Yuzni suvga botiramiz
Bola o‘zlashtirib olishi kerak bo‘lgan muhim narsalardan biri bu yuzini hech qanday qo‘rquvsiz suvga botira olishdir. Bolangiz agar zig‘ircha ham cho‘chishsiz suvga yuzi bilan kira olsa, bilingki bir necha haftadan so‘ng mustaqil suzishni boshlaydi. Mohirona bo‘lmasada, harakatlar bilan suv yuzasida o‘zini tutib turib, bir ikki metr masofaga suzadi.
Demak, biz burun kataklarini barmoqlar bilan berkitmaslikni (bu kattaroq yoshdagi bolalarga ham taalluqli) bilib oldik. Bolaning yuzi bo‘sh holatda bo‘lishi, uni tirishtirmasligi, ko‘proq havo to‘plab olishga “tantanali” harakat qilmasligi hamda lunjini ishirib olmasligi kerak. Barchasi hotirjamlik, oson va mamnuniyat bilan amalga oshirilishi darkor.
Hatto vannada cho‘milishdan qo‘rqadigan bolalar uchun
Ishni yuvinish, ya'ni yuzni kaftdagi suvga botirib yuvishdan boshlashni maslahat beramiz. Bolani yuvintirish uchun uning ortida turib, qo‘llaringizni cho‘zing. Bola qo‘llaringizni ko‘rsin. Kaftingizni suv bilan to‘ldiring, bolangiz o‘zi yuzini suvga botirsin. Siz esa asta sekinlik bilan yuving. Bolaning kaftlariga ozgina suv yig‘ilganligi sababli sizning kaftingizdagi suv bilan yuvilgani maqsadga muvofiq. Kaftdagi suv bir necha soniyalardan so‘ng to‘kilib kamayib ketadi. Bu esa qo‘rqinchli jarayon emas. Axir bu faqatgina yuvinish xolos.
Bir muncha jasurlar uchun
Yuzimizni vannadagi yoki tovoqdagi suvga botiramiz. Shunchaki botirish yoki o‘yin asosida bajarish ham mumkin. Masalan: suvga yuzimizni botirib, puffaklar hosil qilamiz. Yo bo‘lmasa turli tovushlar chiqaramiz, xatto qo‘shiq kuylash ham mumkin. Bu juda qiziq jarayon bo‘ladi.
Yana bir o‘yin, suv tagidan olma bo‘lagi yoki shunga o‘xshash qulay bir buyumni tishlab olib suvdan tashqariga chiqamiz. Bu o‘yin yordamida bola nafaqat suvga yuzini botirishni, balki suvni yutib yubormaslikni, og‘izdan chiqarib tashlashni, suvni tomoqqa o‘tib ketishini to‘sishni ham o‘rganadi. Agar bola istamasa uni majburlamang. Majburiy mashqlarning o‘zi mavjud emas. Faqat o‘zingizga ma'qulini tanlab olishingiz mumkin bo‘lgan turli variantlar mavjud.
Dostları ilə paylaş: |