31-bob. Davolash muassasalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 434. Shifoxona rahbari har kuni bemorlarga javob berish va yangilarini qabul qilish ishlari tugatilgandan so‘ng shifoxonaning xar bir binosida mavjud bemorlarning va tibbiyot xodimlarining soni to‘g‘risida tuman (shahar) yong‘in-qutqaruv bo‘linmasiga xabar berishi shart.
435. Qishloq joylarda joylashgan davolash muassasalarining har bir binosi bittadan narvon bilan ta’minlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang. 436. Harakati cheklangan bemorlar doimo bo‘ladigan shifoxonalar va boshqa davolash muassasalarining binolari, har beshta bemorga (nogironligi bo‘lgan shaxsga) bir dona hisobida sanitar zambillari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart. Shifoxonalarda og‘ir bemorlar va bolalar uchun mo‘ljallangan xonalarni binoning pastki qavatlarida joylashtirish kerak.
(436-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son) 437. Bemorlar xonalaridagi karavotlar o‘rtasidagi oraliq masofa 0,8 m dan kam bo‘lmasligi, markaziy (asosiy) yo‘lakning kengligi esa 1,2 m dan kam bo‘lmasligi shart. Stullar, tumbochka va boshqa mebellar evakuatsiya yo‘llarini va eshiklarini to‘sib qo‘ymasligi kerak.
438. Bemorlar xonalariga (palata) kislorod berish, qoida tariqasida, markazlashgan holda alohida o‘rnatilgan ballonlar qurilmasi (ballonlar soni 10 tadan ortiq bo‘lmagan) orqali yoki markaziy kislorod tayanch maskanidan (ballonlar soni 10 tadan ortiq bo‘lsa) amalga oshirilishi kerak.
Markazlashgan holda kislorod bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, kislorod yostiqchalardan foydalanish tartibi muassasa rahbarining buyrug‘i bilan belgilanadi.
Bir dona kislorod ballonini muassasa binosining olovga bardoshli tashqi devori oldida yonmaydigan shkaf ichida o‘rnatishga ruxsat etiladi.
439. Davolash muassasalarida quyidagilar taqiqlanadi:
a) bemorlar xonalari joylashgan korpuslarda davolash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan (loyihalash me’yorlarida belgilanganlaridan tashqari) boshqa xonalarni joylashtirish;
b) yo‘laklarda, xoll va boshqa evakuatsiya yo‘llarida karavotlar o‘rnatish;
v) bemorlar va tibbiyot xodimlari bo‘ladigan xonalarning derazalariga metall panjaralar o‘rnatish;
g) yog‘ochli devorlar va shiftlarga gulqog‘oz yopishtirish va ularni yonuvchi nitro yoki moyli bo‘yoqlar bilan bo‘yash;
d) xonalarni pardozlash uchun yonganda zaharli moddalar chiqaradigan materiallardan foydalanish;
e) kislorod ballonlarini davolash muassasalarining binolari ichiga o‘rnatish va ulardan foydalanish;
j) bemorlar xonalariga kislorod yuborish uchun rezina va plastmassa quvurlardan (shlangdan) foydalanish;
z) nosoz davolash elektr jihozlaridan foydalanish;
i) isitish pechlarining o‘t yoqish eshiklarini bemorlar xonasiga o‘rnatish;
k) davolash muassasalarining yerto‘la va tsokol qavatlarida ustaxona va omborxonalarni joylashtirish.
440. Suv qaynatgich, suv isitgich va titanlar o‘rnatish, tibbiyot asboblarini sterilizatsiya qilish hamda parafin va ozokeritlarni eritish (isitish, qizdirish) ishlari faqat shu maqsad uchun alohida ajratilgan xonalarda amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. Tibbiyot asboblarini qaynatish uchun yopiq spiralli sterilizatorlardan foydalanish kerak. Ushbu maqsadda kerogaz, kerosin lampalari va primuslardan foydalanish taqiqlanadi.
