§ 1.3. Raqamli iqtisodiyot platformasining tuzilishi Raqamli iqtisodiyotning tuzilishi bir-biri bilan va tashqi dunyo bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tarkibiy qismlar to‘plami tizimini tashkil etish tamoyillari jamlanmasi (to‘plami, yig‘indisi, majmuasi)ni o‘z ichiga oladi. Mavhum shaklda raqamli iqtisodiyotning platforma tuzilishi uch darajali aloqa tizimi bilan ifodalanishi mumkin (1.2-rasm). Raqamli muhit tabiatda mavjud bo‘lgan ekotizimlarga mos kelishi kerak. Raqamli iqtisodiyotning ekotizimi axborot darajasida mavjud raqamli platformalarning imkoniyatlarini birlashtiradi. Raqamli iqtisodiyotning tuzilishi qo‘llaniladigan texnologiyalar nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi kerak. Raqamli iqtisodiyotni yaratishda asosiy maqsadlarni hisobga olib, birinchi navbatda iqtisodiy-siyosiy va madaniy to‘siqlarni olib tashlaydigan, virtual makonda odamlar, xizmatlar va kapitalning erkin harakatlanishini ta’minlaydigan sotuvchilar va xaridorlarning yagona raqamli bozori yaratilishi kerak.
1.2-rasm. Raqamli iqtisodiyotning uch bosqichli aloqa tizimi.
Raqamli texnologiyalar asosida raqamli platformalar va raqamli iqtisodiyot ekotizimlari yaratilishi kerak. Raqamli platformalar bu – mavjud xizmatlar to‘plamiga buyumlar Interneti va foydalanuvchilar, ko‘p sonli boshqa platformalar kirishini ta’minlash uchun ochiq interfeysga ega axborot tizimlaridir. Raqamli iqtisodiyot ekotizimlari bu – yangi texnologik mahsulotlarni yaratish uchun tashkilotlar, hukumat organlari va fuqarolar, ularga tegishli raqamli platformalar, amaliy Interent xizmatlarining doimiy hamkorligini ta’minlaydigan tashkilotlar o‘rtasidagi sheriklikdir. Tovarlar va xizmatlar platformalar va foydalanuvchilar o‘rtasida aylanadi hamda ular ma’lum raqamli platformalarga yetganda boshqa xususiyatlarga ega bo‘ladi. Raqamli iqtisodityotning platforma tuzilishini yaratishda uchta texnologik tamoyil hisobga olinadi. Bular:
1. Ma’lumotlar ba’zasining ochiqligi.
2. Tarmoqning o‘zaro ta’siri mexanizmi.
3. Texnologik jarayonlarning ochiqligi.
Ekotizim axborot oqimlarini tashkil qilish, raqamli platformalar va foydalanuvchilarga kirishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Raqamli platformalar katta hajmli ma’lumotlarni qayta ishlashni ta’minlaydigan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va ushbu ma’lumotlarning imkoniyati asosida yangi faoliyat modellarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan. Iqtisodiy tizimning har qanday tizimi subyektni va boshqaruv obyektini ajratib turadi hamda ular o‘rtasida aylanib yuradigan axborot oqimlarini aniqlaydi, bunday modelda boshqariladigan yoki boshqaruv tizimlariga tegishli bo‘lgan moddiy oqimlar va mehnat vositalari o‘rtasida bo‘linish mavjud. Raqamli iqtisodiyotda esa boshqaruv predmeti va obyekti ham raqamli platformaga integratsiya qilingan raqamli tizimlardir. Bu uchta texnologik tamoyilga asoslanadi:
ma’lumotlarning ochiqligi;
texnologiyalarning ochiqligi;
axborot-kommunikasion hamkorlik.
