Sezgining zararlanishi. 1. Nevritik xilida sezgi yo‘qolishi, bunda nerv sohasidagi alohida-alohida sezgining yo‘qolishi. Masalan, quymich nervi zararlanganda sonining orqa qismida sezgi yo‘qoladi yoki son nervi zararlanganda sonning oldingi qismida sezgi yo‘qoladi. 2. Polinevritik xilida sezgi yo‘qolishi, bu polinevrit kasalligida, ya’ni ko‘p nervlarning yallig‘lanishi natijasida paydo bo‘ladi. Bu sezgi yo‘qolishi qo‘l va oyoqlarning pastki qismida, qo‘llarda «qo‘lqopsimon», oyoqlarda «paypoqsimon» sezgi yo‘qoladi. 3. Segmentar xilida sezgi yo‘qolishi. Bularga: orqa ildiz, umurtqalararo tugunlar va orqa shoxlar zararlan- ganda sezgi yo‘qoladi. 4. O‘tkazuvchanlik xilida sezgi buzilishi, bunda o‘tkazuvchi yo‘llar zararlanganda, sezgi buzilishi shu zararlangan joydan pastda bo‘ladi. Orqa miyaning bel qismi zararlanganda pastda ikkala oyoqda sezgi yo‘qoladi, bunga paraanesteziya deyiladi. Orqa miyaning ko‘krak qismi zararlanganda qorin va bel sohalarida sezgining yo‘qolishi va paraanesteziya bo‘ladi. Orqa miyaning bo‘yin qismi zararlanganda tetraanesteziya (ikki qo‘l va ikki oyoqda sezgining yo‘qolishi) va tanada ham sezgi yo‘qolishi bo‘ladi. Miya ustuni va ichki kapsula bir tomondan zararlanganda — gemianesteziya (tananing o‘ng yoki chap tomonida sezgi yo‘qolishi) qarama-qarshi tomonda o‘tkazuvchanlik xilida sezgining yo‘qolishi bo‘ladi. 5. Bosh miya tepa qismi orqa markaziy egati va gulbog‘ zararlansa, monoanesteziya (bitta qo‘l yoki bitta oyoqda sezgi yo‘qolishi) qarama-qarshi tomonda o‘tkazuvchanhk xilida bo‘ladi.
Anesteziya — sezgining butunlay yo‘qolishi, analgeziya — og‘riq sezgisining yo‘qolishi, termanesteziya — harorat sezgisining yo‘qolishi, gipesteziya —sezgining pasayishi, giperesteziya — sezgining kuchayib ketishi, dizesteziya —sezgining buzilishi, masalan, taktil (ip va qil) ta’surotni og‘riq deb, sovuqni issiq deb his qilish, giperpatiya — bemor kuchsiz ta’sirlarni sezmaydi, lekin kuchli ta’sirlarga chidab bo‘lmaydigan og‘riq borligini aytadi, og‘riqni qayerda ekanligini ko‘rsatib bera olmaydi. Paresteziya — bunda bemorlar badanida har xil uvishish, vijirlash, chumoli yurgandek holat paydo bo‘ladi.