F E T I SH I Z M - (fetish – fransuz tilidagi «fetiko» - yasalgan tumor, but, sanam degan so'zlardan olingan) moddiy buyumlarda g'ayritabiiy xususiyatlar borligiga ishonib, jonsiz narsalarga sig'inishdir.
Fetishizm terminini ilk bor Golland sayyohi V.Botsman qo‘llagan bo‘lsa ham, fransuz olimi Sharl de Brosning 1760 yilda yozilgan “Fetishizm haqida” asaridan so‘ng ommalashib ketdi. Uning fikriga ko‘ra, ibtidoiy odam uchun uning atrofini o‘rab turgan narsalar fetish bo‘lib xizmat qilgan. Keyinchalik “fetish”larga xos bo‘lgan ilohiy obrazlar – sanam, but, haykalchalar yaratilgan. But va tumorlar g‘ayritabiiy dunyodan keladigan ilohiy qudrat timsoli sifatida tasavvur qilingan.
Ibtidoiy odam ongida har xil moddiy buyumlar – tog', qoya tosh, daraxt, keyinchalik turli hayvonlarning suyagi, pati, tumor, sanam va hokazolarda g'ayritabiiy kuchlar bor, degan tasavvur paydo bulgan. O'zlari vujudga keltirgan bunday kuchlarga o'zlari sig'ina boshlaganlar. Ibtidoiy din shakllaridan biri bo'lgan fetishizm barcha halqlarda diniy tasavvurlar shakllanishi bilan uzviy bog'liqdir.
Fetishizm politeistik (kup xudolik), hatto monoteistik (yakka xudolik) dinlarida hozirgacha saqlanib kelmoqda. Masalan, buddaviylikda Budda haykallari, xristianlarda krestga (xochga) sig'inish, Markaziy Osiyo xalqlarida esa o'simlik turlarini – sedana, ko'ztikan, qalampirmunchoq, achchiq qalampir, isiriq, chilonjiyda, daraxtlardan – yong'oq, chinor, archa va boshqalar muqaddaslashtirilib, boshqa buyumlarga, shu jumladan odamlarga ta'siri yoki yordami bo'lishi mumkin degan tasavvur paydo bo'lgan. SHuningdek, muqaddas joylarga sig‘inish, daraxtlarga latta bog‘lash, is chiqarish, qabrlarni ilohiylashtirish, ularning mo‘‘jizaviy kuchiga ishonish fetishizmning o‘ziga xos ko‘rinishidir.
Fetishizm diniy ibodatning ajralmas qismidir. Hozirgi vaqtda ba'zi soddadil, mutaassiblarning turli tumor, ko'zmunchoq va hokazolarni taqib yurishlari, daraxtlarga latta-puttalarni osishi, is chiqarishi shunday jismlarni ilohiylashtirish, ularning mo''jizaviy kuchiga ishonish fetishizmning diniy e'tiqoddagi eng xarakterli ko'rinishi va qoldig'idir.