Qishloq xo’jaligida yer resurslari va ulardan foydalanish samaradorligi


Qishloq xo’jaligida yer resursidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish yo’llari



Yüklə 354,5 Kb.
səhifə7/8
tarix10.06.2023
ölçüsü354,5 Kb.
#127966
1   2   3   4   5   6   7   8
QISHLOQ XO’JALIGIDA YER RESURSLARI VA ULARDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGI

4. Qishloq xo’jaligida yer resursidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish yo’llari.
Mamlakatimiz aholisining soni so’nggi yillarda 600-650 ming kishiga oshayotganligi, shu bilan birga sanoat korxonalari soni va ishlab chiqarish quvvatlarining ko’payishi qishloq xo’jalik mahsulotlariga bo’lgan talabni oshirmoqda. Ushbu talabni qondirish va mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun mavjud qishloq xo’jalik yerlaridan samarali foydalanish talab etiladi.
Yer resursidan foydalanishni yanada takomillashtirishda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg’or tajribalarini o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qishloq xo’jaligida yerdan foydalanish sohasida Xitoy tajribasi.
Xitoy Xalq Respublikasining hayratlanarli iqtisodiy o’sishi aynan qishloq xo’jaligidan boshlangan. 1978-yilning dekabr oyida Xitoyning Anxuey provinsiyasidagi Syaogang nomli qishlog’ida 21 ta oila yashar edi. Boshqa qishloqlar kabi bu yerda ham ocharchilik hukm surmoqda edi. Qishloq faollari tajriba o’tkazishadi: jamoa bo’lib ishlatilayotgan umumiy yerlarni o’sha 21 oilaga bo’lib berishga qaror qilishadi – har bir oila o’ziga biriktirilgan yerda dehqonchilik qilishi uchun.
Kichkina qishloqda o’tkazilgan mazkur kichkina islohot yaxshi natija berdi. Bu ijobiy natija xabari hokimiyat tepasiga kelgan va
“Islohot va ochiqlik siyosati”ni e’lon qilgan Den Syaopinga yetib boradi. 1979-yilda mamlakat rahbarlari o’rtasida turli fikr va qarashlar to’qnashadi va natijada hamma narsani jamoalashtirish, davlatlashtirish siyosatidan chekinib, qishloqlarda oilaviy dehqon va hunarmandchilik xo’jaliklarini tiklash, shaxsiy manfaatdorlik omilini kuchaytirish tarafdorlari ustun keladi – islohot o’tkazishga qaror qilinadi. Kichkinagina Syaogang qishlog’i tajribasi dastlab Xitoyning bir provinsiyasida sinab ko’rilib, yaxshi natijaga guvoh bo’lingandan keyin uni butun Xitoy miqyosida qo’llashga kirishiladi. 180 million oilaga avvaliga 1-3 yilga, keyin 50 yil va undan uzoq muddatga ijaraga yer ajratib beriladi. Natijada, 180 million oila iqtisodiy faol qatlamga aylana boshladi. Aynan shu omil barchasidan yuqori qo’yildi.
Saldan keyin “dehqon xo’jaliklari mas’uliyati siyosati” deb nom olgan tadbirlar amalga oshirildi. Bu tadbirlar doirasida dehqonlar o’zi yetishtirgan mahsulotning bir qismini erkin narxda sotishi mumkin qilindi. Qishloqlarda qishloq xo’jaligi mahsulotlari bozorlari vujudga keldi. Biroq bu boshlanishi edi. 1981-yilga kelib, 98 foiz ekin yerlari dehqon oilalari tasarrufida edi. Xitoy Konstitutsiyasida fuqarolarning xususiy mulkchilik huquqlari biriktirildi, bu ham qishloqlarda xususiy tashabbusni qo’llab-quvvatlovchi omil bo’ldi.
Dehqonlar o’z manfaatlarini ko’zlab, o’z ixtiyorlari bilan kichik kooperativlarga, keyin esa assotsiatsiyalarga birlasha boshlashdi. 1985yilda Xitoy o’zining ko’p sonli aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab, don eksport qila boshladi.
Xitoy dehqonlari boyigani sayin o’z ehtiyojlari uchun moddiytexnika resurslarini, sanoat mollarini sotib ola boshlashdi. Sanoat mollariga talab orta boshladi va bu sanoat rivojiga turtki berdi. Xususan, qishloq xo’jaligi mahsulotlarining ko’paygani qayta ishlash sanoati rivojini ta’minladi – “zanjir” ishga tushdi. Umuman olganda, Xitoy qishloqlarida o’tkazilgan islohot kichik xo’jaliklarni har tomonlama rivojlantirish zamirida ulkan salohiyat borligining yorqin namunasidir. Biz o’rganayotgan holatda, agrar sohasi islohoti boshqa barcha sohalarning rivojiga xizmat qildi, Xitoyning og’ir kunlarida siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minladi. 2004-yilga kelib Xitoy qishloqlarida 22 milliondan oshiq korxonalar yuzaga keldi, 138 million odam bu korxonalarda ish bilan band bo’ldi.
