Fosforli o‘g‘itlarni o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi, hosili va uning sifatiga ta’siri. Fosforli o‘g‘itlar o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga sezlarli darajada ta’sir qiladi. Fosfor etishmasa o‘simliklarning barglari ko‘kish yashil rangga kiradi. Bunday holatda o‘simliklarda oqsillar sintezi va qand moddalarining pasayishi seziladi. Barglar maydalashadi, yupqa bo‘lib rivojlanadi, qirralari yuqoriga qarab buklanadi.
Hamma o‘simliklar o‘zlarining rivojlanishlarining boshlang‘ich davrida fosforga bo‘lgan talabni sezadi, chunki bu davrda ularning ildiz sistemasi yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Shuning uchun o‘simliklar shu davrda fosforli o‘g‘itlar bilan yaxshi ta’minlanmasa, bu hol ularning keyingi rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Fosfor etishmasligi o‘simliklarda azot va boshqa ozuqa elementlaridan foydalanishni yomonlashtiradi. G‘o‘za o‘zining dastlabki rivojlanish davrida fosfor bilan yaxshi ta’minlanmasa, keyingi rivojlanish fazalarida ko‘p miqdordagi fosfor bilan kuchli oziqlanishi ro‘y beradi. Bu esa o‘simliklarda kechadigan jarayonlarga salbiy ta’sir qiladi.
Shuning uchun g‘o‘za, makkajo‘xori va ko‘pgina boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini ekayotgan vaqtda o‘simliklarga yaxshi o‘zlasha oladigan shakldagi fosforli o‘g‘itlar yoki murakkab o‘g‘itlar solib ekiladi.
G‘o‘za chigitini ekish bilan har gektarga 20 kg, makkajo‘xori uchun 10-15 kg, g‘allali ekinlar uchun 15 kg, kartoshka uchun 20 kg dan fosfor solib ekiladi. Fosforning o‘simliklar hayot faoliyatiga ta’siri har tomonlamadir. O‘simliklarning fosfor bilan yaxshi ta’minlanishi qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligini oshiradi va hosili sifatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, g‘allali ekinlarda doni ko‘payadi.
Mevalarda va ildizmevalarda uglevodlar miqdori ortadi. Tola beruvchi ekinlarning tolasi uzun, pishiq va ingichka bo‘ladi.
G‘allali ekinlar poyasini baquvvat qilib, ularni yotib qolishdan saqlaydi. Qishloq xo‘jalik ekinlari quyidagi o‘suv davrlarda fosforni ko‘p miqdorda qabul qiladi: zig‘ir gullash davrida, bug‘doy don o‘rash va boshoq tortish davrida, kartoshka iyulda, qandlavlagi ildiz mevasining kattalashayotgan paytida va boshqalar. O‘simliklar o‘sib, rivojlanib borayotganda oziq elementlari ularning vegetativ qismida to‘planadi. Shuni ta’kidlash lozimki, har qanday tuproqda ham shunday bir payt keladiki, tashqaridan o‘g‘it solish bilan azot va fosfor tahminlab turilmasa, olinadigan hosil doimiy suratda ortib bormaydi. Xo‘jalikdagi fosfor balansini hisobga olayotganda uning sarflanayotgan qismiga nafaqat o‘simliklardan olinadigan hosil bilan chiqib ketayotgan qismi, balki uning chorvachilik mahsulotlari bilan chiqib ketishini hisobga olish lozim.
Agarda xo‘jalikda 100 ta sog‘iladigan sigirdan har biridan 5 ming kilogrammdan sut sog‘ib olinsa, sotilgan sut bilan chiqib ketgan fosforning o‘rnini to‘ldirish uchun xo‘jalik 20 % li superfosfatdan 7 t yerga solish lozim.
Angliyadagi Rotamsted tajriba stantsiyasining 100 yillik kuzatishlaridan va boshqa mamlkatlarda olib borilgan izlanishlardan shu narsa aniqlandiki, og‘ir mexanik tarkibli tuproqlar tarkibidan fosfat kislotaning tuzlari yuvilmaydi. Doimiy ravishda fosforli o‘g‘itlar solinib haydov qatlami fosfor bilan boyitilgan og‘ir soz, mexanik tarkibli tuproqlardagi fosfor miqdori hatto uning haydov osti qatlamidagi oldingi mavjud bo‘lgan fosfor miqdoriga ham ta’sir qilmaganligi tajribalarda isbotlangan.