Gerbart, garchand psixologiyada eksperimentdan foydalanishning zarurligi va foydaliligini isbotlagan bo’lsa ham, lekin uning o’zi bu metoddan foydalanmagan.

Psixologiyada eksperimentni tatbiq qilish bo’yicha dastlabki ishlarni fiziolog Veber (1796-1878 y.) va fizik Fexner (1801-1887 y.)lar amalga oshirdilar. Veber va Fexnerlarning maqsadi tashqi taassurotlar (fizik omillar) va ularning muvofiq sezgilarining o’zaro munosabatlari sohasidagi qonuniyatlarni topishdan iborat edi. Fexner eksperimental metodlar asosida sezgilarning ortib borishi bilan ularni qo’zg`atuvchilar o’rtasidagi qiyosiy munosabatni aniqlab, sezgi qo’zg`atgich logarifmasiga proportsionaldir degan psixofizik qonunni kashf etdi. Veber va Fexnerlar o’tkazgan tajribalar “Psixofizika” degan alohida fanning paydo bo’lishiga olib keldi.

Veber va Fexner ishlarining ahamiyati, asosan, shundan iboratki, ular birinchi bo’lib psixologiyani, tabiat fanlari singari, eksperimental fanga aylantirish mumkin ekanligini isbotladilar. SHu vaqtgacha faqat kuzatish, asosan, o’z-o’zini kuzatishdan foydalanib kelinayotgan psixologiya endi aniq fanlardagi ob`ektiv metoddan foydalana boshlaydi.

Eksperimental psixologiya taraqqiyotida ayniqsa nemis fiziologi va psixologi Vilgelm Vundt (1832-1920 y.)ning ishlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. V.Vundtgacha faqat ichki tajribadan va o’z-o’zini kuzatishdan foydalanib kelgan psixologiya faqatgina tasviriy fan edi. V.Vundt eksperiment va o’lchash metodlarini zarur deb topib, psixologiyani izohli fanga aylantirishni maqsad qilib qo’ydi.

V.Vundt psixologiya uchun klassik metodlar bo’lib qolgan bir qancha metodlarni, ya`ni qo’zg`atish metodi, ifodalash metodi va reaktsiya metodlarini kashf etdi hamda rivojlantirdi. V.Vundt 1879 yili Leyptsigda birinchi eksperimental psixologiya laboratoriyasini tashkil qildi. Oradan ko’p vaqt o’tmasdan (1881 y.) u Berlin universiteti huzurida eksperimental psixologiya institutini tashkil qildi.

V.Vundt shug`ullangan masalalardan biri o’sha vaqtda astronomlar tomonidan ochilgan diqqatni bir vaqtda ikkita har xil qo’zg`atgichga to’plash mumkin emasligi haqidagi masala edi. Bu hodisani aniqlash uchun V.Vundt (laboratoriya tashkil qilingunga qadar) 1861 yilda alohida mayatnik ish o’ylab chiqardi (Vundt mayatnigi). Bu mayatnik graduslarga bo’lingan yoy atrofida harakatlanadi va har bir ma`lum vaqtdan keyin jing`irlaydi. Bu psixologik elementlar uchun kashf etilgan birinchi asbob edi.

Ilmiy (izohli) psixologiyani oyoqqa turg`izish uchun V.Vundt qo’shimcha vosita sifatida yondosh fanlar, ayniqsa fiziologiya, astronomiya, etnografiya, tarix, mifologiya va boshqa fanlardan olingan ma`lumotlardan foydalanish zaruriyatini ilgari surdi.

Leyptsig laboratoriyasi va institutidan namuna olib, Germaniyaning boshqa universitet shaharlarida ham, shuningdek, boshqa mamlakatlarda ham, jumladan, Frantsiya, Angliya va Amerikada laboratoriya hamda institutlar tashkil qilindi. XIX asrning oxirida Rossiyada ham bir qancha eksperimental psixologiya laboratoriyalari tashkil qilindi: Moskvada Tokarskiy, Qozonda Bexterev, Odessada N.N.Langerlar tomonidan shunday laboratoriyalar ochildi. 1911 yil Moskva universiteti huzurida, maxsus qurilgan binoda professor CHelpanov rahbarligida eksperimental psixologiya instituti tashkil qilindi. Hozirgi vaqtda bu institut RF Pedagogika fanlari akademiyasi tizimiga kiradi.

