Buxgalteriya daftarlari – bir-biriga biriktirilgan va muqovalangan
qog‘oz varaqlaridir. Muqovasida muayyan korxonaning nomi, hisobot yili va
buxgalterlik hisobi schotlarining nomi va shifri ko‘rsatiladi. Daftar varaqlari
buxgalteriya yozuvlari yozilishiga qadar raqamlanadi, ayrim maxsus
ahamiyatga ega bo‘lgan daftarlar ip o‘tkazib, ipning uchlari daftarning oxirgi
betiga surg‘uchli muhr bilan muhrlanadi va «Ushbu daftarda hamma betlar
raqamlangan» degan yozuv yozilib, korxona rahbari va bosh buxgalterining
imzolari qo‘yiladi. Daftarning kerakli betini tez topish maqsadida uning
birinchi betiga mundarija qilinadi.
So‘nggi yillarda daftar shaklidagi hisob registrlari kam qo‘llanilmoqda.
Chunki, ular hisob xodimlari orasida vazifalarni taqsimlashda noqulay va
xo‘jalik muomalalarini qayd qilishda hisoblash texnikasidan foydalanishni
qiyinlashtiradi.
Kartochkalar xo‘jalik muomalalarini ro‘yxatga olish uchun
mo‘ljallangan bir xil shakldagi qog‘oz va kartondan tayyorlangan, maxsus
rekvizitlari matbaa usulida bosilgan jadvallardir. Ular analitik hisob uchun
ishlatiladi.
Kartochkalar ochilish vaqtida maxsus reestrda qayd qilinadi. Yil
boshida reestrda avval qoldig‘i bor schotlar bo‘yicha ochilgan kartochkalar,
so‘ngra yangi ochilgan kartochkalar xronologik tartibda qayd qilinadi.
Amalda kartochkalar bir nusxada ochiladi va korxona buxgalteriyasida
maxsus quti-kartotekalarda saqlanadi. Kartochkalarni saqlash va ulardan
foydalanish qulay bo‘lishi uchun kartoteka bo‘lgichlar (karton plastinkalar)
va indikatorlar (metall plastinkalar) bilan jihozlanadi. Jamlash va hisoblash
texnikasida bajarilganda ham kartochkalardan foydalanish yozuvlarni
bajarishga imkon beradi. Bundan tashqari, ular hisob xodimlari o‘rtasida
ishni taqsimlashda yordam beradi.