Xitoydagi qishloq xo’jaligi islohotidan olinadigan muhim xulosalar bor va aynan shu xulosalarni anglash biz uchun muhimdir. Xitoy qishloq xo’jaligida amalga oshirilgan ushbu islohot, ya’ni jamoa bo’lib ishlatilgan yerlarning oilalarga bo’lib berilishi ulkan o’zgarishlarni keltirib chiqardi – “zanjirli reaksiya”ni paydo qildi. Yana shuni aytish kerakki, Xitoy hukumatidan qishloqlarni isloh qilish deyarli hech narsa talab qilmadi, shunchaki jamoa xo’jaliklariga barham berilib, yerlar oilalarga bo’lib berildi. Sohada ijobiy o’zgarishlar esa o’z-o’zidan keldi – moddiy manfaatdorlikning yuksalishi hisobiga dehqonlarning faollashuvi orqali.
Bu kabi islohot O’zbekistonning yaqin tarixida ham amalga oshirilgan. Mustaqillikning ilk davrida yuzaga kelgan qiyin iqtisodiy vaziyatdan chiqib ketish uchun qishloq aholisiga shaxsiy yordamchi xo’jaliklarini yo’lga qo’yish uchun tomorqa sifatida yer ajratib berildi, jamoa va davlat xo’jaliklari yerlari oilaviy pudrat asosida oilalarga berildi. Aynan shu islohot natijasida iqtisodiy tang holatdan chiqib ketishga muvaffaq bo’lingan edi. Chunki bir necha million oila o’z yerida qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtira boshladi, yetishtirgan mahsulotlarini o’z iste’moli uchun sarfladilar, ortiqchasini mamlakat ichki bozorlarida sotdilar. Ayrim oilalar esa o’zlari yetishtirgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini MDH mamlakatlari bozorlariga olib borib sota boshladilar. Qishloqlarda iqtisodiy hayot “qaynadi”, mamlakatga valyuta kira boshladi. Bu holat davlat tomonidan hech qanday mablag’ sarflanmasdan, shunchaki yerda ishlashga xohish bildirgan oilalarga yer berish orqali amalga oshirildi. Tabiiyki, moddiy ahvoli yaxshilangan qishloq ahli o’zlariga kerakli tovarlarni sotib ola boshladi, xizmatlardan foydalandilar. Bu esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari – sanoat va xizmat ko’rsatishning rivojlanishiga turtki berdi. Xuddi Xitoydagi kabi zanjirli reaksiya ishga tushayotgan edi. Biroq, keyinchalik O’zbekistonda qishloq xo’jaligi tarmog’ida faoliyat yuritayotgan tovar xo’jaliklarini mustaqil dehqonlarga aylantirib borish, yer egalari sonini ko’paytirish o’rniga, aksincha, davlat buyurtmasi asosida faoliyat yurituvchi xo’jaliklarga aylantirish yo’lidan borildi.
So’nggi yillarda prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan qishloq aholisiga yerlarni ijara asosida berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, fermer xo’jaliklari yerlaridan “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga yerlar qisqa muddatli ijaraga berilmoqda. Bundan tashqari, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog’ida Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida ishsiz aholiga qishloq xo’jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik qilish bilan shug’ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishi, 2021-yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g’alladan bo’shagan yer maydonlari aholiga dehqon xo’jaligi tashkil etish uchun berilishini ma’lum qildi. Bu kabi islohotlar yerdan foydalanish bo’yicha rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg’or tajribalariga mos keladi va kelgusida o’zining ijobiy natijalarini beradi.
Ba’zi mamlakatlarda yer huquqlariga to’g’ridan-to’g’ri cheklovlardan tashqari bilvosita xarakterga ega, lekin undan kam bo’lmagan samaraga ega chora-tadbirlar ham muvaffaqiyat bilan qo’llanilmoqda. Masalan, ushbu maqsadlarda Angliyada quyidagi tartibga solish vositalari ishlatiladi: yer oldi-sotdi bitimlariga yuqori soliq stavkalari; yer sotib olishda kredit uchun yuqori foizlar; yerni sotib olish uchun kredit rasmiylashtirishda sezilarli byurokratik to’siqlar va hokazo.
Xorij mamlakatlarining yer resurslaridan foydalanish jarayonlarini boshqarish tajribalarini umumlashtirish quyidagi xulosalarni keltirib chiqarishga imkon beradi:

  • dunyoning hech bir mamlakatida yerga cheklanmagan mulkchilik mavjud emas, har qanday mulk shaklining amal qilishi jamiyat va davlat manfaatlarining ustunligini ta’minlashni inobatga oladi;

