Qurilishda loyihalashtirishning iqtisodiy asoslari, hamda quvvat-hozir.org
Qurilish ishlab chiqarishini va qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini rivojlantirishni rejalashtirish. Qurilish ishlab chiqarishi va qurilish-montaj tashkilotlari quvvatini rivojlantirish rejasi - umummilliy kapital qurilish rejasining muhim qismidir. Ushbu rejani shakllantirish va amalga oshirish nuqtai nazaridan uni shartli ravishda ikki qismga ajratish mumkin. Birinchisi qurilish ishlab chiqarishi rejasi. Unga tarmoqlar va hududlar bo‘yicha qurilish-montaj ishlarining jami hajmi kiradi. Ikkinchidan, qurilish-montaj tashkilotlari quvvatini rivojlantirish, bu bozor munosabatlari sharoitida qurilish-montaj tashkilotlarining asosiy vazifasi bo‘lib, unda mavjud imkoniyatlarga asoslanish lozim.
Bu reja uch bo‘limdan tashkil topgan:
1) ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlarini ishga tushirish;
2) pudrat asosidagi qurilish-montaj ishlari hajmi;
3) qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini rivojlantirish.
Agar ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlarini ishga tushirish asosan natural o‘lchov birliklarida amalga oshirish rejalashtirilayotgan bo‘lsa, u holda qurilish-montaj ishlari hajmi pullik ifodada rejalashtiriladi. Bularning har ikkovi ham pudratchi qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini rivojlantirish rejalariga bevosita ta’sir qiladi. Qurilish ishlab chiqarishining rejasi tegishli ishlab chiqarish quvvatlari bilan ta’minlangan bo‘lsa, uni asosli va real deb hisoblash mumkin. Bu qoidadan salgina chetlashish ham rejalashtirilayotgan qurilish dasturlarining barbod bo‘lishidan yoki ularning real emasligidan dalolat beradi.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, qurilish ishlab chiqarishi rejasi direktiv xarakterga ega bo‘lmaydi va avvalgidek rejalashtirish organlari tomonidan tasdiqlanmaydi. U qurilish tarmog‘ining ahvoli va imkoniyatlarining konsentratsiyalangan ko‘rsatkichi sifatida namoyon bo‘ladi. Unga asoslangan holda qurilish industriyasining ishlab chiqarish quvvatlariga bo‘lgan qo‘shimcha ehtiyojlari aniqlanadi.
Qurilish-montaj tashkilotlari - bu qurilish boshqarmalari, trestlar, montaj boshqarmalari va trestlari, ko‘chma va shu jumladan ixtisoslashgan ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonnalar, ishlov berish boshqarmalari va trestlari, yo‘l-qurilish boshqarmalari, ko‘prik qurish otryadlari - ya’ni qurilish industriyasining ishlab chiqarish bo‘g‘inlari bo‘lib, ular ham deyarli sanoat korxonalari va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlaridagi korxonalar bajargan ishlab chiqarish funksiyalarini bajaradilar. Boshqacha qilib aytganda, qurilish-montaj tashkilotlari ham qurilish tarmog‘ining ishlab chiqarish bo‘g‘inlari kabi, ko‘p jihatdan qurilish ishlab chiqarishining joriy va istiqbolli dasturlarining rejalashtirilishi va amalga oshirilishini belgilab beradi.
Qurilish ishlab chiqarishini rejalashtirishning asosiy vazifalari kapital qurilish rejasida ko‘zda tutilgan ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlarni ishga tushirish topshiriqlarining bajarilishini ta’minlash, qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini hamda qurilishning ishlab chiqarish-texnik bazasini o‘z vaqtida va kerakli miqdorda rivojlantirish, shuningdek, qurilish ishlab chiqarishining samaradorligini oshirishdan iboratdir.
Qurilish ishlab chiqarishi rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlarini ishga tushirish;
2) qurilish-montaj ishlari hajmi;
3) qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini rivojlantirish.
Bu reja endi avvalgi paytlardagidek “yuqoridan” tasdiqlangan buyruq emas. U ko‘proq akkumulyativ xarakterga ega bo‘lib, qurilish ishlab chiqarishining hududlar, yirik ishlab chiqarish majmualari va milliy iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha sohaviy dasturini aks ettiradi. Boshqacha qilib aytganda, bu rejada butun respublika miqyosida navbatdagi (rejadagi) davrda qurilish faoliyatining butun “panoramasi” o‘z aksini topadi.
Qurilish ishlab chiqarish rejasida ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlarni ishga tushirish ko‘rsatkichlari qurilish ro‘yxatlari asosida qabul qilinadi. Agar ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlari qurilish ro‘yxatlarida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, u holda bu ko‘rsatkichlar qurilishlarning tarkibidagi ro‘yxatlar yoki imzolangan shartnomalar (kontraktlar) bo‘yicha qabul qilinadi.
