35 Buxoriy hadislaridagi iqtisodiy gʻoyalar
Imom Buxoriy oʻziga xos ijtihodi bilan fiqh ilmining ham peshvosi boʻlgan. Ammo ulamolar nazdida fiqh ilmidagi oʻrni hadisshunoslikdagidek, ochiq-ravshan namoyon boʻlmagan. Bunga sabab fiqhdagi ijtihodining barchasi maxfiy hisoblanadi. Shu sababli fiqh borasidagi peshvoligi faqat ikkita ish bilan chegaralanib qolgan. Birinchisi, ulamolar haqqiga maqtovlar aytib, “Faqih” deb sifatlagan boʻlsa, ikkinchisi, Imom Buxoriy oʻz “Sahihi”da tuzgan boblarning sarlavhalari fiqhda peshvo boʻlganiga ishora qilgan.Demak, ulamolarning Imom Buxoriyni olqishlab, “Faqihlarning sayyidi”, deb sifatlashi uning hadis ilmidan tashqari fiqhda ham peshvo boʻlganiga dalil boʻladi.
Imom Buxoriyning kotibi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq aytadi: “Hoshad ibn Ismoilning bunday deganini eshitdim: “Men Basra shahrida boʻlganimda, Muhammad ibn Ismoilning bu shaharga kelayotganini eshitib qolib, uni kutib olish uchun chiqdim. U kelgan vaqtda Muhammad ibn Yosar : “Bugun bu shaharga faqihlarning sayyidi kirib keldi”, deb olqishlab kutib oldi” Ahmad ibn Yosar aytadi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻira Juʼfiy ilm tolibi, odamlarning suhbatdoshi va hadis yoʻlida safar qilib, unda mohir edi. Hadisdagi bilimi va yodlash qobiliyati juda kuchli boʻlib, shu bilan birga, fiqh ilmini ham oʻrganar edi” Imom Buxoriyni fiqh ilmida Imom Ahmaddan afzal koʻrganlar ham topiladi. Abu Musʼab Ahmad ibn Abu Bakr Madaniy bir davrada: “Muhammad ibn Ismoil bizning nazdimizda Imom Ahmaddan koʻra faqihroq edi”, dedi. Bu paytda unga shu yerda oʻtirganlardan biri eʼtiroz bildirib: “Chegaradan oshirib yubording”, dedi. Abu Musʼab unga javoban aytdi: “Agar Imom Molikni hayotlik chogʻida topib, uning yuziga nazar qilib, keyin Muhammad ibn Ismoilning yuziga qaraganingda edi, albatta, ikkalasi fiqh va hadis ilmida barobar ekan, deb aytar eding” Yaʼqub ibn Ibrohim Davroqiy aytadi: “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir” [3.2/22]. Shunga oʻxshash gapni Naim ibn Hammod ham Imom Buxoriyni sifatlab aytgan [3.2/24]. Isʼhoq ibn Rohavayh bunday degan: “Ey yoshlar jamoasi! Bu yosh yigitga eʼtibor bering va undan hadis yozib oling. Agar u Hasan ibn Abu Hasan (Hasan Basriy) zamonida yashaganida edi, hadis va fiqh ilmini oʻrganishda, albatta, unga odamlarning ehtiyoji tushar edi”
Shunga oʻxshash Imom Buxoriyning fiqhdagi mavqei haqida gapirib oʻtgan baʼzi ulamolar uning haqqiga mana shunday sifatlar bilan koʻp maqtovlar bitgan. Oʻz oʻrnida bu maqtovlar xuddi ulamolar tomonidan Imom Buxoriyning fiqhda peshqadam ekaniga ijmoʼ qilganga oʻxshaydi. Biz fiqh borasida uning haqqiga aytilgan ochiq va maʼnoli maqtovlarni keltirishni lozim topdik. Qolaversa, uni “Faqihlarning sayyidi”, deb sifatlab, hatto Imom Ahmaddan afzal qilib, Imom Molikka tengladik. Bularning barchasi shak-shubhasiz Imom Buxoriyning fiqhda peshqadam boʻlganidan dalolatdir.
Imom Navaviy “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhi choʻzilib ketganidan uzrlanib, bunday degan: “Agar odamlarning gʻayrati va intilishi zaiflashmaganda va keng hadis kitoblarga qiziqishi kamaymaganda edi, albatta, “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhimni takror kelgan hadislarni kiritmasdan 100 mujalladga yetkazgan boʻlar edim. Chunki bu kitobning foydasi koʻp va u islom qonunshunosligidagi maxfiy va zohir uslublarni qamrab olgan asardir” Imom Buxoriyning fiqh borasida peshvoligiga sabab boʻlgan omil, yaʼni oʻz “Sahihi”da tuzgan boblarning sarlavhalari uning fiqhda peshvo boʻlganini koʻrsatishi borasida Hofiz ibn Hajar bunday degan: “Imom Buxoriy oʻzi yozgan “Sahihul Buxoriy” kitobi fiqhiy foydalar va chuqur maʼnoli gaplardan xoli boʻlmasligini bilgach, oʻzining aqlu farosati bilan hadis matnlaridan koʻpgina foydalarni chiqarib olib, ularni hadisning maʼnosiga munosib boʻlishiga qarab, kitobning boblarida sarlavha oʻrnida keltirdi. Yana u yerda hukm oyatlariga eʼtibor berib, ulardan fiqh borasida asosli dalillarni chiqarib oldi va ularni tafsir qilishga ishora qilib, keng yoʻlni ochib berdi” [6.10].
Yana ulamolarning ijmosi shuni koʻrsatadiki, Imom Buxoriyning sahih hadislarni ajratib, saralagandan keyingi maqsadi hadis matnlaridan koʻpgina maʼnolarni chiqarib olish boʻlgan. Aynan shu yoʻl u kishining fiqhi hisoblanadi Imom Buxoriyning fiqhda peshqadam boʻlganini bildiradigan sabablardan yana biri “Sahihul Buxoriy”ni sharhlagan ulamolarning shariat ilmida oʻz oʻrni boʻlganiga qaramay, uning maqsadini bayon qilishda har xil qarashlar bildirganidir. Kimki sharhlovchilarning “Sahihul Buxoriy”da boblar uchun tuzilgan mavzulardagi maqsadni yoritib berishdagi soʻzlarini va oʻsha mavzudagi dalillarni oʻqisa, Imom Buxoriyning fiqh borasida peshqadamligiga yana bir bor ishonch hosil qiladi.
Dostları ilə paylaş: |