296-modda. Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazish. Qurol, o`q-dori, harakat qilish vositalari, harbiy texnika yoki boshqa harbiy mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish - ikki yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki bir yilgacha intizomiy qismga yuborish yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa, - besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish jangovar vaziyatda sodir etilgan bo`lsa, - o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
297-modda. Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo`lgan qurol-yarog`, shuningdek modda va buyumlar bilan muomalada bo`lish qoidalarini buzish.Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo`lgan qurol-yarog`, shuningdek, o`q-dori, portlovchi, radioaktiv yoki boshqa modda va buyumlar bilan muomalada bo`lish qoidalarini buzish badanga o`rtacha og`ir shikast yetkazilishiga sabab bo`lsa, - ikki yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsning badaniga o`rtacha og`ir shikast yetkazilishiga;
b) og`ir shikast yetkazilishiga;
v) odam o`lishiga sabab bo`lsa, - besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish:
a) odamlar o`limiga;
b) boshqa og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa, - sakkiz yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
298-modda. Mashinalarni boshqarish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish.Jangovar, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish yoxud ulardan foydalanish qoidalarini buzish badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast yetkazilishiga sabab bo`lsa, ikki yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish odam o`lishiga sabab bo`lsa, - uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish:
a) odamlar o`limiga;
b) halokatga;
v) boshqa og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa, - yetti yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.