mochevinaning tuproq bilan o‘zaro munosabati Tuproqqa solinga mochevina tuproq namligida to‘la eriydi va urobakteriyalar ajratib chiqargan arolaza fermenti ta’sirida ammonifikatsiyaga uchraydi va ammoniy karbonatga aylanadi.
Yaxshi sharoitda chirindiga boy tuproqlarda mochevinaning ammoniy karbonatga aylanishi uchun 2-3 kun vaqt o‘tadi. Unumdorligi past bo‘lgan qumli va botqoq tuproqlarda ammonifikatsiya juda sekin o‘tadi.
Ammoniy karbonat turg‘un birikma bo‘lmaganligi sababli ochiq joyda bikarbonat ammoniyga va ammiakka parchalanadi.Shuning uchun mochevinani yer yuziga sepilsa yoki sayoz solinsa, nam etarli bo‘lmasa, azot ammiak ko‘rinishida havoga uchib ketadi.
Tuproqqa normal holatda solinganda hosil bo‘lgan ammoniy karbonat gidrolizga uchraydi va natijada ammoniy bikarbonat hamda ammoniy gidroksid hosil bo‘ladi.
Mochevinani tuproqqa solinganda hosil bo‘lgan ammoniy kationi tuproq kolloidlariga singdiriladi va o‘simliklar tomonidan asta-sekin o‘zlashtiriladi.
Mochevinaning ishlatilishi. Mochevina hamma tuproqlarda har xil qishloq xo‘jalik ekinlari uchun ekishdan oldin solinadigan o‘g‘it sifatida ishlatiladi. Nam etarli bo‘lgan mintaqalarda engil mexanik tarkibli, chimli podzol tuproqlarda va sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda kartoshka, qand lavlagi va sabzavot ekinlariga solinganda mochevina ammiakli selitraga qaraganda ko‘p samara berganligi tajribada aniqlangan. Bu shu bilan tushuntiriladiki, mochevina tarkibidagi amid shaklidagi azot tezlik bilan ammoniy shakliga o‘tadi va tuproq kolloidlariga singdiriladi hamda tuproqning chuqur qatlamlariga kam yuviladi. Erta bahorda kuzgi ekinlarni oziqlantirishda ishlatiladi. Mochevinani ildizdan tashqari, ya’ni bargidan oziqlantirishda ham foydalanish mumkin. Bunday holda uning kristall holidagi o‘g‘itidan foydalanish lozim. CHunki kristall holidagi mochevinada biuret miqdori kam.
Mochevinani ekish bilan birga solinganda u o‘simlik niholini paydo bo‘lishini sekinlashtiradi, chunki uning parchalanishi vaqtida ildiz chiqayotgan va rivojlanayotgan joyda juda ko‘p erkin ammiak to‘planadi. Mochevinani tuproqqa solinayotganda bir tekis tushishi uchun uni, ayniqsa, oziqlantirishda boshqa o‘g‘itlar bilan aralashtirib solinadi.