Professor A. F. Lazurskiy (1874-1917 y.) tomonidan eksperimental metodning alohida turi-tabiiy eksperiment ishlab chiqildi. Eksperimentning bu turidan bizda bolalar psixologiyasini o’rganishda, pedagogika masalalarini, ayniqsa, ta`lim psixologiyasi masalalarini hal qilishda keng va unumli foydalanilmoqda.

Eksperimental metodning tatbiq qilinishi psixologiya fani taraqqiyotiga juda unumli ta`sir ko’rsatdi.

Bu metod yordamida oddiy kuzatish yoki o’z-o’zini kuzatish yo’li bilan aniqlash qiyin bo’lgan yoki butunlay mumkin bo’lmagan ko’p ma`lumotlar aniqlandi, ayrim psixik hodisalar o’rtasidagi bog`lanishlar aniqlangan, psixik jarayonlardagi, ayniqsa, sezgi, diqqat, idrok, xotira sohasidagi ba`zi bir qonuniyatlar ochilgan.

Eksperimental tahlil yo’li bilan murakkab psixik jarayonlar (idrok, xotira, tafakkur)ning alohida komponentlari tarkibiy qismlari ajratilgan, psixik jarayonlarning fiziologik hodisalar bilan, shuningdek, tashqi fizik muhit hamda ijtimoiy muhit bilan bo’lgan bog`lanishlari ochilgan.

Eksperimental tekshirishlarning yakunlari, shuningdek, eksperimental metodning usullaridan foydalanish amaliy faoliyatning turli sohalarida – o’quv tarbiya ishlarida, meditsinada, mehnatni tashkil qilish va ratsionalizatsiyalashtirishda, sud ishlarida, san`atda juda ko’p foyda keltiradi.11

XIX va XX asrdagi psixologiya – bu asosan empirik psixologiyadir. Psixologiyada XVII asrda paydo bo’lgan bu yo’nalish XIX va XX asrning boshlarida o’z taraqqiyotining eng yuqori cho’qqisiga erishdi. Uning yutuqlariga erishuviga sabab eksperiment metodining tatbiq qilinishi edi. Eksperimentning predmet doirasi juda kengaydi. YUqorida aytilgandek, psixologiya fanining maxsus vazifalari va metodlariga ega bir qancha shaxobchalari maydonga keldi.

Empirik psixologiya bir butun narsa emas edi. Bu psixologiyaning ichida bir qancha yo’nalish va oqimlar mavjud edi. Psixologiya tarixida bulardan ancha mashhur va muhimlari assotsianizm, intellektualizm, volyuntarizm, geshtalpsixologiya va freydizmlar edi.

XVIII asrning ikkinchi yarmida Angliyada psixologiya fanining assotsiativ oqimi vujudga keldi. Assotsiativ oqimining asoschisi David YUm (1711-1776) bo’lib, uning maslakdoshlari David Gartli (1705-1757), Djozef Pristli (1733-1804) psixik hodisalar, holatlar, jarayonlar, tasavvurlarning yaxlit bo’lib birlashishining asosiy qonuni sifatida assotsiatsiyalar haqidagi ta`limotni yaratdilar.

Psixologiya fani taraqqiyotida nemis psixologiya maktabi muhim o’rinlardan birini egalladi. Asrimizning boshlarida Germaniyada Vyurtsburg psixologiya maktabi deb nomlangan yangi yo’nalishga ega bo’lgan psixologik oqim paydo bo’ldi. Mazkur yo’nalishning yirik vakillari sifatida O.Kyulpe (1862-1915), K.Byuller (1879-1922), A.Messer (1837-1937), Ax Nartsis (1871-1946) va boshqalarni sanab o’tish mumkin. Ushbu maktab namoyondalari o’zlarining eksperimental tadqiqotlari bilan tafakkur muammosining rivojiga ma`lum darajada hissa qo’sha oldilar.12

