Jamoa tadbirkorligi bir guruh fuqarolarning o`zlariga ma’qul bo`lgan mulkchilik shakllarida jamoalarga birlashib, jamoa korxonalarini tashkil etishlari va shu asosda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlaridir. Jamoa tadbirkorligi faoliyati firmalar faoliyatida o`z ifodasini topadi. Firma muayyan turdagi mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatishga ixtisoslashgan, bozordagi talab va taklifga qarab ish tutadigan, iqtisodiy jihatdan erkin va mustaqil korxonadir. Firmalarning turlari juda ko`p, ularni quyidagicha tasvirlash mumkin (2.2.1-rasm).
Firma (korxona) turlari
Xususiy firmalar
Shirkat firmalar
Davlat korxonalari
Aralash firmalar
Mas’uliyati cheklanmagan jamiyat
Mas’uliyati cheklangan jamiyat
-qo`shma korxonalar
-konsern
-konsorsium
-Konsessiya
-kooperativ
Xususiy firma deganda ayrim shaxs yoki oilaga tegishli, yakka xususiy mulkka asoslanib faoliyat yuritadigan korxona tushuniladi.
Shirkat firma bir necha sohibning mulkini birlashtirish va tadbirkorlikdan olinadigan foydani baham ko`rishga asoslangan sherikchilik korxonasidir.
Shirkat firmalarining ikki turi mavjud:
-mas’uliyati cheklanmagan jamiyatlar;
-mas’uliyati cheklangan jamiyatlar.
Mas’uliyati cheklanmagan jamiyatlar ikki yoki undan ko`proq kishilarning mulki asosida yuzaga keladi. Sheriklarning dastlabki mulki firmaning ustav kapitali deyiladi. Bu kapitalga har bir sherik o`z hissasini qo`shadi. Ular ustav fondiga qancha pul qo`ysa, shu hissaga binoan foyda olishadi. Bordi-yu firma sinsa, sheriklar zararni hamjihatlikda ko`taradi, ya’ni bir sherik boshqasining javobgarligini ham zimmasiga oladi.
Shirkat a’zolari o`rtasida tuzilgan bitim shirkatning huquqiy asosi hisoblanadi. Bu bitim quyidagi bandlarni o`z ichiga oladi:
- har bir hamkorning vakolati;
- bitimning muddati;
- har bir vakilning umumiy ishga qo`shgan ulushi;
- daromadlar va yuz berishi mumkin bo`lgan zararlarni o`zaro bo`lish yo`l-yo`riqlari;
- uyushma mablag`laridan har bir hamkorning olishi mumkin bo`lgan aniq va belgilangan pul hajmi;
- uyushmada amalga oshirish zarur bo`ladigan moliyaviy ishlar tartibi;
- yangi hamkorni qabul qilish tartibi;
- shirkatni tarqatib yuborish tartibi.
Shirkatga davlat, kooperativ, jamoa va boshqa tashkilotlar, shuningdek xorijiy tashkilotlar va fuqarolar ham qonun yo`l qo`ygan hollarda a’zo bo`lishi mumkin.
Mas’uliyati cheklangan shirkat firmalarning ustav fondi faqat ta’sischilar mablag` (aksiya)lari hisobiga barpo etiladi. Jamiyat qatnashchilari qo`shgan ulushlari doirasida javobgar bo`ladi. Shirkat o`z faoliyati uchun ustav fondi miqdorida javobgar hisoblanadi.
Mas’uliyati cheklangan shirkat firmalar nomiga «limited» so`zi qo`shiladi, bu inglizcha so`z bo`lib, «cheklangan» ma’nosini bildiradi.
Mas’uliyati cheklangan firmaning bir qator turlari mavjud. Ularning eng keng tarqalgan shakli aksiyadorlik jamiyatlari va korporatsiyalardir. Aksiyadorlik jamiyatlarini tuzish va faoliyatini tashkil qilish tartibi O`zbekiston Respublikasining «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonunda ifodalangan. Ushbu qonunning 2-moddasiga muvofiq: