REJA; 1 Teri va limfa Sezish, 2 harakat funksiyalari va skelet tizimini baholash
Badan terisini ko‘zdan kechirish. Bemorni ko‘zdan kechirib chi- qilgandan keyin terisi va shilliq pardalarini ko‘zdan kechirishga o‘ti- ladi. Badan terisi rangining o‘zgarib qolishi quyidagi omillarga: qon rangi, teri tomirlari yo‘lining holati, terining qalin-yupqaligi va tiniq- ligiga bog‘liq. Teri qalin tortib, tiniqligi yo‘qolib ketganda, dag‘allashib qolganda, qondagi gemoglobin va eritrotsitlar miqdori kamayib yoki ko‘payib ketganda (bu — qon rangini aynitib qo‘yadi), tomirlar torayib yoki kengayib turgan mahallarda terining rangi o‘zgarishi mumkin. Bir qancha hollarda terining rangi unda bo‘yoq moddalar — pigmentlar (billirubin va boshqa) to‘planib qolishi natijasida ham o‘zgarishi mumkin.
Qon tarkibi meyorida bo‘lgani holda teri vaqtincha yoki doimo oqarib turishi mumkin. Odam hayajonga tushishi, sovuq qotishi, et uvishishi va boshqalar tufayli teri tomirlari torayib qolganda badan terisi vaqtincha oqarib turadi. Ichki qon ketish natijasida boshlangan o‘tkir postgemorragik anemiya (kamqonlik)da terining rangi tez oqarib ketadi. Teri tomirlaridagi qon miqdori keskin kamayib, qorin bo‘shlig‘i tomirlarida to‘planib qolishi natijasida ham badan terisi to‘satdan oqarib ketadi, odam hushidan ketganda — kollaps holatiga tushganda va boshqa hollarda shunday bo‘ladi. Turg‘un rangparlik ko‘pincha anemiyada kuzatiladi. Badan terisi har xil tusga kiradi: ilk xlorozda teri zahil tortib oqarib ketsa, surunkali septik endokarditda «sutli kofe» rangiga kiradi, pernisioz anemiyada esa badan terisi sarg‘ish tusda bo‘ladi. Teri tomirlari uzoq tirishib turganda ham turg‘un rangparlik uchraydi.
Vaqtinchalik giperemiya — terining qizarib turishi — odam ichkilik ichgandan keyin, isitmalayotgan paytda qattiq hayajonga tushgan vaqtda, issiq vannadan chiqqandan keyin kuzatiladi. Teri rangining doim qip-qizil bo‘lib turishi eritrotsitlar soni haddan tashqari ko‘payib ketganda (chin polisitemiya, eritrositozda) kuzatiladi, lekin qon tar- kibi meyorida bo‘lganda ham ko‘riladi. Qon tarkibi meyorida bo‘lgani holda terining qizarib turishi gipertoniya kasalligi bilan og‘rigan, uzoq muddat issiq va sovuq ta’siriga uchrab turadigan (ochiq havoda uzoq ishlaydigan) kishilarda kuzatiladi.
Badan terisi va shilliq pardalar sianozi umumiy va mahalliy bo‘ladi. Umumiy sianoz qonning kislorod bilan yetarlicha boyimasligi va unda karbonat angidrid gazi haddan tashkari ko‘p to‘planib qolishi natija- sida kelib chiqadi. Umumiy sianoz yurak kasalliklari (yurak yetishmov- chiligi davridagi yurak poroklari)da uchraydi. Bunday hollarda bemor organizmining to‘qimalari qondan zo‘r berib kislorodni yutadi va o‘zidagi karbonat angidrid gazini zo‘r berib o‘tkazib turadi. Bunday kasalliklarda burun, lablar ko‘karib ketadi.
Talaygina o‘pka kasalliklarida ham o‘pka kapillyarlarining halok bo‘lishi natijasida odamning yuzi va oyoq-qo‘llari, ba’zan butun badan terisi ko‘karib turishi mumkin (sianoz), masalan, pnevmoskleroz yoki emfizema (o‘pka shishuvi), surunkali pnevmoniyalarda shunday bo‘ladi. Bunda gazlar almashinuvi buzilib, qon kislorod bilan yetarlicha to‘yinmay qoladi va tarkibidagi karbonat angidrid gazining miqdori hamda rangi (to‘q qizil rang) jihatdan venoz qonga yaqinlashib qoladi. Umumiy sianoz ba’zi tug‘ma yurak kasalliklarida, ayniqsa o‘pka ildizi stenozida (qisilishi yoki torayib qolishi), shuningdek odam zaharli moddalar, bertole tuzi, anilin, nitrobronezol bilan zaharlanib qolganda va dori moddalariga (sul’fanilamid preparatlariga) sezgir bo‘lib qolgan paytlarda ham uchraydi. Bunday paytlarda qon gemoglobini (kislo- rodni tashuvchi qon tarkibidagi oqsil) shu moddalar ta’siri ostida metge- moglobinga aylanib qoladi.
Terining mahalliy sianozi, odatda, aksari tromboflebit tufayli vena tiqilib qolganda mazkur joydan venoz qon oqishi to‘xtab qolishi natijasida boshlanadi.
Sariqlik — teri va shilliq pardalarning sariq tusga kirishi qonda o‘t pigmentlari ortiqcha bo‘lib, teri tarkibida to‘planib qolganida kuzatiladi. O‘t pufagidan 12 barmoq ichakka o‘t suyuqligi chiqib turishi qiyinlashib qolganda qondagi billirubin miqdori ko‘payib ketadi. O‘tning chiqib turishi umumiy o‘t yo‘lining o‘t toshlari, o‘sma bilan tiqilib qolishi natijasida yoki me’da osti bezi boshchasi, 12 barmoqli ichak katta so‘rg‘ichining (Fater so‘rg‘ichi) havfli o‘sma bilan bosilib qolishi natijasida, o‘t yo‘llarida bitishmalar va yallig‘lanishli o‘zgarishlar bo‘lgan paytlarda qiyinlashib qolishi mumkin. Sariqlikning ana shunday turi mexanik sariqlik deb ataladi. Gepatitda jigar hujayrasi — gepatotsit o‘tni yaxshi ishlab chiqara olmay qoladi, shunga ko‘ra o‘tning ba’zi tarkibiy qismlari (masalan, billirubin) qonga o‘tib ketadi. Jigar parenximasi zararlanishi tufayli paydo bo‘ladigan sariqlikning ana shunday turi parenximatoz sariqlik deb ataladi. Gemolitik sariqlik — bu gemoliz kuchayishi — eritrotsitlar bilan gemoglobin zo‘r berib parchalanishi tufayli boshlanadi (odam organizmida gemoglobindan bilirubin hosil bo‘ladi). Gemolitik sariqlik eritrotsitlarning tug‘ma va hayot davomida orttirilgan chidamsizligi, bezgak paytida (bunda eritrotsitlar zo‘r berib parchalanib turadi), odam zaharlar (bertole tuzi, xloroform, fenol) bilan zaharlanganda, sepsis paytida uchraydi.
Ba’zi dorilar (akrixin)ni ichganda odam badanining terisi sarg‘ayib ketadi, bunday hollarda qondagi billirubin miqdori meyorida bo‘ladi, siydikda o‘t pigmentlari topilmaydi, og‘iz shilliq pardasi, ko‘z sklera- larining rangi o‘zgarmaydi, holbuki chin sariqlik paytida bular har xil darajada sariq tusga bo‘yalib qoladi.
Badan terisi rangining o‘zgarishi pigmentatsiya kuchliligiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Teri meyorida bo‘lganda ham, bir qancha patologik holatlarda ham pigmentlangan bo‘ladi. Pigmentatsiyaning mahalliy va umumiy turlari mavjud. Sezilarli pigmentasiya badan terisiga quyosh nurlari ta’siri (badan qorayishi) natijasida yoki yuqori harorat doimiy ta’sirining oqibatida (metallurgiya korxonalarida ishlovchilarda), shuningdek issitgichlar, hantallar va kompresslarni qo‘llab turish sababli bo‘lishi mumkin. Buyrak usti bezlari zararlanganda badan terisida melanin degan alohida bo‘yoq moddasi to‘planib borib, teri bronza tusiga kiradi, melanodermiya deb shunga aytiladi. Tarkibida kumush preparatlari bo‘ladigan dorilarni ko‘pdan beri ichib yurgan kishilarda badan o‘ziga xos zahil tusga kirib qoladi (argiroz). Bunda terisida qo‘shimcha pigment to‘planib turgan cheklangan joylarda sepkillar, xollar bo‘ladi. Homiladorlikda ko‘krak uchlari, shuningdek engak teri- sida pigmentatsiya kuchayadi. Pigmentatsiyaning butunlay yoki qisman bo‘lmasligi albinizm deb ataladi, tug‘ilishdan pigmentasiyadan mahrum bo‘lgan odamlar esa albinozlar deyiladi. Badan terisining ayrim joylarida pigmentatsiya bo‘lmasligi pes ya’ni vitiligo deyiladi. Kichikroq oq dog‘lar (terining pigmentdan mahrum bo‘lgan joylari) leykoderma degan nom bilan ataladi. Bordiyu, bular tuzalib ketgan toshmalar o‘rnida yuzaga kelgan bo‘lsa, ularni psevdo (yolg‘on) leykodermiyalar deb yuritiladi.