  • barcha rivojlangan mamlakatlarda davlat yer munosabatlarini huquqiy va iqtisodiy tartibga solish, yer resurslaridan foydalanish va ularni saqlash bo’yicha nazoratni amalga oshirish orqali yer munosabatlariga faol aralashadi;

  • yer bozori (ayniqsa qishloq xo’jalik yerlariga nisbatan) davlat tomonidan qat’iy chegaralanadi va nazorat qilinadi, bu yer uchastkalari bozori aylanmasi tezligida namoyon bo’ladi;

  • rivojlangan xorijiy mamlakatlarda yer resurslarini boshqarishda davlatning yetakchilik rolini saqlash uchun mulkchilikdan yer uchastkalari ijarasiga o’tish ustuvorligiga erishish tendensiyasi shakllanmoqda;

  • dunyoning barcha mamlakatlarida unumli qishloq xo’jaligi yerlarining noqishloq xo’jalik ehtiyojlari uchun ajratilishidan himoyalash maqsadida qishloq xo’jalik yer egaligi va yerdan foydalanishning ustuvorligi tamoyillari rasman e’lon qilingan va qat’iyan amalga oshiriladi.

Qishloq xo’jaligi yerlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish bo’yicha davlat siyosatini ishlab chiqishda rivojlangan davlatlarning ilg’or tajribalari, xalqimizning milliy mentaliteti va mahalliy sharoitlarni inobatga olish yuqori samaraga erishish imkonini beradi.
Respublika hududi o’ziga xos tuproq va iqlim sharoitiga ega bo’lib, tabiiy drenajning yetishmasligi, yer osti suvlari minerallashuvi darajasining yuqoriligi natijasida bir qator hududlar “birlamchi sho’rlangan”. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik va boshqa antropogen omillarning salbiy ta’siri natijasida ayrim hududlarda yerlarning “ikkilamchi sho’rlanishi” kuzatilib, 45,7 foiz sug’oriladigan yer maydoni turli darajada sho’rlangan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda yer resurslaridan samarali foydalanish talab etiladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2020-yilda 91 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritildi.
Yer resurslaridan to’liq va samarali foydalanish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish lozim:

  • yer islohotlarini doimiy takomillashtirib borish;

  • meliorativ holati yomonlashgan yerlarda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o’z vaqtida va sifatli amalga oshirish;

  • zamonaviy, samarali texnikalarni, ilg’or texnologiyalarni qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga joriy etish;

  • ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan almashlab ekishni yo’lga qo’yish;

  • ekologiyaga salbiy ta’sir ko’rsatmagan holda mahalliy va mineral o’g’itlardan oqilona foydalanish;

  • agrotexnik tadbirlarni sifatli va o’z vaqtida amalga oshirish;

  • ishchi va xizmatchilarni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni hal etish;

  • yer munosabatlarini takomillashtirish va erkinlashtirish.

Qishloq xo’jaligi yerlaridan oqilona foydalanish tadbirlarini quyidagi to’rtta guruhga ajratish mumkin:
1) tashkiliy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi:

  • ilmiy asoslangan yer tuzish;

  • hududlar bo’yicha ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish;

  • yagona yer monitoringi tizimini olib borish;

  • davlat yer kadastrini to’liq amalga oshirish;

  • davlat va jamoat ekspertizasini yo’lga qo’yish;

  • yerdan foydalanish va uni muhofazalash nazoratini kuchaytirish va hokazo.

2) huquqiy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi:

  • tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi normalarini takomillashtirish;

  • tabiiy resurslar qonunchiligi normalarini takomillashtirish;

  • yerdan foydalanish normalarini takomillashtirish;

  • ekologik huquqiy mexanizmni takomillashtirish;

  • yer huquqbuzarligiga nisbatan jazoning muqarrarligini ta’minlash va hokazo.

3) iqtisodiy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi:

  • holati yomon yerlarni imtiyozli soliqqa tortish;

  • tuproq muhofazasi tadbirlarini kreditlash;

  • qishloq xo’jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning yer va suvdan samarali foydalanish bo’yicha manfaatdorligini oshirish;

  • yerlarni rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) va meliorativ holatini yaxshi-lashga davlat tomonidan beriladigan ko’makni takomillashtirish va hokazo.

4) texnologik tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi:

  • yerlarni tubdan rekultivatsiyalash va meliorativ holatini yaxshilash texnologiyalarini ishlab chiqish;

  • almashlab ekish tizimini joriy etish va unga qat’iy amal qilish;

  • noqishloq xo’jalik va sanoat o’zlashtirishning yagona texnologiyasini yaratish;

  • yerlarni qayta tiklash texnologiyalarini joriy etish;

  • talab etiladigan joylarda ixotazorlar tashkil etish;

  • erroziyaga qarshi kurash tadbirlari va sellarning salbiy oqibatlari oldini olish inshootlarini barpo etishni yanada rivojlantirish va hokazo.



Yüklə 354,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin