Genom ma’lumotlari asosida filogenetik daraxt tuzish
Tirik organizmlarning molekulyar ko’rsatkichlaridan foydalangan holda ularni filogenetik daraxtdagi o’rnini hisoblashning juda ko’plab turlari (UPGMA, WPGMA, Neighbor-joining, Maximum-likelihood, Bayesian inference va boshqalar) mavjud. Ushbu maqolada ana shunday usullar ichida eng soddasi bo’lgan UPGMA usuli haqida gaplashamiz.
UPGMA (Unweighted Pair Group Method with Arithmetic Mean) – guruhdagi juftliklarni o’rtacha taqqoslanmagan hisoblash usuli bo’lib, uni ilk marotaba Sneath va Sokalning (1973) ishlarida ko’rish mumkin. UPGMA usuli asosida filogenetik daraxt qurish uchun bizga berilgan organizmlarning molekulyar ko’rsatkichlari zarur bo’ladi. Quyidagi jadvalda toshbaqa, odam, tunets balig’i, tovuq, tunlam, maymun va itning sitoxrom C oqsilidagi aminokislotalar orasidagi farq ko’rsatilgan.
Ushbu jadvaldan ko’rinadiki, odam va maymun sitoxrom C oqsili 1 ta aminokislotaga farq qilmoqda, tovuq va maymunda bu farq 17 ga, tunets balig’i va tunlamda 41 ga teng va hokazo. UPGMA metodi orqali hisoblashda jadvaldagi eng kichik farqqa ega bo’lgan katakchalar o’zaro birlashtirib boriladi. Yuqoridagi jadvaldagi eng kichik ko’rsatkich B va F katakchalari orasida bo’lib, u 1 ga teng (B=odam va F=maymun). Ularning birlashuvidan hosil bo’lgan filogenetik daraxt shoxi uzunligi 0,5 ga teng (1/2=0,5) bo’ladi. Xuddi mana shunday tarzda, boshqa kataklar orasidagi ko’rsatkichlar hisoblab chiqiladi.
E’tibor bering, A va BF katakchalaridagi sonni topish uchun birinchi jadval ichidan A va B hamda A va F katakchalaridagi sonlar o’zaro qo’shilib, so’ng ikkiga bo’linadi, ya’ni 19,00+18,00=37/2=18,5. Qaysi katakchadagi raqamlar qo’shilayotganligini tushunishingiz uchun ularni bir xil rangda ko’rsatib o’taman. Masalan, yuqoridagi holatni qizil rangda ifodalaganman. Ana endi C va BF katakchalariga yoziladigan sonni hisoblanishini ko’raylik, bu yerda ham xuddi yuqoridagi kabi avvalgi jadvaldan C va B hamda C va F katakchalaridagi sonlar o’zaro qo’shilib, so’ng ikkiga bo’linadi: 31,00+32,00=63,00/2=31,5 (sariq rangda). Jarayon xuddi mana shu taxlitda davom ettiriladi.
Hosil bo’lgan yangi jadvaldagi eng kichik sonni qidiramiz. Bu yerda shunday son 8. Ushbu son A va D orasida turibdi, demak AD ko’rinishida ularni birlashtiramiz va yuqorida ko’rsatilganidek hisoblashda davom etamiz. Qaysi kataklardagi raqamlar qo’shilayotganini ularning ranglaridan farqlab, tushunib olishingiz mumkin bo’ladi. A va D filogenetik daraxtda yonma-yon joylashadi, ular joylashgan shoxning uzunligi o’zaro 4 ga teng. Bu ko’rsatkich yuqoridagi ular orasidagi farqni ikkiga bo’lish orqali topiladi: 8/2=4.
Hosil bo’lgan ushbu yangi jadvaldagi eng kichik sonni izlaymiz, bu yerda u 12,50 bo’lib, BF va G orasida turibdi. Bu degani G filogenetik daraxtda BF ga qo’shni shoxda joylashadi. Hosil qilinadigan jadvaldagi raqamlar ham xuddi yuqoridagi kabi hisoblab boriladi, ya’ni AD va BFG orasidagi raqamni topish uchun avvalgi jadvaldan AD va BF orasidagi raqam AD va G orasidagi raqamga qo’shilib, so’ng ikkiga bo’linadi (qizil rangli katakchaga qarang). BF va G filogenetik daraxtda yonma-yon shoxlarda joylashadi deb aytdik. Ular joylashgan shoxning uzunligi ular orasidagi farqli sonni ikkiga bo’lish orqali topiladi: 12,50/2=6,25. Lekin chap tomondagi shoxda BF avvaldan bor edi, ularning shoxlari 0,5 ga teng ekanligini aytgan edik. Demak ushbu holatda 6,25 dan 0,5 ni ayrib, ana undan so’ng hosil bo’lgan sonni ko’rsatamiz. Bu yerda BF uchun umumiy hisoblangan shox G bilan umumiy hosil qilinayotgan shoxgacha 5,75 ga farq qiladi, ya’ni shuncha uzunlikda bo’ladi.
Hosil bo’lgan ushbu jadvaldan ko’rinib turibdiki eng kichik ko’rsatkich AD va BFG orasida turibdi. Demak ularni birlashtiramiz va ko’rsatkichlarni xuddi yuqoridagi kabi hisoblab topamiz. Qaysi katakchalar o’zaro qo’shilayotganligini ularning ranglariga qarab topib, tushunishingiz mumkin. Filogenetik jadvalda BFG va AD shoxlari umumiy shoxda joylashadi. Umumiy shoxgacha bo’lgan masofani ularning o’zaro farqini ikkiga bo’lish orqali topiladi: 15,80/2=7,90. Lekin bir narsaga e’tibor berish lozimki, AD shoxlarning uzunligi 4,0 ekanligini yuqorida aytgan edik, yoki BFG shoxlarining umumiy uzunligi 6,25 ekanligini ham aytgan edik. Shundan kelib chiqqan holda AD va BFG umumiy shoxga mos ravishda 3,90 (7,90-4,00=3,90) va 1,65 (7,90-6,25=1,65) uzunlikdagi shox orqali birlashadi.
Yuqorida hosil bo’lgan jadvaldagi eng kichik son ADBFG va C orasida joylashgan. Demak ushbu ikki kataklarni xuddi yuqoridagi usulda birlashtiramiz. Filogenetik daraxt shoxini ham yuqorida ko’rsatilganidek quramiz.
E’tibor bersangiz jadvalda faqatgina bir dona raqam qoldi, bu ADBFGC va E orasidagi raqam, demak E ushbu filogenetik daraxtda oxirgi bo’lib ADBFGC shoxlariga qo’shiladi. Ularning orasidagi raqamni ikkiga bo’lish orqali shoxlarning uzunligini topiladi. Shox uzunligi ADBFGC shoxlari uchun tadbiq qilishda yuqorida ko’rsatilgan usul qo’llaniladi.
Dostları ilə paylaş: |