Imperatorlarni rom etgan Kleopatra O‘z ukasi bilan hokimiyat uchun kurashda Misr malikasi Kleopatra Yuliy Sezardan yordam so‘raydi. Miloddan avvalgi 48-yilda ular uchrashadi. Shundan so‘ng ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar paydo bo‘ladi. Sezarning yordami bilan Kleopatra Misrda hukmronlikni qo‘lga oladi. Misr esa defakto, Rim protektoratiga aylanadi va ularning Ptolomey ismli o‘g‘li dunyoga keladi. Sezar vafot etgan paytda Rimda bo‘lgan Kleopatra zudlik bilan o‘z yurtiga qaytib ketadi.
Sezar – diktator O‘zining siyosiy va harbiy faoliyati davomida Sezar mutlaq hokimiyat uchun kurash olib bordi va bunga erishdi ham. Barcha unvon va vakolatlarni o‘zida jamlab, raqiblarini yo‘q qilib yoki ularning vakolatlarini cheklab tashlaydi. Barcha vakolatli mansablarga o‘z yaqinlarini qo‘yadi. Senatorlar va sudyalarning vakolatlarini ham cheklashga erishadi. Unda cheksiz hokimiyat jamlangan edi.
Miloddan avvalgi 44-yilning 14-fevral kuni u Senatdan o‘zini umrbod diktator (Dictator perpetuo) etib nomlanishiga erishdi. Ushbu voqealar norozilik va xavotirlarni ko‘paytirdi. Uning oxirgi kunlari yakunlanayotgan edi. Dictator perpetuo vakolati barcha imperatorlarda bo‘lishiga qaramasdan, Sezar hech qachon imperator bo‘la olmadi.
Sezar – yozuvchi Harbiy va siyosiy sahnada qanchalik yuksak bo‘lsa, ijod borasida ham Sezar shunchalik yetuk shaxs edi. Yoshlikdan barcha ilmlarni egallagan, ijod bilan shug‘ullanib, she’r va dostonlar yozgan, ammo ular bizgacha yetib kelgan emas deb hisoblanadi. Uning grammatikaga oid “De analogia” degan asari ham mavjud. Shuningdek, “Fuqarolik urushlariga sharh” asari ham ancha mashhur.
Uning eng ko‘p tanilgan asari “Galliyaga qilingan urushlar sharhi” asaridir. Bu asarda o‘zining bugungi Fransiya hududida istiqomat qilgan qadimgi gallarga qarshi urushlari haqida, uchinchi shaxs tilidan hikoya qiladi. Ancha xolis bo‘lishga harakat qilganiga qaramasdan, o‘zining muvaffaqiyatlarini oshirib ko‘rsatish va martabasini ko‘tarish maqsadida yolg‘onlarni ham ishlatgan.
Asarni yozayotgan paytda uning dushmanlari turli mish-mishlar tarqatayotgan edi. Chunki Galliyadagi g‘alabadan so‘ng u ikkinchi marta konsullikka o‘z nomzodini ko‘rsatishga urinayotgandi.
Sezar Galliyada Sezar boylik va obro‘ to‘plash maqsadida mustaqil ravishda Galliyaga urush qilishga qaror qiladi. Gallar unga tramplin vazifasini o‘tab beradi. Miloddan avvalgi 58-yilda u o‘zini Alpning g‘arbiy qismidagi gallar, Alporti gallari va Illiriya prokonsuli deb e’lon qilinishiga erishdi.
U birinchi navbatda helvetlarga qarshi urush e’lon qildi. Bu paytda Galliya mustaqil, shu bilan birga o‘zaro dushman bo‘lgan 60 ga yaqin millatdan iborat birlik edi. Ularning orasida Rimga xayrixohlari ham bor edi. Sezar galliyalik qabilalarni birin-ketin egalladi. Galliya urushlari 58-yildan 51-yilgacha davom etdi. Sezar Galliya bilan qanoatlanmay, Britaniya va Germaniyaga ham bordi.5
Foto: Wikipedia
Unga qarshi kurashgan gallarning liderlaridan biri bu Versingetoriksdir. Miloddan avvalgi 52-yilda o‘z atrofida konfederatsiya tuzib, Sezarga qarshi urush qildi. Sezar ustidan g‘alaba ham qilgan, ammo qo‘shindagi intizomsizlik sababli oxir oqibatda mag‘lub bo‘lib, hibsga olingan. Bu esa Galliyaning egallanishini yakuniga yetkazgan. U bir necha yil qamoqda o‘tirganidan so‘ng bo‘g‘ib o‘ldiriladi.
Gallarning Yuliy Sezar va rimliklarga qarshi kurashi Fransiya xalq og‘zaki ijodida ko‘p uchraydi. Ular ichida eng mashhuri, shubhasiz, Asteriks va Obeliksning sarguzashtlari haqidagisidir. Bu qahramonlar haqida bir qator multfilm va badiiy filmlar suratga olindi. “Asteriks va Obeliks Sezarga qarshi”, “Asteriks va Obeliks: Kleopatra missiyasi”, “Asteriks olimpiyada o‘yinlarida”, “Asteriks va Obeliks hazrati oliyalarining xizmatida” filmlari o‘zbek tomoshabinlariga ham tanish. Bundan tashqari Asteriks haqidagi komikslar Fransiya va butun dunyoda mashhur.