Xayriya yordamlari ko‘rsatish ham missionerlikdagi eng qadimiy va samarali usullardan biri hisoblanadi. Bunda turli xil ma’rifiy tadbirlar uyushtirilib, ularga asosan yoshlar jalb etiladi. Ishtirokchilarga xristian adabiyotlarini ham o‘z ichiga olgan sovg‘alar ulashiladi, tadbir so‘ngida albatta ibodat va Bibliya o‘qish ham bo‘ladi. Zilzila, toshqin, ocharchilik kabi ofatlarning sodir bo‘lishi missionerlar uchun ayni muddao hisoblanadi. Qaerda yuqoridagidek holatlar yuz bersa o‘sha erga birinchi bo‘lib missionerlar etib borishadi. Dastlab ular o‘zlarini beg‘araz yordam ko‘rsatayotganlarini ko‘z-ko‘z qilib, asta-sekin asl maqsadlarini ko‘rsatadilar. Aslida missionerlar hech qachon, hech kimga beg‘araz yordam ko‘rsatmaganlari va ko‘rsatmasliklarini ham unutmaslik lozim. Bunga dalil sifatida quyidagi misolni keltirishimiz mumkin. 2003 yilda Qirg‘iziston bosh vaziri bilan uchrashuv chog‘ida, AQSH ning YUTA shtati delegatsiyasi rahbari Rassel Nelson o‘z shtatidan Qirg‘izistonga insonparvarlik yordamining ko‘paytirilishi Qirg‘iziston xududida Mormon cherkovi faoliyatining nechog‘liq tez qonuniylashtirish bilan bog‘liq ekanini qayd qilgan. Rossiya Federatsiyasining Federal Xavfsizlik Xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Mormon cherkovlari rahbariyati NATOga kiruvchi mamlakatlar maxsus xizmatlari vakillaridan iboratdir. Ularning bunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazishga urinishlari, jamiyat ongida ularning ijobiy imidji shakllanishi va o‘zaro munosabatlarning, shuningdek, mahalliy xokimiyat vakillari bilan ham yaxshilanishiga olib keladi.
Tibbiy va ta’lim-tarbiya sohalariga maxsus kadrlarni yuborish ham eng qadimiy usullardan biridir. Hozirgi kunda bir qator missioner jamoalar ushbu usuldan samarali foydalanishmoqda. Jumladan, ma’lumotlarga ko‘ra “Ettinchi kun Adventistlari” jamoasi dunyoning turli chekkalarida 200 dan ortiq bepul shifoxonalarga ega. “Ruhiy tiklanish” missionerlik assotsiatsiyasining ma’lumot byulletenlarida bayon qilingan, mintaqaviy missioner markazlarni rivojlantirish konsepsiyasida tibbiy missiyalarning asosiy vazifasi: “Yangi cherkovlarni tuzish va evangellashtirish”, deb belgilanganini qayd etish lozim. Misol uchun, 2002 yilda Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga Janubiy Koreyadan xirurglar, terapevtlar va pediatr vrachlar guruhi tashrif buyurdi. 2003 yil iyulida esa xuddi shunday tashrif bilan endi CHkalovsk shahriga yana sakkizta missioner vrachlar kelishgan.
Missionerlarning yoshlar bilan ishlashda bir necha usullari mavjud: talabalar, bolalar uchun missiyalar, yozgi oromgohlar shular jumlasidandir. Hozirgi kunda “Xalqaro xristian oromgohlari” assotsiatsiyasiga MDH ning 7 mamlakatida 177 oromgoh a’zo bo‘lgan. Ushbu oromgohlar dasturi shunday ishlab chiqilganki, mavsum oxiriga borib u erda dam olgan bola xristianliknini qabul qiladi.
Hozirgi kunda misssionerlik tashkilotlari xristianlikni targ‘ib qilishda audio, video va elektron mahsulotlar, ro‘znoma va oynomalar, teledasturlar, internetda onlayn o‘quv kurslari tashkil etish yo‘llaridan ham faol foydalanmoqda. Jumladan, missionerlik mazmunidagi kassetalar ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi ko‘p sonli xalqaro agentliklar faoliyat yuritmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi eng yirik tashkilot- Global Recordings bo‘lib, u 21 milliy agentlikni birlashtiradi va xozirgi kunga kelib 4562 til va lahjada mahsulot ishlab chiqarmoqda.
