ijtimoiy hayot ko`zgusidir. Ommabop uslubni shakllantiruvchi vositalar ijtimoiy-siyosiy atama
va birikmalardan iborat bo`ladi: fuqarolik burchi, iqtisodiy tejamkorlik, siyosiy vaziyat, siyosiy
va ijtimoiy kuchlar, iqtisodiy vaziyat, hukumat tangligi va b. Publitsistik uslub ommaviy
axborot vositalari uslubidir. Bu uslubning muhim xususiyati axborot berish va
ta’sir qilish, soddalik, tushunarlilik, ta’sirchanlik, adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilishdir.
Dunyo -kurash maydonidir.
Insoniyatning bugungi hayoti o‘z shiddati, ta’sir ko‘lami, munosabatlar murakkabligi bilan nafaqat kechmish asrlar, balki bir necha o‘n yil ilgarigi hayotdan ham jiddiy farq qilayotir. Har sohada kuzatilayotgan globallashuv jarayoni inson atalmish mavjudotning jism-u jonini misoli vayronkor quyundek o‘rab-chirmab olmoqdaki, bu shiddat va kuch qarshisida uncha-muncha odamning dosh berishi – o‘zini, o‘zligini, shaxsi hamda aql-hushini saqlashi tobora qiyinlashib boryapti. O‘spirinlik yoxud yoshlikning nogahoniy shabadaga sezgir jism-u joni ne, hatto hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurgan, o‘zini har narsaga bardoshli hisoblaydigan katta yoshdagi kishilar yurish-turishi, dunyoqarashi, axloqi va umumruhiyatida kuzatilayotgan evrilishlar ham inson zoti tabiatida ortga qaytmas tub o‘zgarishlar boshlanganidan darak berayotgandek. Insonlararo munosabatlarda shafqatsizlik, riyokorlik, sotqinlik, beburdlik, xiyonat singari illatlar misli ko‘rilmagan ko‘lamda yuzaga chiqayotgandek. Nafsiy intilishlar qutqusi-la avj olayotgan “o‘lat paytidagi shohona ziyofat”larning badbo‘y oqavasi komiga odamiy ruh tobora chuqurroq g‘arq bo‘layotgandek. Shunga ko‘ra, G‘arb insonshunoslik fanlari tilida “inson degradatsiyasi”, “shaxsning yemirilishi”, “odamning qiyofasizlashuvi”, “sivilizatsiya shomi” singari tushkun iboralar tobora ko‘payayotganini tushunish mumkin.
Bu halokatli evrilishda dunyo ommaviy axborot vositalari faoliyati hal qiluvchi omillardan biri bo‘layotgani sir emas. Darvoqe, ayni sohada paradoks bir holat tobora aniqroq kuzatilyapti. O‘ziga “axborot dunyosi”, “axborotlashgan jamiyat” deb nom qo‘yib olgan bugungi jumla jahonda u yoxud bu voqea-hodisa haqida (u tarixda yuz berganmi yoki kuni kecha sodir bo‘ldimi – farqi yo‘q!) ommaviy axborot vositalari “topib” tarqatayotgan ma’lumot, “tezkor xabar” qancha ko‘paysa, o‘sha voqea-hodisaga doir asl haqiqat shunchalar mavhumlashib bormoqda. Yangi xabar va “topilmalar” ko‘paygani sari o‘quvchi, tomoshabin, tinglovchi bo‘lmish inson dunyoqarashi, ong-u shuurini boshboshdoqlik – xaos shunchalar keng ishg‘ol qilayotir. Nafaqat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy sohalardagi joriy yangiliklar, uzoq muddatli kuzatuv va hisob-kitobni talab qiluvchi sohalarga oid xabarlarning ham bir-biriga mutlaqo zid mazmunda ekani kishini lol qoldiradi. Bir guruh olimlar insoniyatni, deylik, Yer sayyorasida havo harorati tobora ko‘tarilib borayotgani va bu jarayon mudhish oqibatlarga olib kelishi haqidagi bashoratlari bilan qo‘rqitsa, boshqa bir guruh “mutaxassislar” unga teskari gapni ma’qullab karomatgo‘ylik qiladi. Yoki 2001-yilning 11-sentabrida AQShda sodir bo‘lgan ayanchli hodisalarni, masalan, italyan kinorejissyorlari “9/11 jumbog‘i” nomli hujjatli filmda bir xil talqin etsa, amerikalik kinochilar uning teskarisini “isbotlab” beryapti.