Ma’lumki, har qanday reja tegishli quvvatlar va resurslar bilan ta’minlangan taqdirdagina hayotiy bo‘la oladi. SHuning uchun qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini rivojlantirish qurilish ishlab chiqarishini rejalashtirishning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ayniqsa qurilish faoliyati hajmi ortishi ko‘zda tutilayotgan paytlarda u o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini rivojlantirishni rejalashtirish qurilish-montaj ishlari dasturini ishlab chiqarish resurslari va imkoniyatlari bilan muvozanatlashga imkon beradi, ya’ni qurilish ishlab chiqarishining salbiy va ijobiy tomonlarini aniqlashga va tegishli choralar ko‘rishga imkon beradi.
Ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirishni rejalashtirish ikki xil usulda amalga oshiriladi:
1) keng ko‘lamli - tarmoq va xalq xo‘jaligi miqyosida;
2) aniqlashtirilgan (batafsil) - pudratchi tashkilotlar miqyosida.
Agar birinchi holda rejalashtirish ishlab chiqarish quvvatlariga bo‘lgan umumiy ehtiyojni hamda ularni qoplash manbalarini aniqlashga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi holda quyidagilar hisoblanadi:
• amaldagi va rejadagi (loyihadagi) quvvat;
• ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi, uning kelgusi davrdagi qurilish dasturi bilan solishtirish;
• ishlab chiqarish quvvatlariga va ularni qoplash manbalariga bo‘lgan qo‘shimcha ehtiyoj;
• quvvatlarni oshirish va ulardan foydalanishni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar.
XULOSA
Rejalashtirish - bu maqsadlarni shakllantirish, ustivor yo‘nalishlarni hamda ularga erishish vositalari va usullarini aniqlash jarayonidir. Qurilishni rejalashtirish butun xalq xo‘jaligining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash rejimining tarkibiy qismidir. Kapital qurilishni rejalashtirish asosida fondlarni kengaytirilgan takror ishlab chiqarish, amaldagi korxonalarni texnik qayta jihozlash, qayta ta’mirlash va kengaytirish, uy-joy qurilishini rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy vazifalar hal qilinadi. Odatda u amaldagi qonuniy hujjatlar va iqtisodiy boshqaruvning me’yoriy qoidalari asosida, shuningdek, xo‘jalik yuritishning u yoki bu bosqichida qabul qilinadigan hukumat qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Bu va boshqa vazifalarni odatda bir zumda hal qilib bo‘lmaydi yoki ular o‘z-o‘zidan bajarilib qolmaydi. Bunday vazifalar rejalashtirishda xatolar, kamchiliklar, volyuntarizm va boshqa salbiy holatlar yo‘l qo‘yilgan hollarda ham bajarilmay qoladi. Shuning uchun, qurilishni rejalashtirish va rivojlantirish vazifalarini belgilashda rejalarni ishlab chiqishning ilmiy asoslangan usullaridankelib chiqish muhimdir.
Rejalashtirishda, qurilish sohasida qabul qilinadigan qarorlarning realligi, hayotiyligiga erishish juda muhimdir. Tajribadan ma’lum bo‘lishicha, bunga erishish uchun rejalashtirish ilmiy asoslangan va xo‘jalik amaliyotida sinalgan ma’lum bir tamoyillarga asoslangan bo‘lishi lozim.
Qurilish ishlab chiqarishini rejalashtirishning asosiy vazifalari kapital qurilish rejasida ko‘zda tutilgan ishlab chiqarish quvvatlari va ob’ektlarni ishga tushirish topshiriqlarining bajarilishini ta’minlash, qurilish-montaj tashkilotlarining quvvatlarini hamda qurilishning ishlab chiqarish-texnik bazasini o‘z vaqtida va kerakli miqdorda rivojlantirish, shuningdek, qurilish ishlab chiqarishining samaradorligini oshirishdan iboratdir.
Qurilish ishlab chiqarishining bunday o‘ziga xosligi uni rejalashtirish jarayonida ham, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishda ham aks etadi. SHuning uchun qurilishda ishlab chiqarishni rejalashtirish xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlariga qaraganda bir pog‘ona murakkabroq bo‘lib ko‘proq mehnat talab qiladi. Ammo bu qurilish ishlab chiqarishini boshqarishdagi muhim vosita bo‘lgan rejalashtirishning zaruratini va ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, u rejalashtirishni sifat jihatdan yana bir pog‘ona yuqoriga olib chiqadi va investitsiya jarayoni ishtirokchilaridan har bir qarorni avvaldan puxta o‘ylab, asoslab qabul qilishni talab qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
“Suv xoʻjaligi qurilishi iqtisodiyoti” fanidan maruzalar matni. A.Sultonov, M.Mirzayeva, U.Xoshimov. Toshkent 2006 yil.
“Qurilish iqtisodiyoti” Oʻquv qoʻllanma. Sh. Isamuhammedova, I.Davletov, M.Saidov, D.Berdiyeva. Toshkent 2011 yil.
“Loyiha boshqaruvi” Oʻquv qoʻllanma. O.Sh.Mamanazarov. TAQI – 2019 yil.
“Suv xoʻjaligi qurilishi iqtisodiyoti” Oʻquv qoʻllanma. U.Q.Axmedov. TIQXMMI – 2020 yil.