O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi majburiy to‘lovlardan va boshqa manbalardan tushadigan mablag‘larni jamlaydi, keyinchalik ulardan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirish dasturlarini (loyihalarini) hamda ularning lozim darajadagi texnik holati va o‘tkazish qobiliyatiga erishishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining yuqori boshqaruv organi Jamg‘arma kengashidir.
Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar jamg‘armasi davlat mulkini xususiylashtirishdan tushadigan, belgilangan tartibda taqsimlanadigan mablag‘larni jamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi xarajatlar moliyalashtirilishini ta’minlash uchun yagona ijtimoiy to‘lovdan ajratmalar va Byudjet kodeksining 56-moddasida nazarda tutilgan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘larni jamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar hamda tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, jihozlashga (to‘liq jihozlashga) yo‘naltiriladigan, Byudjet kodeksining 57-moddasida nazarda tutilgan majburiy to‘lovlar va boshqa manbalardan tushadigan mablag‘larni jamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasining yuqori boshqaruv organi Jamg‘armani boshqarish kengashidir.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi Byudjet kodeksining 58-moddasida nazarda tutilgan va sug‘oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilashga doir dasturlarni (loyihalarni) hamda meliorativ obektlarning lozim darajadagi texnik holatini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga, shuningdek meliorativ texnika olishga yo‘naltiriladigan maqsadli moliyaviy resurslarni jamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining yuqori organi Jamg‘arma kengashidir.