Sochib beruvchi quritkichlar Bunday apparatlarda quritilishi lozim bo‘lgan material juda mayda hilib sochib beriladi va parallel oqimda harakat qilayotgan qurituvchi agent (issiq havo yoki tutunli gazlar) bilan to‘qnashadi, natijada namlik katta tezlik bilan burlanadi. Sochib beruvchi quritkichlarda bug‘lanishning solishtirma yuzasi katta bo‘ladi, shu sababli quritish jarayoni qisqa vaqt (taxminan 15 ... 30 s) davom etadi.
Quritish qisqa vaqt davom etganligi sababli jarayon past haroratlarda olib boriladi, natijada sifatli kukunsimon mahsulot olinadi. Agar nam material oldin qizdirib olinsa, sovuq holdagi qurituvchi agentdan ham foydalansa bo‘ladi.
Materialni sochish uchun mexanik va pnevmatik forsunkalar hamda markazdan qochma disklar (aylanishlar soni minutiga 4000 ... 20000) ishlatiladi.
Sochib beruvchi quritkichda (1.101-rasm) nam material quritish kamerasiga forsunka yordamida sochib beriladi.
Qurituvchi agent ventilyator yordamida kalorifer orqali apparatga beriladi, u kamera ichida material bilan parallel harakat qiladi. Qurigan materialning mayda zarrachalari kameraning pastki qismiga cho‘kadi va shnek yordamida kerakli joyga yuboriladi. Ishlatilgan qurituvchi agent siklon va yengli filtrda mayda chang zarrachalaridan tozalanadi. So‘ng atmosferaga chiqarib yuboriladi.
Sochib beruvchi quritkichlarda material va qurituvchi agent oqimlari to‘g‘ri, qarama-qarshi va aralash yo‘nalishda bo‘lishi mumkin, biroq ko‘pincha to‘g‘ri (yoki parallel) yo‘nalishli oqim keng ishlatiladi.
Sochib beruvchi quritkichlar yuqorida aytib o‘tilgan afzalliklardan tashqari bir qator kamchiliklarga ham ega: 1) nam materialning apparat devorlariga yopishib qolmasligi uchun kameraning diametri ancha katta bo‘ladi; 2) kamerada solishtirma bug‘lanish qiymati juda kichik (1 м3 kameradan soatiga 10 ... 25 кг suv ajraladi); 3) havo oqimining tezligi nisbatan kichik (0,2 . .. 0,4 m/s) agar havo tezligi katta bo‘lsa mayda zarrachalarning cho‘kishi qiyinlashadi va ularning havo oqimi bilan ketib qolishi ko‘payadi.