Ijtimoiy pedagogning tarbiyasi og‘ir o‘spirinlar bilan ish olib borishi. Maktab ijtimoiy pedagogining asosiy muammosi tarbiyasi og‘ir o‘spirinlar, ya’ni 12-16 yoshli o‘g‘il- qizlardir. Bu davr shaxs shakllanishi jarayonida nihoyatda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga ham o‘smirlik tarbiyachilar uchun ham qiyin davrdir.
O‘spirinlik yoshida bolaning hayot sharoitlari va faoliyati ancha o‘zgaradi, ruhiyatining qayta qurilishi ro‘y beradi. Tengqurlari bilan muomala qilishning yangi shakllari paydo bo‘ladi. Jamoada o‘spirinning ijtimoiy maqomida o‘zgarishlar ro‘y beradi,ota-onalar va ustozlar tomonidan unga talablar kuchayadi
Bu yoshda o‘spirinning vaqtinchalik oila va maktabda ruhiy ajralishi sodir bo‘ladi. O‘spirinning shakllanishida ota-onaning ahamiyati pasayadi. Odatda u rasmiy jamoa va norasmiy muomala guruhini tanlash bilan band bo‘ladi va oxir oqibat o‘zini qulay sezadigan, unga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan guruhni tanlaydi. Bu sport, texnika to‘garagi bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga bu guruh o‘smirlar yig‘ilib, ichib-chekib o‘tiradigan yerto‘la ham bo‘lishi mumkin.
Bu yoshda o‘spirinlarning kattalar, xususan, ota-onalar bilan muammolari paydo bo‘ladi. Ota-ona o‘z farzandiga yosh bolaga bo‘lganday qarashadi, bola esa bu g‘amxo‘rlikdan chiqib ketmoqchi bo‘ladi. Shuning uchun uning kattalar bilan munosabatida ko‘p nizolar kelib chiqadi, bolada kattalar fikrlariga tanqid bilan qarash kuchayadi. Kattalar bilan munosabatlar xarakteri ham o‘zgaradi: bo‘ysunish pozitsiyasidan bola tenglik pozitsiyasiga o‘tmoqchi bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida tengdoshlar bilan ham o‘zaro munosabatlarning xarakteri o‘zgaradi. O‘zpirinda kattalik hissi tug‘iladi va bu xissiyot mustaqil bo‘lishga intilish, kattalarning xohish- istaklariga qarshi chiqishda namoyon bo‘ladi. Kichkina bolaga qaraganda o‘spirinning qiziqishlari ham ancha o‘zgaradi. O‘spiringa ijodiy faoliyatga intilish bilan bir qatorda qiziqishlarning beqarorligi ham xosdir.
Shunday qilib, o‘spirinlik yoshining quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ajratsak bo‘ladi: emotsional voyaga yetmaganlik, o‘z xulq-atvorini to‘liq nazorat qila olmaslik, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun imkoniyat va xohishlarini to‘g‘ri baholay olmaslik, katta bo‘lishga intilish.
O‘spirin yetarlicha voyaga yetgan shaxs emas. U insonning eng muhim xislatlari va jihatlari shakllanishi bosqichida bo‘lgan shaxsdir. Bu bosqich bolalik va kattalik o‘rtasidagi davrdir. Shaxs hali o‘zini katta deb hisoblashi uchun yetarli rivojlanmagan, biroq shu bilan birga atrofdagilar bilan munosabatga kirishish jarayonida o‘z harakatlarida ijtimoiy me’yor va qoidalar talablariga amal qilishi uchun yetarli rivojlangan.
O‘spirin aqlli qarorlar qabul qilishga, ongli harakatlar sodir etish uchun axloqiy va huquqiy jihatdan mas’ul bo‘lishga qodir. Shuni ta’kidlash joizki, o‘spirin o‘z xatti-harakatlari uchun huquqiy javobgarlikka tortiladigan shaxsdir. Garchi qonun voyaga yetmaganlarning ijtimoiy psixologik rivojlanishini inobatga olib, ular uchun cheklangan javobgarlikni belgilasa ham, katta o‘spirinlik va o‘smirlik davrini shaxsiy javobgarlik bilan xarakterlanadigan yosh deb qabul qilsak bo‘ladi.