2. GIDROTЕXNIKA VA GIDROTЕXNIKA INSHOOTLARI HAQIDA UMUMIY MA‘LUMOTLAR
2.1. Gidrotexnika va gidrotexnika inshootlari tushunchasi
Gidrotexnika deganda maxsus inshootlar, jihozlar va qurilmalar yordamida suv resurslaridan foydalanish va suvning zararli ta‘sirlariga qarshi kurashishni o’rganish bilan shug’ullanuvchi fan va texnikaning tarmog’i tushuniladi.
Suv ta‘sirida bo’lgan va xalq xo’jaligining suvni boshqarish bilan bog’liq talab va ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladigan injenerlik inshootlariga gidrotexnika inshootlari deb ataladi. Ular yordamida qishloq xo’jaligi, sanoat, energetika, baliqchilik, suv transporti, kommunal xo’jalik va boshqa sohalarning suv bilan bog’liq faoliyatlari ta‘minlanadi.
Yerlarni sug’orish va zax qochirish bilan bog’liq bo’lgan tadbirlarni amalga oshirish uchun quriladigan inshootlar meliorativ inshootlar deyiladi. Ular ikki guruhga: tabiiy suv o’zanlari (daryolar, soylar, jilg’alar) va sun‘iy suv o’zanlari (kanallar, zovurlar) inshootlariga bo’linadi.
Vazifasiga ko’ra gidrotexnika inshootlari suvni dimlovchi, suv o’tkazuvchi (eltuvchi), suv oluvchi, suv chiqazuvchi va har xil balandlikdan o’tuvchi oqimlarni yoki b‘eflarni tutashtiruvchi va boshqa turlarga bo’linadi.
Daryo va soylar o’zanlari yoki ulardan tashqarida quriladigan to’g’onlar, kanallardagi to’suvchi inshootlar suvni dimlash vazifasini bajaradi.
Sug’orish va zax qochirish tarmoqlaridagi kanallar, akveduklar, dyukerlar, tunellar, novlar va quvurli inshootlar suv o’tkazuvchilar turiga kiradi.
Suv oluvchi inshootlar asosan daryolarda quriladi. Ular to’g’onli yoki to’g’onsiz bo’lishlari mumkin.
Suv omborlari yoki kanallardagi ortiqcha suvni chiqarib tashlash vazifasini bajarish uchun suv tashlovchi inshootlardan foydalaniladi.
Iste‘molchiga kerakli miqdordagi (sarfdagi) suvni olib berish uchun suv omborlari va kanallarda suv chiqarish inshootlari quriladi.
Har xil sathdagi b‘eflarni tutashtiruvchi inshootlar sharsharaklar va tezoqarlar shaklida barpo etiladi.
Yuqorida ko’rsatib o’tilgan asosiy turlardan tashqari, shuningdek, tindirgichlar, loyqa yuvgichlar, suv o’lchovchilar va shunga o’xshash maxsus vazifalarni bajaruvchi gidrotexnika inshootlari ham qurilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |