Bozor munosabatlarining yuqori sur‘atlarda rivojlanib borishi har bir sub‘ektning pul, banklar, kredit va moliyaviy bozorlarning dastagi bo‘lgan moliyaviy instrumentlar hamda ularda yuzaga keladigan o‘zgarishlarga munosabati va qiziqishlarini kuchaytirib boradi. Chunki, bozor mexanizmi iqtisodiyot talablaridan kelib chiqib tez o‘zgarib, yangilanib turadi va shular asosida u mamlakat iqtisodiyotining har tomonlama rivojlanib borishi yo‘nalishlarini belgilab beruvchi doimiy harakatda bo‘lgan dastak hisoblanadi. Bizni doimo pulning to‘lov yoki sotib olish qobiliyati yildan yilga oshadimi yoki pasayadimi? Ehtiyojimizdan ortiq pulimizni bankga omonotga qo‘ysak u bizga har oyda yoki yilda necha foiz daromad beradi, mabodo ularni qimmatli qog‘ozlarga qo‘ysak – qaysi turdagi va qaysi emitentning qimmatli qog‘ozlari bizga yuqori daromad berishi mumkin?
Pulning vujudga kelishi kishilik jamiyati tsivilizatsiyasining buyuk kashfiyotlaridan hisoblanadi. “Pul”deb nomlangan maxsus tovarning paydo bo‘lishi natijasida odamlar o‘rtasida ayirboshlash bilan bog‘liq ziddiyatlar va «ehtiyojlarning bir – biriga mos kelmasligi» kabi muammolar barham topdi.
Pulning
vujudga kelishi, uning evolyutsion rivojlanishi,
nazariyasi, mohiyati va funktsiyalari haqida xorijiy va mahalliy iqtisodchi olimlar, nazariyachilar, mutaxassislar juda ko‘p
ilmiy asarlar, maqolalar va tadqiqot ishlari yaratgan. Hozirgi kunda ham ushbu jarayon davom etmoqda. Iqtisodiy adabiyotlarda pulning vujudga kelishi va uning hozirgi kundagi ko‘rinishi haqida yagona yondashuv mavjud emas.
Pulning vujudga kelish sababini bilish uchun qadimda odamlar o‘rtasida ro‘y bergan ayirboshlash munosabatlarini amalga oshirish jarayoniga e‘tibor qaratish lozim. Chunki, aynan mana shu tabiiy ayirboshlash jarayoni hozirgi kunda siz bilan biz kundalik hayotda va hisob – kitoblarda foydalanib kelayotgan pulning vujudga kelishiga zamin yaratgan. Xususan, pulning vujudga kelishiga quyidagi omillar asos bo‘lib xizmat qiladi:
qadimgi davrda odamlar o‘z ehtiyojidan ortib qolgan iste‘mol mahsulotlari turib qolmasligi va saqlashning imkoniyati bo‘lmaganligi bois ularni o‘zlariga yaqin yoki tanish odamlarga bergan, bu o‘z – o‘zidan odamlar o‘rtasida stixiyali ravishda bir tomonlama ayirboshlash munosabatlari vujudga kelishiga sabab bo‘lgan;
keyinchalik odamlarning ongi, dunyoqarashi va hayot kechirish tarzi rivojlanganligi natijasida, ikki tomonloma ayirboshlash munosabatlari vujudga kela boshladi. Bu davrda, kishilarda o‘ziga zarur bo‘lmagan buyumning o‘rniga nimadir olish evaziga, ikkinchi kishiga berishi lozimligini anglay boshladilar.
Dostları ilə paylaş: