281-modda. Boshliqqa qarshilik ko`rsatish yoki uni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilish. Boshliqqa, shuningdek harbiy xizmat yuzasidan o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarayotgan boshqa shaxsga qarshilik ko`rsatish yoki uni mazkur vazifalarni buzishga majbur etish - ikki yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoxud bir yilgacha intizomiy qismga yuborish yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan;
b) qurol ishlatib sodir etilgan bo`lsa;
v) og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa, —
besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O`sha harakatlar jangovar vaziyatda sodir etilgan bo`lsa, - besh yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
282-modda. Boshliqni qo`rqitish.Jangovar vaziyatda boshliqni o`ldirish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish, bunday harakat amalga oshirilishi uchun yetarli asoslar mavjud bo`lsa, - uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
283-modda. Badanga shikast yetkazish. Boshliqni do`pposlash, uning badaniga yengil yoki o`rtacha og`ir shikast yetkazish u harbiy xizmat yuzasidan o`z vazifalarini bajarganligi munosabati bilan yoki bajarayotgan vaqtda sodir etilgan bo`lsa, - uch yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki bir yilgacha intizomiy qismga yuborish yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Badanga og`ir shikast yetkazish, shuningdek, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan;
b) qurol ishlatib sodir etilgan bo`lsa, - uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jangovar vaziyatda sodir etilgan bo`lsa, - yetti yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
284-modda. Bo`ysunuvchining o`z boshlig`ini yoki boshliqning o`ziga bo`ysunuvchini haqorat qilishi.Bo`ysunuvchining o`z boshlig`ini, shuningdek, boshliqning o`ziga bo`ysunuvchini haqorat qilishi shunday harakatlar uchun intizomiy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, - ikki yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.