Ushbu model raqamli texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish asosida qaror qabul qilish imkoninin beradi. Raqamli platformalar raqamli iqtisodiyotning asosiy qurilish bloklarini ifodalaydi. Ularning quyidagi xususiyatlarini ajratib ko‘rsatish mumkin: - tashqi muhit bilan aloqa qilish uchun ochiq interfeyslar; - bozor qatnashchilari hamkorligi uchun virtual maydon (sayt, platforma)lar yaratib berish; - katta hajmli ma’lumotlarni saqlash; - bulutli ma’lumotlar ombori; - asosiy aktivlar – yangi axborot ishlanmalari; - moddiy va boshqaruv faoliyatini integrasi qilish; - barcha faoliyat turlarini to‘liq avtomatlashtirish; - barcha raqamli platformalar doirasida qaror qabul qilish. Raqamli platformaning kengayishi bilan foydalanuvchilar soni ham tarmoq ilovalari soni ham ko‘payadi, raqamli platformalarni rivojlantirishning tabiiy shakli ilovalar, tarmoq mahsulotlari va ma’lumotlar bazalarini kengaytiradi. Tarmoq – raqamli iqtisodiyot uchun iqtisodiy faoliyat orqali tijorat saytlari sonini ko‘paytirish, AKTdan foydalanish orqali vositachilar sonini kamaytirish imkonini beruvchi muhitdir (1.3-rasm).
Platformaga asoslangan iqtisodiyot Platformaga asoslangan iqtisodiyot bu – foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, shu jumladan, tijorat operatsiyalari uchun keng qamrovli standart yechimlar taqdim etadigan platforma kompaniyalariga asoslangan onlayn tizimlardir. 1.4-rasmda raqamli platforma kompaniyalariga misollarni ko‘rishingiz mumkin. Ta’kidlash kerakki, Google va Facebook to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqamli segmentga tegishlidir. Aniq misollarga to‘xtalamiz. Masalan Amazon, eBau va Alibaba haqiqiy tovarlarni sotish bilan shug‘ullanuvchi platforma kompaniyalari hisoblanadi. Shuningdek, faoliyati an’anaviy va raqamli elektronika ostonasida bo‘lgan Uber va Airbnbga o‘xshash kompaniyalarni ham o‘z ichiga oladi. Biz bu kompaniyalarni raqamli iqtisodiyotning qismi deb hisoblaymiz. Bu kompaniyalar Innovatsion raqamli texnologiyalar hamda raqamli biznes modellarga asoslangan raqamli platformalardir.
Odatda platformalar mustaqil rivojlanish yoki tegishli patentlarni sotib olishga ehtiyoj sezmasdan, maxsus yechimlar bilan bog‘liq xizmatlar, reklamali qo‘llabquvvatlash kabilardan foydalanish imkonini beradi. AT gigantlari - hali ham milliy hukumat va eski iqtisodiyot kompaniyalari tomonidan nazorat qilinadigan davlatlar hududiga bostirib kirishga tayyorlanmoqda. Balki, butun dunyo iqtisodiyot, bozorlar, moliya va kredit haqidagi odatiy g‘oyalarni o‘zgartiradigan inqilob ostonasidadir? O‘zgarishlar “eski iqtisodiyot” kompaniyalari va muassasalari tomonidan ilgari nazorat qilingan sohalarda texnologik kompaniyalarning mustahkamlanishiga olib keladi.
Raqamli iqtisodiyotning tarkibiy elementlari Raqamli iqtisodiyotning asosiy tarkibiy elementlari qatoriga quyidagilar kiradi: 1) tarmoqlar-telekommunikatsiya tizimlari (keng polosali stasionar aloqa, keng polosali mobil ulanish va xalqaro kanallarning o‘tkazish qobiliyati), ma’lumotlar markazlari va bulutli xizmatlar (ma’lumotlar markazlari, bulutli hisoblash xizmatlari va tranzit ma’lumotlar ulanishlari uchun infratuzilma); 2) raqamli almashish platformalari (yagona davlat xizmatlari portali, bir-biriga mos mobil va ijtimoiy platformalar, elektron xaridlar va to‘lovlar, buyumlar Interneti va blokcheyn platformalari; 3) raqamli iqtisodiyot obyektini rivojlantirishda davlat-xususiy sherikchiligi (DXSH); 4) xalqaro makonga integratsiya qilish uchun huquqiy, texnik, tashkiliy va moliyaviy sharoitlarni yaratish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar; 5) kiberxavfsizlik (ma’lumotlar maxfiyligi, sanoat xavfsizligi va tarmoq kiberxavfsizligi). Raqamli iqtisodiyot komponentlarining illyustrativ sxemasi 1.5-rasmda berilgan.