441. Laboratoriyalar, bo‘limlar, shifokorlar xonalarida dori vositalari va reaktivlarni (spirt, efir va shu kabi boshqa yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni) yopiladigan maxsus metall shkaflarda umumiy miqdori 3 kg dan ko‘p bo‘lmagan hamda o‘zaro biri-biri bilan saqlash mumkinligini inobatga olgan holda saqlashga ruxsat etiladi.
442. Pech yordamida isitiladigan yog‘ochli binolarga 25 nafardan ortiq bemorlar va bolalarni joylashtirish taqiqlanadi.
443. Hajmi 300 kg dan ortiq bo‘lgan rentgen plyonkalarini saqlash xonalari alohida turgan binolarda joylashtirilishi kerak, hajmi 300 kg dan kam bo‘lgan holda 1-turdagi yong‘inga qarshi devor va orayopmalari bilan to‘sib ajratilgan saqlovxonalarda saqlashga ruxsat etiladi. Rentgen plyonkalarini saqlash arxiv saqlovxonalaridan qo‘shni binolargacha bo‘lgan masofa 15 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
444. Arxiv saqlovxonasining bitta bo‘limida (seksiyasida) 500 kg dan ortiq bo‘lmagan rentgen plyonkasini saqlashga ruxsat etiladi. Har bir bo‘lim (seksiya) o‘zining tortuvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi zarur. Seksiya eshiklari faqat tashqariga ochilishi kerak. Arxiv saqlovxonalaridagi derazalar maydonining pol maydoniga nisbati 1:8 dan kam bo‘lmasligi kerak.
445. Arxiv saqlovxonalarini isitish tizimi markazlashtirilgan bo‘lishi kerak. Ularni isitish uchun bug‘li isitish tizimi, temir pechlar va vaqtinchalik temir quvurli pechlardan foydalanish taqiqlanadi.
446. Arxiv saqlovxonalarida elektr qutilar, o‘chirish moslamalari, elektr qo‘ng‘iroqlar va shtepsel ulagichlar (elektr asbob, rozetka) o‘rnatish taqiqlanadi. Ishdan tashqari vaqtda arxiv saqlovxonalaridagi elektr tarmog‘i elektr manbaidan o‘chirilgan bo‘lishi shart.
447. Rentgen plyonkalarini 4 kg gacha bo‘lgan miqdorda arxiv saqlovxonasidan tashqarida joylashgan temir shkaflarda (qutilarda) va ushbu shkaflarni isitish asboblaridan 1 m uzoqlikda joylashtirilgan holda saqlashga ruxsat etiladi. Bunday shkaflar o‘rnatilgan xonalarda chekish va barcha turdagi isitish asboblaridan foydalanish taqiqlanadi.
448. Rentgen plyonkalarini saqlash arxiv saqlovxonalari metall (asbest ustidan temir tunika bilan o‘ralgan yog‘och) stellajlar yoki chuqurligi va uzunligi 50 sm dan ortiq bo‘lmagan bo‘limlarga bo‘lingan shkaflar bilan jihozlanadi. Shkaflardan devor, deraza, shift va polgacha bo‘lgan masofa 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
449. Fizioterapiya bo‘limlari va xonalarida polni qoplash hamda davolash xonalari uchun pardalar tayyorlashda statik elektrni hosil qiladigan va to‘playdigan sintetik materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
450. Tibbiy cho‘milish basseynlarida suvni zararsizlantirish maqsadida ishlatiladigan xlor zaxirasini saqlash uchun xlorning iste’mol ombori bilan ta’minlash kerak. Yerto‘laga yoki binoga tutashgan yer sathi darajasidan past bo‘lgan boshqa xonaga xlorlash qurilmasini va xlorni saqlash omborishi joylashtirish taqiqlanadi.
Xlorlash qurilmasi va xlorni saqlash omborlari joylashtirilgan xonalarda yonuvchi materiallarni saqlashga ruxsat etilmaydi.