Quyoshman deb lof urib qolding,
Jinchiroqqa o‘xshaysan, kechir. Bo‘sh jismingga kimdir yog‘ quyib, Piligingni ko‘tarar kimdir. Ushbu she’rda quyosh – jinchiroq assotsiativ juftligi yuzaga kelgan. Quyosh va jinchiroqning yorug‘likni ta’minlashi shoir xotirasida ularning bir-birini tiklashiga turtki bergan. Bu tarzda assotsiativ birliklarning hosil bo‘lishi ekstralingvistik omilga, ya’ni so‘z anglatgan predmetlar vazifasidagi o‘xshashlikka bog‘liq.
Shoirning quyidagi she’rida esa assotsiativ aloqa yondoshlik asosida yuzaga kelganligi kuzatiladi:
Yulduzimiz bormish ikkimizning ham, Samo ungurida porlarmish go‘yo. Vaqt kelar va sovuq osmon qa’ridan Ikkisi ham bo‘lar emish zim-ziyo. Ushbu she’r sarlavhasiz bo‘lib, unda yulduzning porlashi, vaqt kelib uning so‘nishi tafsiloti aks etgan. Demak, she’rda yulduz so‘zi turtki so‘z vazifasini o‘tagan. Bu turtki so‘zga nisbatan samo unguri, porlamoq, sovuq osmon qa’ri, zim-ziyo bo‘lmoq assotsiativ birliklari yuzaga kelgan. Berilgan assotsiativ birliklardan porlamoq assotsiatsiyasi yulduz turtki so‘zining lug‘aviy ma’nosini ochishga xizmat qilgan.
Ma’lumki, yulduz so‘zi “1 Qizigan gaz (plazma)lardan tarkib topgan, tabiatiga ko‘ra Quyoshga o‘xshaydigan, kechasi nur sochuvchi nuqta bo‘lib ko‘rinadigan osmon jismi”53ni anglatadi. Ko‘rinadiki, porlamoq assotsiatsiyasi yulduz so‘zining “nur sochuvchi” semasiga oydinlik kiritish vazifasini bajargan. Shu jihatdan ushbu assotsiatsiyani lisoniy omil asosida hosil bo‘lgan deyish mumkin.
She’rdagi samo unguri, sovuq osmon qa’ri, zim-ziyo bo‘lmoq assotsiativ birliklari ekstralingvistik omillarga ko‘ra hosil bo‘lgan. Jumladan, samo unguri, sovuq osmon qa’ri, zim-ziyo bo‘lmoq assotsiativ birliklari obrazli fikrlash asosida hosil bo‘lgan, metaforik ma’noli birliklardir. Ushbu metaforalarga xos assotsiativlik ularning obrazlilik tabiatni anglashga yordam bergan. Sovuq osmon qa’ri assotsiativ birligida shoirning salbiy baho munosabati aks etgan.
Tahlillar asosida xulosa qilish mumkinki, til birliklarining assotsiativ aloqasi ularga xos belgilarning o‘xshashligi yoki bu belgi-xususiyatlarning yondosh xususiyat ekanligiga ko‘ra yuzaga keladi.
Badiiy matnda qo‘llangan muallif assotsiatsiyalari ijodkor lisoniy ongidan o‘rin olgan til birliklarining o‘zaro aloqa-bog‘lanishini ko‘rsatuvchi birliklardir. Rus olimasi N.S.Bolotnovaning qayd etishicha, assotsiatsiyalar matn leksik strukturasi elementlari o‘rtasidagi aloqani hamda borliq yoki ong hodisalari, shuningdek, boshqa so‘zlarning ular bilan muvofiqlashuvini kitobxon ongida aktuallashtiruvchilardir. 54 Ushbu xulosani O.Matjonning hazil-mutoyiba janrida yozilgan “Tayoqlar” she’ri misolida dalillaymiz:
Birlarin “ot” etib bolalar Chopishar qishloqning yo‘lida. Birlari egilar – yoy bo‘lar, O‘q otar birovlar qo‘lida.
Birlari chollarga yo‘ldoshdir; Keksalik yukiga ko‘nadi. Birlarin “xizmati” sal boshqa: Kimningdir boshida sinadi... Ushbu she’rda shoirning tayoq bilan bog‘liq tasavvurlari: bolalarning tayoqni ot qilib yurishi, tayoqning egilib yoy qilinishi, tayoqdan o‘qotar qurol qilinishi, tayoqning chollar uchun hassa vazifasini o‘tashi, kimlarningdir boshida kaltak vazifasini bajarishi kabilar aks etgan. Shoir tasavvurida tiklangan bu voqeliklarni badiiy matnga “ko‘chirish”da tayoq(lar) turtki so‘zi bilan assotsiativ bog‘langan quyidagi birliklarga murojaat qilgan: “ot” etmoq, egilmoq, yoy bo‘lmoq, o‘qotar, chollarga yo‘ldosh, (tayoq) boshida sinmoq. Ushbu birliklardan “ot” etmoq, chollarga yo‘ldosh birliklari shoirning individual xarakterdagi assotsiatsiyasi hisoblanadi. “Ot” etmoq so‘zi anglatgan ma’no adabiy tilimizda “ot” yasamoq birikmasi orqali ifoda etiladi. Chollarga yo‘ldosh assotsiativ birligi shoirning subyektiv munosabatini ifodalashga xizmat qiladi. Ammo egilmoq, yoy bo‘lmoq, o‘qotar, (tayoq) boshida sinmoq assotsiativ birliklari tayoq (lar) so‘ziga nisbatan boshqa til egalarida ham oson tiklana oladi. Chunki bu birliklar tayoq so‘zining assotsiatsiyalari sifatida tilda assotsiativ me’yorga aylangan. Faqat nutq jarayonida ulardan qaysi birining xotirada tiklanishi til egalarining tasavvurlari bilan bog‘liqdir. Shu ma’noda ushbu assotsiativ birliklar ham shoirning “individual” assotsiatsiyalari sanaladi.
Ko‘rinadiki, tildagi assotsiativ aloqani ifoda etuvchi birliklar nutqqa “ko‘chirilganda” individual xarakter kasb etishi mumkin.
O.Matjon she’rlarida assotsiativ aloqa turtki so‘z va assotsiativ birliklar munosabatida hamda she’rdagi o‘zaro assotsiativ bog‘langan so‘zlar orasida kuzatiladi. Turtki so‘z va assotsiativ birlik o‘rtasidagi assotsiativ aloqa bevosita aloqa, she’rdagi assotsiativ birlikning boshqa so‘z bilan aloqaga kirishib, so‘ngra turtki so‘z bilan bog‘lanishi esa bilvosita aloqa hisoblanadi. Anglashiladiki, bevosita aloqada assotsiativ birlik turtki so‘z bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lansa, bilvosita aloqada assotsiativ birlik turtki so‘z bilan bevosita bog‘langan assotsiativ birlik orqali munosabatga kirishadi. Boshqacha aytganda, bunday aloqa bog‘li aloqa bo‘lib, ketma-ketlikka asoslangan. Ya’ni: stimul so‘z – assotsiativ birlik – assotsiativ birlik tarzidagi aloqa. Birinchi assotsiativ birlik turtki so‘z bilan bevosita bog‘lansa, keyingi assotsiativ birlik turtki so‘z bilan bilvosita aloqaga kirishadi.
Shoirning sarlavhali she’rlarida turtki so‘z vazifasini she’r sarlavhasi bajargan. Assotsiativ birliklar shu turtki so‘zga nisbatan hosil bo‘ladi. Ayrim manbalarda badiiy matnda turtki so‘zni belgilashda boshqa fikrlar ham uchraydi. Y.A.Tirishkinaning fikricha, asarda muallifga ahamiyatli bo‘lgan har qanday so‘z turtki so‘z bo‘la oladi. 55 Tadqiqotimizda sarlavhani turtki so‘z deb belgiladik. Chunki sarlavha sifatida berilgan so‘z, so‘z birikmasi, gapning mazmun-mohiyati she’rda ochib beriladi. She’rdagi barcha so‘zlar u bilan semantik, assotsiativ jihatdan bog‘lanadi.
Quyida O.Matjonning “Shohizinda” deb nomlangan she’rida turtki so‘z va assotsiativ birliklar orasidagi assotsiativ aloqani tahlil qilamiz: