U siyosiy fikr tarixida birinchilardan bo‘lib «shaxs», «jamiyat» va «davlat» tushunchalarining tahlilini beradi hamda shaxsni jamiyat va davlatdan yuqori qo‘yadi. Lokkning fikricha, inson tug‘ilganidan boshlab tabiiy huquqlarga ega bo‘ladi. «Hayot» yoki «yashash», «erkinlik» va «mulkka ega bo‘lish» huquqlarini ana shu huquqlar jumlasiga kiritadi. U xususiy mulkka ega bo‘lish huquqini quyidagicha asoslaydi. Birinchidan, xususiy mulkka ega bo‘lish insonning o‘zini va uning oilasining yashashi uchun zarur ehtiyojni ta’minlash uchun kerak, inson zarur narsalarga ega bo‘lgan taqdirdagina o‘zining rivojlanishiga alohida e’tibor berishi mumkin. Xususiy mulk mutlaq qadriyat emas, aksincha, erkin jamiyatga erishish vositasidir. Insonlar mulk jamg‘arishda erkin bo‘lishlari kerak. Ikkinchidan, mulkka ega bo‘lish insonning individualligi shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Davlat jamiyatga, jamiyat o‘z navbatida shaxsga bo‘ysunishi lozim. Davlat va jamiyat bir narsa emas, davlat hokimiyatining qulashi jamiyat rivojining tugaganidan dalolat bermaydi. Jamiyat yangi davlat hokimiyatini o‘rnatishi lozim. Davlat shaxs huquqlarini himoya qilish maqsadida faoliyat ko‘rsatadi. U shaxsdan kuchliroq bo‘lishi mumkin emas, chunki shaxs jamiyatni, jamiyat esa davlatni tashkil etadi. Lokk qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati bo‘lishini yoqlaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatga ustuvorlik beradi, chunki u davlatning siyosatini belgilaydi deb ko‘rsatadi.
Fransiya ma’rifatparvari Sharl Lui Monteskyo (1689–1755) o‘zining «Qonunlar ruhi» asarida «idora etish tarzi»ga yoki «qonunlar ruhi»ga ta’sir etuvchi omillarni ko‘rsatib beradi. «Ko‘pgina narsalar – iqlim, din, qonunlar, idora etish shakllari, o‘tmish saboqlari, axloq, odatlar xalqning umumiy ruhining natijasi sifatida insonlarni boshqaradi», – deb yozadi Monteskyo.
Liberalizm – lotincha «liberalis» – ozod, erkin so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, Yangi davrning birinchi tarixiy g‘oyasi sifatida vujudga kelgan. Uning paydo bo‘lish tarixi Yevropadagi XVII–XVIII asrlarda bo‘lib o‘tgan burjua inqiloblari davriga borib taqaladi, ya’ni liberalizm feodal tartiblar va xristian cherkovi hukmronligiga qarshi olib borilgan kurashlar jarayonida siyosiy ta’limot sifatida shakllangan.