XIX asr oxirlarida, aniqrog`i, 1879 yilda nemis olimi Vilgelm Vundt Leybnits universitetida dunyoda birinchi eksperimental psixologik laboratoriyaga asos soldi, unda o’tkazilgan yuzlab tajribalar va eksperimentlar psixologiyaning ham alohida fan sifatida o’zini ko’rsatishga haqli ekanligini isbotladi. Aynan shu insonning psixologiya ilmi maktabini yaratganligida ma`no bor. CHunki V.Vundt tibbiyot fani bo’yicha ham mukammal bilimlarga ega bo’ldi, keyin fiziologiya sohasida muvaffaqiyatli ishladi, so’ngra falsafaga berilib ketdi. Balki, aynan bir qator fanlarni – ham gumanitar, ham tabiiy fanlar asoslarini yaxshi bilganligi ob`ektiv sabab bo’lgandirki, olim inson psixologiyasi, unda ro’y beradigan jarayonlar – oddiy sezishdan tortib, mavhum tafakkurgacha bo’lgan jarayonlarni, hissiy holatlarni amaliy tarzda eksperimentlarda o’rgana boshladi. Uning maqsadi – eng avvalo inson ongini tashkil etuvchi sof elementlarni ajratib olishdan iborat edi. SHuning uchun ham psixologiyada u asos solgan yo’nalish strukturalizm deb nomlandi.

V.Vundtning ta`siri shu qadar kuchli bo’ldiki, er kurrasining boshqa bir tomonida – Amerika Qo’shma SHtatlarida funktsionalizm deb nomlangan yana bir yo’nalish paydo bo’ldi. E.Titchener asos solgan bu yo’nalish vakillari nafaqat ko’zga ko’rinmas ong tizimi elementlari, balki ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan va faoliyat natijalariga asoslangan belgilar asosida ham inson xulq-atvoriga baho berish mumkinligini isbotladi. Boshqa bir yirik amerikalik psixolog V.Jeymsning tadqiqotlari amaliy ahamiyatga molik bo’ldiki, endi u dadil psixologiyani ong elementlari emas, balki ong faoliyatini o’rganuvchi fan deb ta`riflay boshladi. Ong dinamik, harakatdagi, o’zgaruvchan yaxlit tuzilma bo’lib, uning namoyon bo’lishida tananing shart-sharoitlari, uning faolligi muhim rol o’ynaydi. SHuning uchun ham bu ikki tuzilmalar odamning yangi sharoitlarga moslashuvi va umuman tashqi muhitda o’z o’rnini topishga imkon beradi.13

YUqoridagi fikrlar ta`sirida XIX asrning oxirlarida bugun ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan bixeviorizm oqimi paydo bo’ldi.

Bixeviorizm oqimining asoschilari amerikalik psixologlar Dj.Uotson (1878-1958) va E.Torndayklardir (1871-1949).

Keyinchalik bular qatoriga K.Leshli (1890-1958), A.Veys (1974-1931) va boshqalar kelib qo’shildilar. Ma`lum davrgacha mazkur oqim psixologiya olamida dominantlik rolini o’ynadi. Hozirgi davrda bu oqim bir necha mustaqil psixologik maktablarga ajralib ketgan.

Ushbu yo’nalish vakillarining asosiy g`oyalari shundan iborat bo’ldiki, ular psixologiyaning predmeti nafaqat ong yoki nafaqat faoliyat, balki xulqdir deb asosladi. Xulq u yoki bu hatti-harakatlar, amallar, reaktsiyalarda ifodalanib, tashqi ta`sir-stimulga bog`liqdir. SHuning uchun ham inson va uning psixologiyasini bilish uchun o’sha ta`sir ko’rsatuvchi va ta`sirlangan xulq o’rganilishi kerak. Bu narsalar bizning xozirgi sharoitimizda ham ishlab chiqarishni tashkil etishda, ta`lim berishda va psixoterapiyada inobatga olinadi, ular o’tkazgan mashhur «S-R» formulasi bizning sharoitlarda ham ta`sir ko’rsatish texnikasida inobatga olinadi, ular o’z dolzarbligini yo’qotgani yo’q.

Bixeviorizm psixologiya maktabi, psixologiya fanining predmeti psixikani emas, balki inson va hayvonlar xulqini o’rganishdan iboratdir, degan g`oyani ilgari suruvchi va himoya qiluvchi oqimdir.

Atoqli jenevalik psixolog Jan Piaje (1896-1980) murakkab intellekt muammosiga bag`ishlangan nazariyani ishlab chiqdi. U aksariyat hollarda “tafakkur” tushunchasi o’rniga “intellekt” terminini qo’llaydi, lekin shunga qaramasdan, uning tadqiqotlarida “tafakkur psixologiyasi” degan so’z birikmasini uchratsa bo’ladi.14

J.Piajening intellekt nazariyasi ikkita muhim jihatga ajratilgan bo’lib, intellekt funktsiyalari hamda intellektning davrlari ta`limotlarini o’z ichiga qamrab oladi.


Yüklə 69,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin