Tarbiyasi og‘ir o‘spirinlar jismoniy jihatdan sog‘-salomatdirlar, biroq ularning ta’lim- tarbiyasi buzilgan. Ular o‘z tengdoshlaridan o‘qishda ortda qoladilar, chunki ularda xotira, tafakkur va tasavvur hislari yaxshi rivojlanmagan.
Garchi ular o‘zlariga qiziqarli narsani bajarishsa ham, ular mehnat qilishni yoqtirishmaydi, o‘zlarini biror ishni bajarishga majbur qila olmaydi, tizimli shug‘ullana olishmaydi. Tarbiyasi og‘ir o‘spirinlar maktab intizomi va tartibini buzishadi, o‘qishni xohlashmaydi, o‘qituvchilar, tengdoshlar, ota-ona bilan nizolashadilar. Maktabni tashlab ketishadi, o‘zlarini omadsiz deb bilishadi, daydilik qilishadi, spirtli ichimlik, giyohvand moddalar iste’mol qilishadi, huquqbuzarliklar sodir etishadi. Ba’zan o‘spirinlar jismoniy yoki jinsiy zo‘rlik oqibatida o‘z jonlariga qasd qilishadi.
O‘spirinlarning pedagogik jihatdan tarbiyalanmaganliklari ijtimoiy pedagogik hodisa bo‘lib, oilaviy va maktab tarbiyasining kamchiligidir, maktabdan tashqari tarbiya ishining qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilganligi natijasidir. Amaliyotda isbotlanganidek, o‘spirinni o‘rab turgan muhit shakllari odatda ijtimoiy pedagogik darajalari, yo‘nalishlari, o‘spiringa ta’sir qilish jihatidan turli bo‘ladi. Agar oila, maktab, maktabdan tashqari muassasalarda bolani tarbiyasiga ta’sir etuvchi omillarni nazorat qilsa, ko‘cha-ko‘yda ularni boshqarish ancha qiyin bo‘ladi. Bu tarbiya jarayonida aks etmasligi mumkin emas. Chunki o‘spirinlar bo‘sh vaqtlarining aksariyatini aynan ko‘chada o‘tkazishadi. U yerda ularda muloqot, ya’ni eng muhim ijtimoiy ehtiyojlardan biri shakllanadi. O‘quvchi o‘spirinlar uchun asosiy faoliyat bu o‘qishdir. Biroq o‘qish tarbiyasi og‘ir o‘spirinlar uchun o‘qituvchilar va tengqurlarining hurmatini qozona olish vositasi emas. Shuning uchun ular o‘zlariga muhim bo‘lgan faoliyatni maktabdan tashqarida izlashadi. Aynan shu yerda, o‘zi kabi o‘spirinlar davrasida ularga yomon xislatlar va qo‘polliklari uchun tanbeh berishmaydi, aksincha bu kamchiliklarni kattalik alomati deb bilishadi.
Biroq hozirgi kunda maktabda, yashash joylarida, mahallalarda bolalar bilan birgalikda ijtimoiy ish olib borish amaliyoti paydo bo‘lmoqda. Bu faoliyat tuman, mahalla, hamda maktabda ta’lim-tarbiya ishlarini olib borishning yagona rejasi bo‘yicha va barcha ijtimoiy xizmatlarni bolalar tarbiyasi va himoyasi muammosini yechish uchun birlashtiradi. Yagona reja bo‘yicha ish yuritish maktab pedagogik jamoasining faoliyatini tubdan o‘zgartiradi. Pedagoglar maktabdan tashqari bolalar muassasi, sinf rahbarlari, guruh tarbiyachilari faoliyatiga qo‘shilishadi va ular bilan yaqin hamkorlikda bo‘lishadi.
Bu faoliyatda asosiy e’tibor bolaga qaratiladi, shuning uchun pedagogik jamoa faoliyati maktab devorlari ichida qolib ketmaydi, ular bolaga, oilasiga, bolalar birlashmalariga, tengdoshlar muhitiga murojaat qilishadi.
Pedagogik tarbiyasi og‘ir bolalar bilan ishlashda ijtimoiy pedagog maktab va maktabdan tashqari jamoaning ularning xulq-atvoriga ta’sirini o‘rganadi. Ular bilan ish olib borishda yaxshi natijalarga erishish uchun bir qator shartlarni bajarishi lozim:
O‘spirin bilan aloqa o‘rnatish;
O‘spirin bilan o‘zaro yaxshi munosabatlarni o‘rnatish;
Uning reaksiyasi, fikri, intilishlari, qiziqishlari, kelajakdagi rejalarini o‘rganish.
Psixolog A.B.Filonov tomonidan ishlab chiqarilgan pedagogik texnologiya ham samarali hisoblanadi. Unda ijtimoiy pedagogning o‘spirin bilan aloqasining bir nechta bosqichlari ko‘rsatilgan:
1.qarashlarida roziliklarning to‘planishi; 2.uning qiziqishlarini bilib olish;
3.xarakteridagi salbiy xususiyatlarning sabablarini tushunish; 4.uning shaxsiyatidagi salbiy xislatlarini o‘rganish;
5. yurish-turish va o‘zaro munosabatning umumiy normalarini ishlab chiqish1.
Yu.V.Vasilkova tarbiyasi og‘ir o‘spirinning tarbiyasiga bosqichma-bosqich yondashuvni ilgari suradi2: