Moyli bo‘yoqlar. Moyli bo‘yoqlar pigmentlarni oliflarda maxsus bo‘yoq
qorgich mashinalarda sinchiklab aralashtirib tayyorlanadi. Qorish natijasida bir
xil tarkibli suspenziya hosil bo‘ladi. Bunda deyarli har bir pigment zarrachasi
atrofida qisman unga shimilgan olif bog‘lovchisi asosidagi qobiq hosil bo‘ladi.
Moyli bo‘yoqlar quyuq qorilgan (pastasimon) va suyuq qorilgan tarkiblarga
bo‘linadi. Quyuq qorilgan bo‘yoq tarkiblari ishlatishdan oldin olif yoki
emulsion suyultirgichlarda normal konsistensiyagacha suyultirib olinadi.
Suyuq qorilgan bo‘yoq tarkiblarida 40-50% gacha olif bog‘lovchisi bo‘lib,
ishlatishga tayyor holda ishlab chiqariladi.
Tayyorlangan bo‘yoqlar quyqalarsiz bir jinsli bo‘lishi, ma’lum muddat
konsistensiyani saqlab turishi, rangi bo‘yicha etalonga mos bo‘lishi kerak.
Moyli bo‘yoqlar nurga va atmosfera muhitiga chidamli bo‘lishi, tekis
yuzali qoplama hosil qilishi kerak.
Moyli bo‘yoq tarkiblari ishlatilgan pigmentlar va bog‘lovchilar hamda
qo‘shimchalar turiga qarab ishlatilish sohalari belgilanadi.
Qo‘rg‘oshinli belila va surik asosida metall, yog‘och va boshqa
konstruksiyalarni korroziya muhitidan himoyalash uchun ishlatiladigan bo‘yoq
tarkiblar tayyorlanadi. Juda sifatli moyli bo‘yoqlar tabiiy (natural) oliflar va
tabiiy mineral pigmentlar yoki nodir metall oksidlari asosidagi pigmentlarni
ishlatib olinadi.
Sun’iy oliflar asosida olingan bo‘yoq tarkiblar atmosfera muhitiga
chidamsiz bo‘lgani uchun asosan binolarni ichki tomondan bezashda
ishlatiladi.
Moyli bo‘yoqlarni odatda metall konstruksiyalarni korroziyadan
saqlashda, yog‘och konstruksiyalarni, rom va eshiklarni namdan
himoyalashda, pollarni va nam tegishi mumkin bo‘lgan devorlarning pastki
qismlarini bezashda ishlatish tavsiya etiladi.
Moyli bo‘yoqlar qurishi davrida hajmi o‘zgarmaydi va mayda yoriqlar
hosil bo‘lmaydi.