Bemorni sirtdan ko‘zdan kechirib qaralganda badanida chandiqlar, tirnalgan, shilingan joylar bor-yo‘qligiga e’tibor berish va bularning sababini aniqlash zarur. Masalan, ichiga tortilib, pastdagi to‘qimalar bilan bitishib ketgan yulduzsimon chandiqdar, aksari zaxmning uchinchi davrida (gummalar paydo bo‘lishi) yuzaga keladi, yuzda bo‘ladigan kichik-kichik dumaloq chandiqlar, ya’ni yuzning cho‘tirligi odamning chinchechak bilan og‘rib o‘tganligini ko‘rsatadi. Qorinning yon qismlarida bo‘ladigan, homiladorlik yo‘llari deb ataladigan chandiqlar homiladorlikdan so‘ng qoladi, bundan tashqari ular semiz odamlar etini tez yo‘qotganda, ko‘plab kelgan shishlar tez qaytganda ham paydo bo‘lishi mumkin. Xirurgik operatsiyalardan keyin kesilgan joylarda chandiqlar qoladi. Bu chandiqlar to‘g‘ri shaklda, chiziqchaga o‘xshagan va yoysimon bo‘ladi. Turli xil jarohatlardan keyin ham chandiqlar qoladi. Teri turgori — elastikligini tekshirib ko‘rish muhim. O‘smalarda, organizm suvsizlanib qolganda turgor ko‘pincha pasayib qoladi. Badandagi tuk qoplamiga ahamiyat berish kerak (sochlarning tushib ketgan-ketmaganligiga, ayollarda erkaklarga xos tuklar bor-yo‘qligiga va boshq.).
Teriga qon quyilib qolishi, ya’ni qontalashlar teri kasalliklari, infek- siya va boshqa paytlarda kuzatiladi. Sog‘lom odamlarda to‘qimalar lat yegan va bosilib qolganidan so‘ng (qonashga moyil bo‘lgan odamlarda esa aytarli sababsiz ham) badan terisiga qon quyilib, qontalash hosil bo‘ladi. Bunday qontalash oldiniga to‘q qizil rangda bo‘ladi, bir muncha vaqtdan keyin esa yashilnamo-sariq tusga kirib qoladi. Badan terisidagi qontalashlar har xil kattalik va shakllarda, nuqtasimon yoki noto‘g‘ri shakldagi dog‘lar ko‘rinishida bo‘ladi va hokazo. Sepsis paytida, anemiya, sariqlik, avitaminozda ham teriga qon quyilishi kuzatiladi. Pnevmatik eritemada badan terisining turli joylarida qizarishlar paydo bo‘ladi. Eshakyemi toshganda badan terisida qichishib turadigan qizg‘ish oq yoki oq dog‘lar paydo bo‘ladi, bular qichitqi o‘t ta’siridan, kuygandan keyin paydo bo‘ladigan qavariqchalarga o‘xshab ketadi. Odam ba’zi ovqat mahsulotlarini ko‘tara olmaydigan hollarda, zardob kasalliklarida, zaharlanishlardan so‘ng, ba’zi dori preparatlari (antibiotiklar, vitaminlar, yod, brom)ga ortiqcha sezgir bo‘lganida yoki ba’zi dorilar (gormonlar, antikoagulyantlar va boshq.) zaharli ta’sir ko‘rsatganda badan terisiga eshakyemi toshib ketishi mumkin. Saramas juda tez tarqalib boradigan va keskin chegaralari bo‘ladigan eritema paydo bo‘lishi bilan o‘tadi. Yallig‘lanish sababli kapillyarlarning cheklangan kengayishi tufayli badan terisining qizarib turishi rozeola deb ataladi. Odatda terining chuqur qatlamlariga o‘tmaydigan ba’zi toshmalar o‘rnida po‘st tashlab turadigan joylar qoladi, teri po‘st tashlashining xarakteri diagnostik jihatdan katta ahamiyatga ega. Chunonchi, qizamiq uchun kepakka o‘xshash mayda po‘stlar ajralib turishi xarakterli bo‘lsa, skarlatina uchun palaxsa-palaxsa bo‘lib yirik po‘stlar ajralib turishi xarakterlidir. Terining po‘st tashlashi bir qancha boshqa kasalliklarda: qandli diabet, pellafa va boshqalarda uchraydi. Ba’zi infeksion kasalliklar (toshmali tif, qorin tifi)da badan terisining qachon va qaysi joyida toshma paydo bo‘lganini bilib olish muhim.
Bemorni ko‘zdan kechirish vaqtida tirnoqlari va sochlarining ahvoliga e’tibor berish maqsadga muvofiqdir. Sochlarning ortiqcha mo‘rt bo‘lib, to‘kilib turishi qalqonsimon bez funksiyasi pasayib qolganda va ba’zi infeksion hamda surunkali yallig‘lanish kasalliklari oqibatida kuzatiladi. Teri kasalliklari — tavus (kal), seboreyada ham sochlar to‘kilib ketadi. Soch va qoshlarning yakkam-dukkam bo‘lib to‘kilgani jun qoplamining zaxmdan zararlanganini qo‘rsatadi. Almashinuv kasalliklari, nerv sistemasi, ichki organlar va organizmning boshqa ba’zi sistemalari kasalliklarida tirnoqlar yassilanib, mo‘rt, xira bo‘lib qolishi va boshqa o‘zgarishlarga uchrashi mumkin. Tirnoq plastinkasining soat oynasi shakliga kirib qolishi bronxoektazalar bilan tug‘ma yurak poroklarida uchraydi.
Limfa tizimi funksiyasini baholash Odam organizmida arteriya va vena qon tomirlarining tarkibiy qismi bo‘lgan limfa sistemasi ham bor. Limfa sistemasi tuzilishi va vazifasiga ko‘ra vena sistemasiga yaqinroq turadi. Limfa sistemasi quyidagi qismlardan iborat:
Hujayra va to‘qima oralig‘idan boshlanadigan boshi berk yoriq yo‘llar.
Limfa kapillyarlari va limfa tomirlari.
Limfa bezlari.
Yirik limfa yo‘llari.
Limfa tomirlari gavdaning turli qismlarida joylashib limfa tugunlari (bezlari) orqali sezilib turadi. Limfa tugunlari yakka-yakka yoki to‘- da-to‘da bo‘lib joylashadi Limfa tugunlari moshdan no‘xatgacha kattalikda bo‘lib, ularning sirti fibroz parda bilan o‘ralgan, pardadan yo‘nalgan to‘siqlar bezni bo‘lakchalar (trabekulalar)ga ajratadi. Limfa tugunga kiradigan limfa tomirlar orqali kelib bez ichida tozalanadi. Limfa trabekulalar organizmga keraksiz narsalarni yoki mikroblarni ishlab (filtirlab) limfani tozalab beradi. Tozalangan limfa bezdan chiqadigan limfa tomirlari orqali oqadi. Ayrisimon va bodomcha bezlar limfa tizimining markaziy a‘zosi hisoblanib, bolalarda immunitet tizimi T- limfotsitlar o‘sishi uchun xizmat qiladi, Ammo jinsiy bezlar rivojlanishi bilan ayrisimon bez faoliyati balog‘at davrida susayib boradi.
Yirik limfa tomirlariga quyidagilar kiradi:
Ko‘krak limfa tomirlari.
Oyoqning limfa tomirlari.
Chanoq sohasidagi limfa tomirlari.
Qorin sohasidagi limfa tomirlari.
Ko‘krak qafasidagi limfa tomirlari.
Qo‘l limfa tomirlari.
Bosh va bo‘yindagi limfa tomirlari.
Taloqning limfa to‘qimalari bodomcha bezlar ichakning yumshoq qoplami, pereferik limfoid a’zo hisoblanib, ular limfotsid ishlab chi- qaradi va immunitet tizimini nazorat qiladi. Ayniqsa bodomcha bezlar oziq-ovqat va havo tarkibidagi bakteriya va viruslarning organizmga kirishining oldini oladi.
Limfa tomirlari va limfa tugunlarining anatomik tuzilishini tushun- gan holda palpatsiya amalga oshiriladi. Limfa tugunlarini paypaslab ko‘rish nuqtalari ularning shakli va o‘lchami, og‘riqning mavjudligi, limfa tugunlari atrofida qizarish va achishishlar limfa tugunlar hara- katchangligi va ularning konsisitensiyasi elastikliligi aniqlanadi. Limfa tugunlarinig tez kattalashuvi o‘tkir yuqumli kasalliklarda kuzatiladi. Ularning surunkali kattalashuvi esa surunkali yuqumli kasalliklarda kuzatiladi. Shu jumladan limfa tugunlari qattiq va qo‘zg‘almas holatda kattalashuvi o‘sma kasalliklar metastazidan darak beradi.
Sezish, harakat funksiyalari va skelet tizimini baholash
Odamzot paydo bo‘libdiki, u tashqi muhit bilan muloqotda bo‘- ladi, tashqi ta’sirlarni qabul qiladi, uni bosh miya po‘stlog‘igacha yet- kazib, u yerda tahlil qiladi. Ko‘rish, hid bilish, eshitish, issiq-sovuqni sezish — hammasi sezgi sohasiga bog‘liq. Sezish analizatorida qabul qilish joyi — retseptor, o‘tkazish qismi va markaziy oxirgi qismi bor. Markaziy qism bosh miya po‘stlogida tugaydi, u analizator deb ataladi. Sezgi hamma vaqt tashqaridan — sirtdan boshlanadi. Sezgida albatta qabul qilib oluvchi retseptorlar bo‘lishi kerak. Bu retseptorlar quyidagilar: 1. Ekstroretseptorlar — bu retseptorlar tashqarida teri ektodermasida va shilliq qavat pardalarida uchraydi. Ular ikki xil bo‘ladi:
kontakt retseptorlar ta’sir etishi natijasida bo‘ladi (og‘riq, issiq- sovuqni sezish); b) distansion — masofadan sezish (ko‘rish, eshitish, hid bilish). 2. Proprioretseptorlar — chuqur to‘qimalardagi retseptorlarga (pay, mushak, suyak, bo‘g‘im) aytiladi. Masalan, bemorning ko‘zini yumib, ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga yoki pastga qaratilganda bemor shu holatni bilishi kerak. 3. Introretseptorlar — ichki a’zolardagi sezgilarni biladi: masalan, oshqozon yoki buyrakdagi og‘riqlar.
Sezgi ikkiga bo‘linadi: 1. Yuzaki sezgi — bu retseptorlar yuzada joylashgan, bularga og‘riqni sezish, issiq-sovuqni sezish, qisman taktil (paypaslab silash) sezish kiradi. Yuzaki sezgi yo‘llari: birinchi neyron umurtqalararo gangliyada joylashgan. Dendritlar tashqaridan ta’sirlarni qabul qiladi, akson esa ichkariga kirib, orqa miyaning orqa shoxidagi sezgi hujayralarida tugaydi. Ikkinchi neyron — orqa miyaning orqa shoxidagi sezgi hujayralaridan boshlanib, har segment sohasida qarama-qarshi tomonga o‘tadi. Orqa miyaning yon ustiga borib, tepaga ko‘tariladi va ko‘ruv do‘mbog‘ida tugaydi. Uchinchi neyron — ko‘ruv do‘mbog‘idan boshlanib, ichki kapsula orqa sonining orqa qismidan o‘tadi va bosh miya po‘stlog‘i tepa qismining orqa markaziy egatida tugaydi. 2. Chuqur sezgi — bu sezgiga quyidagilar kiradi: a) mushak
bo‘g‘im sezgisi; b) bosim va og‘irlik sezgisi; d) jismlarni paypaslab bilish sezgisi — steriognoz; e) vibratsion sezgi — bularning retseptorlari mushakda, bo‘g‘imda, suyakda, joylashgan bo‘ladi. Chuqur sezgi yo‘llari: birinchi neyron boshlanadi, retseptorlardan dendritlar umurtqalararo neyronga qarab yo‘naladi, akson ichkariga kiradi, ya’ni orqa miyaning orqa ustuniga boradi. So‘ngra o‘z tomonidan yuqoriga ko‘tariladi va uzunchoq miyaning pastki qismidagi yadrosiga borib tugaydi. Ikkinchi neyron — uzunchoq miyadagi yadrodan boshlanib qarama-qarshi tomonga o‘tib, ko‘tarilib ko‘ruv do‘mbog‘ida tugaydi. Uchinchi neyron boshlanadi, ko‘ruv do‘mbog‘idan ichki kapsula orqa sonining orqa tomonidan o‘tib, bosh miya po‘stlog‘ining tepa qismidagi orqa markaziy egatida tugaydi.