32-bob. Televideniye va radioeshittirish obyektlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 1-§. Televizion studiyalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 451. Ko‘rsatuv va unga tayyorgarlik ko‘rish (repetitsiya) vaqtida yong‘inga qarshi rejimga rioya qilinishini nazorat qilish uchun studiya va apparat xonalari bo‘yicha javobgar shaxslar tayinlanishi kerak.
452. Televizion studiyalarni akustik qoplamalari bilan qoplash uchun ovoz yutuvchi yonmaydigan yoki qiyin yonuvchi material va konstruksiyalardan foydalanish kerak. Akustika konstruksiyalarini mustahkamlash va o‘rnatish uchun asoslar yonmaydigan yoki qiyin yonuvchi materialdan ishlangan bo‘lishi kerak.
453. Pavilonlarda chekish, ochiq olovdan (mash’ala, sham, kandelyabr va boshqalardan) foydalanish, yoyli projektorlar ishlatish hamda o‘q otish, feyrverk va olovli effektlar tashkil etish qat’iyan taqiqlanadi. Suratga olish jarayonida olovli effektlardan foydalanishga zarurat tug‘ilsa, ya’ni o‘q otish va portlash holatlarini imitatsiya qilish yong‘in xavfsizligiga to‘liq kafolat beruvchi maxsus uskunalar yordamida hamda yong‘indan saqlash xizmati vakillarining kuzatuvida amalga oshirilishi kerak.
Aktyorlarning sigareta chekishi lozim bo‘lgan sahnalari apparat studiya kompleksining navbatchi muhandisi bilan kelishilgan holda olib borilishi lozim.
454. Televizion studiyalarda ishlatiladigan barcha yonuvchi dekoratsiyalar va pardozlash materiallariga olovdan himoya qiluvchi tarkib bilan ishlov berilishi (shimdirilishi) kerak.
Obyekt rahbarida esa ushbu ishlarni kim tomonidan, qachon bajarilganligi (sanasi) va amal qilish muddati ko‘rsatilgan dalolatnoma bo‘lishi shart.
455. Pavilonlarda dekoratsiyalarni saqlash joylariga aniq belgilar qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Boshqa dekoratsiyalar maxsus omborxonalarda (seyf va boshqalarda) saqlanishi kerak. Ko‘rsatuvlar tugagach studiyadan ortiqcha bo‘lgan dekoratsiyalar olib tashlanishi zarur.
456. Elektr shchitlar atrofida har xil buyumlarni joylashtirish taqiqlanadi.
457. Osma va qiya hamda pastki yorug‘lik agregatlarining yoritkichlari metall yoki shisha to‘rli himoya qalpoqlari bilan himoyalangan bo‘lishi shart.
458. Elektr taqsimlovchi shchitlarga, aloqa vositalariga, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalariga va uskunalariga borish va o‘tish yo‘laklari hamda chiqish joylarini to‘sib qo‘yish qat’iyan man etiladi.
459. Dekoratsiyalarni qurish va o‘rnatishda erkin harakatlanadigan yo‘lak to‘sib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida dekoratsiyalar orasidagi yoki dekoratsiya va devor orasidagi erkin harakatlanadigan yo‘lakning kengligi 1,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
460. Pavilonlarda dekoratsiyalarni o‘rnatish devorlar va elektr taqsimlash moslamalaridan 1,5 m dan kam bo‘lmagan masofa qoldirib o‘rnatiladi. Darvozalar qarshisida va ulardan har tomonga 3 m dan kam bo‘lmagan yo‘lak qoldirilishi shart.
461. Yoritish uskunalari shift, balkon va boshqalarning ostida joylashtirilganda uskunaning ustki qismidan shiftgacha hamda dekoratsiya, balkon va boshqalarning eng yaqin yon taraflarigacha bo‘lgan masofa yoyli yoritkichlar uchun 0,8 m va cho‘g‘lanma lampali yoritkichlar uchun 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
462. Elektr yoritish uskunalarini o‘rnatish uchun osma havoza, taxtasupa va boshqa moslamalar mustahkam materiallardan ishlangan bo‘lishi va uskunalarning tushib ketish ehtimolini oldini olishga qaratilgan moslamalar bilan ta’minlangan bo‘lish kerak.
463. Odamlar o‘tadigan va og‘ir yuklarni olib o‘tish yo‘laklarining pol qismidan o‘tkazilgan (yotqizilgan) elektr sim va kabellar olovdan himoya qilish tarkibi bilan ishlov berilgan yog‘ochli o‘tish ko‘priklari bilan himoyalanishi kerak.
464. Ko‘chma yoritkichlar korpuslarining himoya darajasi har kuni ish boshlanishidan oldin tekshirilishi va himoya darajasi susaygan yoritkichlar zudlik bilan almashtirilishi zarur.
465. Lampalar va yoritqichlardan chiqayotgan issiqlikni pasaytirish uchun tabiiy shamollatish tashkil etilishi zarur. Lampalar boshqa buyumlarga tegib ketishidan va zarbadan himoyalanishi lozim. Shishasi qorayib qolgan va shishib chiqqan lampalar zudlik bilan almashtirilishi kerak.
466. Telestudiyalarda quyidagi umumiy majburiy talablarni bajarish zarur:
a) sahnalashtirishga aloqasi bo‘lmagan shaxslarning ishtirok etishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
b) ochiq turdagi tok taqsimlash shchitlari va saqlagichlarni o‘rnatmaslik;
v) projektorlarning nurlarini filtr qilish sifatida sellofan va boshqa yonuvchi materiallardan foydalanmaslik, yonmaydigan materiallardan ishlangan rangli filtrlar metall qisqichlari yordamida mustahkam qotirilgan bo‘lishi kerak;
g) vaqtincha o‘tkazilgan elektr simlardan foydalanmaslik;
d) ish vaqti tugagandan so‘ng elektr yoritqichlar va elektr tarmoqlarini kuchlanish ostida qoldirmaslik;
e) ma’muriyatni xabardor qilmasdan ta’mirlash ishlarini olib borish.
Ushbu talablar bajarilishini ko‘rsatuvlar davomida, yozish yoki repetitsiyalar vaqtida nazorat qilish telestudiya rejissoriga, u yo‘qligida esa tegishli bo‘linmaning navbatchi smena boshlig‘iga yuklatiladi.
467. Televizion ko‘rsatuvlarning sahnalarini jihozlash uchun har xil turdagi elektr asbob-uskunalardan (motorlar, ventilyatorlar, elektr sirenalari, pasaytiruvchi transformatorlari mavjud elektr qo‘ng‘iroqlar va boshqalardan) elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng foydalanishga ruxsat etiladi.