Yevropa va Amerika qit’alarida missioner da’vatchilar mashhurlilik borasida shou-biznes va kinosanoat yulduzlaridan qolishmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, televidenie orqali da’vat qilishdan eng ko‘p Adventistlar va To‘liq Injil Xristianlari jamoalari foydalanishadi.
MDH hududida ham bir qator missionerlik dasturlari efirga uzatilmoqda. Jumladan, Rossiyaning “TV-3” kanali orqali butun MDH ga uzatiladigan «Kennet Kouplend missiyasi»ga qarashli “Iymonli kishining baralla ovozi” dasturi, bundan tashqari Pyatidesyatnik yo‘nalishiga tegishli “CNL”, “ICB” kabi telekanallar Injilni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
Internet tarmog‘ida ham missioner tashkilotlar o‘z sahifalariga ega. berilgan. Ushbu saytlarda missionerlarga turli maslahatlar, jumladan musulmonlarni protestantlikka o‘tkazish haqida tegishli ko‘rsatmalar va missiologiya bo‘yicha o‘quv kurslari berib boriladi.
Din milliy ma’naviyatning tarkibiy qismi, millatni birlashtirib turuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Bir tilda gaplashadigan, umumiy tarix va yagona davlatga ega bo‘lgan, ammo turli dinlarga yoki diniy yo‘nalishlarga e’tiqod qiladigan millatlar hamon ichki milliy birlikni ta’minlay olmayotgani, kichkina bir sabab qayta-qayta nizoli vaziyatlar va fuqarolar urushining kelib chiqishiga zamin yaratayotgani va mamlakatlar o‘z taraqqiyotida o‘nlab yillarga orqada qolib ketayotgani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
Livan aholisining 90 foizdan ortig‘ini arablar tashkil etadi. Rasmiy til arab tili hisoblanadi. Ammo livanliklarning bir qismi islomga (sunniy, shia, druz), qolgan qismi xristianlikka (maroniy, pravoslav, katolik) e’tiqod qilishi natijasida milliy birlikni ta’minlash qiyin kechmoqda. Mamlakatning amaldagi qonunchiligida davlat boshqaruv idoralarining diniy belgilar asosida shakllantirilishi mustahkamlab qo‘yilgani esa, ko‘pgina hollarda xilma-xil omillar ta’sirida uning to‘laqonli faoliyatiga to‘siq bo‘lmoqda. Musulmonlar va xristianlar o‘rtasida vaqti-vaqti bilan kelib chiqayotgan fuqarolar urushi esa bu birlikni ta’minlashni yanada mushkullashtirayotgani fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Turli millat va din vakillari istiqomat qilib kelgan YUgoslaviyaning Serbiya, Sloveniya, Xorvatiya, Makedoniya, CHernogoriya, Bosniya va Gersegovina kabi davlatlarga parchalanib ketgani ham etnokonfessional ziddiyatlar qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligining hayotiy-amaliy ifodasidir.
Masalaning ana shu jihatiga e’tibor berilsa, missionerlik harakatlari ortida diniy zaminda millatni ichidan bo‘lib tashlashga qaratilgan g‘arazli siyosiy maqsadlar yotganini va u keltirib chiqaradigan fojialarni anglab etish mumkin.
Bu, missionerlar o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarga erishadigan bo‘lsalar ular faoliyat olib borayotgan mamlakatda ham xalqning parokandalikka yuz tutishi va ma’naviy tanazzulning kelib chiqishi mumkinligi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.
Missionerlarning bugungi kundagi faoliyati hech bir mintaqa, hech bir davlat bunday tahdiddan holi emasligini ko‘rsatadi. Bunday holatlarning oldini olish uchun esa missionerlikning mohiyatini to‘g‘ri va chuqurroq anglash, uni bartaraf etish yo‘lida maqsadli, tizimli va tadrijiy faoliyat olib borish zarur bo‘ladi.