- 47 -
Umumiy xulosa
1.
Mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan ham ko’proq kuchga
ega bo’lgan bugungi kunda inson qalbi va ongi uchun kurash tobora kuchayib
bormoqda. Ong va qalbni egallashning xilma-xil usul va vositalari mavjud bo’lib,
ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa muammolarni bartaraf etish uchun
keng jamoatchilikni va tegishli davlat idoralarini jalb qilish kuchiga ega bo’lgan
OAV bularning orasida alohida o’ringa ega.
2.
Aholining siyosiy savodxonligini oshirish yo’lidan borayotgan
mamlakatimizda bor haqiqatni keng ommaga ro’y-rost yetkazish orqali jamiyat
tasavvurida uyg’onishi mumkin bo’lgan turli xil mish-mishlaru yolg’on fikrlar,
bo’xtonu g’iybatlarga o’rin qoldirmaslik, ularning va siyosiy ongini shakllantirish
uchun xizmat qiladigan OAV ning qadr-qimmati tobora ortib bormoqda.
3.
Jamiyatda demokratik tamoyillarni vujudga keltirish uchun ijtimoiy
hayotning barcha sohalarini erkinlashtirish zarurati vujudga keldi. Buning uchun
esa, eng avvalo, OAV va matbaachilikning erkin faoliyati uchun zarur kafolat va
sharoit barpo etish lozim bo’ldi. Shunday ezgu niyatda qabul qilingan «Ommaviy
axborot vositalari to’g’risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari
to’g’risida», «Axborotlashtirish to’g’risida» gi qonunlar respublikamiz OAV
faoliyatida tub burilish yasadi.
4.
Ijobiy o’zgarishlar natijasida matbuotning har bir kishi o’z fikrini
ifoda eta olishiga imkon beradigan, demokratik qadriyat va tushunchalarni himoya
qiladigan, fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy ongini shakllantiruvchi erkin minbarga
aylanishi sari dadil qadam bosildi.
5.
Siyosiy matbuot zimmasiga siyosat tilini fuqarolar qalbi va ongiga
yetkazishdek mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Buni g’arb va rus tilshunosligida
anchagina jiddiy e’tibor qaratilishi natijasida tilshunoslik va sotsiologiya
fanlarining tutash nuqtasida yuzaga kelgan lingvosotsiologik aspektda hamda
tilshunoslik va siyosatning aloqadorligida yuzaga kelgan lingvopolitologik
aspektda tadqiq etilgandagina ko’zlangan natijalarga erishish mumkin.
- 48 -
6.
Tarixiy jarayonning mantiqiy davomi o’laroq keyingi yillarda o’ziga
xos mazmun va mundarijaga ega bo’lgan siyosiy matbuot shakllandi. Hozirgi
kunda respublikamizda siyosiy yo’nalishda faoliyat yuritayotgan siyosiy
partiyalarning gazetalari fuqarolar siyosiy bilimini oshirishga o’z hissasini
qo’shmoqda, jamiyatda siyosiy ong va madaniyatini yuksaltirish ishiga ijobiy ta’sir
etmoqda.
7.
Siyosiy matbuot matnini lingvosotsiologik aspektda adabiy norma
muammolari nuqtai nazaridan tadqiq etish uchun uning yetakchi janrlari haqida
ma’lumotga ega bo’lish lozim. Chunki matn tili va uslubi uning janri bilan
bevosita bog’liq holda shakllanadi.
8.
Keyingi yillarda tilshunoslikda alohida e’tibor qaratilayotgan til
sistemasiga maydon asosida yondashuvni siyosiy matbuot matniga tadbiq etish
soha matbuoti leksikasining o’ziga xos maydoni va mikromaydonlari haqida
muayyan xulosa chiqarish imkonini beradi.
9.
Siyosiy terminlarni, siyosatga doir ibora va jumlalarni publitsistik
matnga olib kirishda jurnalistlarning tarmoq nashrlariga ixtisoslashmaganliklari
bilan bog’liq kamchiliklar sezilib qolmoqda.
10.
Siyosiy bilimlarni keng ommaga yetkazish uchun targ’ibotchilarning,
jumladan, jurnalistlarning o’zlari ijtimoiy-siyosiy, siyosiy fanlarni chuqur
egallagan bo’lishlari lozim. Shuning uchun keyingi yillarda huquqshunos jurnalist,
iqtisodchi jurnalist, siyosatshunos jurnalist kabi jurnalistikaning tarmoqlashuviga
kuchli ehtiyoj sezilmoqda.
11.
Siyosiy matbuot tili va uslubini lingvosotsiologik va lingvopolitologik
aspektda tadqiq etish ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega.
Dostları ilə paylaş: