Tuproq ostidan sug’orishda suv tuproqning o’simlik ildizi faoliyat ko’rsatadigan faol qatlamiga tuproq ichiga o’rnatiladigan namlagichlar (masalan quvurlar) yordamida uzatiladi. Tuproqning yuqori qatlamidagi nisbatan chuchuk sizot suvlarining sathini sun‘iy usullar bilan ildiz qatlamigacha ko’tarish (subirrigatsiya) ham tuproq ostidan sug’orish turlariga kiradi.
Tomchilatib sug’orish tuproq osti sug’orish usulining turlaridan biri bo’lib, bunda suv quvurlar tarmog’idan maxsus tomchilatkichlar yordamida tuproqning bevosita o’simlik ildizi rivojlanadigan qatlamiga beriladi. Tomchilatib sug’orishda o’simlikning butun rivojlanish davrida tuproq namligi eng maqbul darajada ushlab turiladi. Shu sababli ushbu sug’orish usuli qo’llanilganda hosildorlik 20-50 % ga oshadi. Bundan tashqari ushbu usulni qo’llash suv sarfini 1,5 – 2 baravar tejash imkonini ham beradi.