NIZOMIY NOMIDAGI TDPU TABIIY FANLAR FAKULTETI BIOLOGIYA O'QITISH METODIKASI YO'NALISHI II BOSQICH TALABASI AXMEDOVA ZARNIGORNING BOTANIKA FANIDAN TAYYORLAGAN
REFERATI
Bajardi: Axmedova Z
Tekshirdi:
Toshkent - 2021
MAVZU: TUBAN O'SIMLIKLAR
REJA:
1. Kirish.
2. Tuban o'simliklar haqida ma'lumotlar
3. Suvo'tlari
4. Ko'k-yashil suv o'tlari bo'limi
5. Yashil toifa suvo'tlari bo'limi
6. Qizil toifa suv o'tlari bo'limi
7. Sariq-yashil toifa suv o'tlari bo'limi
Xulosa
KIRISH
Yer sharidagi o‘simlik turlari bir-biridan aniq farq qiladi. Bunday farqlar avvalo ularning tashqi qiyofasida ko‘rinadi. Bundan tashqari, ular o‘rtasida qandaydir umumiy o‘xshashlik va farq qiluvchi belgilar bor. Yer yuzidagi barcha o‘simliklarning umumiy o‘xshashlik belgilari avvalo ularning barchasi tirik organizm ekanligida ko‘rinsa, so‘ng ularning tanasi bitta yoki bir necha hujayradan tashkil topganligida ko‘rinadi. Shunday qilib, barcha tirik organizmlar hozirgi vaqtda o‘zining tashqi va ichki tuzilishi, turli sharoitda yashashi, o‘sib ulg‘ayishi, ko‘payishi, tarqalishi va hokazolarga ko‘ra bir-biridan farq qiladi va shunga ko‘ra ular rivojlanishning (evolyutsiya) turli xil pog‘onalaridan joy oladi. Hozirgi vaqtda barcha o‘simliklarning ichki va tashqi tana tuzilishi, yashash sharoiti, ko‘payishi, tarqalishi va boshqa shunra o‘xshash belgilari hisobga olinib, ularning 500’000 turi mavjud ekanligi aniqlangan va ro‘yxatga olingan. Suvo‘tlar, bakteriyalar, shilimshiqlar, zamburug‘lar, lishayniklar kabi gruppa o'simliklari juda sodda (ildizsiz, poyasiz, bargsiz) tuzilishga ega bo‘lib, ularning tanasi tallom (qattona) yoki mitseliy deb ataladi. Bu xildagi o‘simliklarga tuban o‘simliklar deyiladi. Moxlar, plaunlar, bo‘g‘imlilar, paporotniklar, ochiq urug‘lilar va yopiq urug‘lilar (yoki gulli o‘simliklar) — yuksak o‘simliklar deb ataladi. Barcha yuksak o‘simliklarning tanasi (ba’zi bir boshlang‘ich yuksak o‘simliklardan mustasno) ildiz, poya, barg kabi organlarga ega. Ular vegetativ (o‘sishni ta’minlovchi) organlar hisoblanadi. Vegetativ organlardan tashqari ko‘payish vazifasini o‘taydigan organlar ham mavjud. Moxlar, paporotniklar, plaunlar, qirqbo‘g‘imlar kabi o‘simliklar sporalar yordamida ko‘payadi. Shuning uchun ham ular ba’zan sporali o‘simliklar deb ham yuritiladi. Ochiq urug‘li va yopiq urug‘li o‘simliklarda ko‘payish vazifasini urug‘dan tashqari vegetativ organlar (ildiz, ildizpoya, tuganak, piyoz, barg va h. k.) ham bajaradi. Yer yuzidagi barcha o‘simliklar (tuban va yuksak o‘simliklar) ovqatlanishga ko‘ra uch gruppaga: avtotrof (mustaqil ovqatlanuvchi), geterotrof va simbioz organizmlarga bo‘linadi. Avtotrof organizmlarga suvo‘tlarining barchasi, moxlar, paporotniklar, plaunlar, bo‘g‘imlilar, ochiq va yopiq urug‘li o‘simliklar kiradi.