288-modda. Dezertirlik. Dezertirlik, ya`ni harbiy xizmatdan butunlay bo`yin tovlash maqsadida harbiy qism yoki xizmat joyini o`zboshimchalik bilan tashlab ketish, shuningdek, shu maqsadda xizmat joyiga yetib kelmaslik - besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish ofitsyerlar tarkibidan bo`lgan shaxs yoki harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) bo`yicha o`tayotgan harbiy xizmatchi tomonidan sodir etilgan bo`lsa, - besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
289-modda. Halok bo`layotgan harbiy kemani tashlab ketish.Halok bo`layotgan harbiy kemani o`z xizmat vazifalarini oxirigacha bajarmagan komandir tomonidan, shuningdek, komandirning tegishli farmoyishi bo`lmasdan kema komandasi tarkibidagi shaxs tomonidan tashlab ketilishi - besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish jangovar vaziyatda sodir etilgan bo`lsa, - o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
290-modda. O`zining biron a`zosini mayib qilish yo`li bilan yoki boshqa usulda harbiy xizmatdan bo`yin tovlash.O`zining biron a`zosini mayib qilish, ya`ni harbiy xizmatchining o`z badaniga biron shikast yetkazish yo`li bilan, shuningdek, o`zini yolg`ondan kasallikka solib, hujjatlarni qalbakilashtirish yoki boshqacha aldash yo`li bilan harbiy xizmat vazifalarini bajarishdan bo`yin tovlashi yoki bu vazifalarni bajarishdan bosh tortishi - bir yilgacha intizomiy qismga yuborish yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha harakat jangovar vaziyatda sodir etilgan bo`lsa, besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
291-modda. Qorovul xizmatini o`tash qoidalarini buzish.Qorovul (soqchilik) xizmati ustav qoidalarini qorovul tarkibiga kirgan shaxs tomonidan zararli oqibatlar keltirib chiqaradigan tarzda buzish, basharti, mazkur qorovul bunday oqibatlarning oldini olish uchun tayinlangan bo`lsa, - ikki yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki bir yilgacha intizomiy qismga yuborish yoxud bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish:
a) badanga og`ir shikast yetkazilishiga;
b) odam o`lishiga;
v) boshqa og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa, - besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish jangovar vaziyatda sodir etilgan bo`lsa, - o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.