FALSAFA. BIO 302-GURUH SHODIQULOV ILHOMBEK 125262527
Falsafa aksiologiya sifatida Falsafa «dunyo-inson» tizimini tushunishga intilib, unda yuz berayotgan jarayon va munosabatlarni faqat gnoseologik jihatdan, «haqiqat» nuqtai nazaridan qaramaydi. Uning uchun bu jarayonlar va munosabatlarni qadriyatlar orqali, «Ezgulik», «Muruvvat», «Yovuzlik», «Foyda», «Go‘zallik»va hokazolar nuqtai nazaridan baholash ham muhimdir. Bu jihatdan falsafa aksiologiyadir(qadriyatlar to‘g‘risidagi ta'limot, grekcha axios- qadrli va logos- ta'limot so‘zlaridan).
Falsafa o‘zining dastlabki cho‘qqilariga juda qadimgi zamonlardanoq, ya'ni, matematikani istisno qilganda, boshqa fanlar endigina vujudga kelayotgan davrdayoq erishgan edi. Mushohada (fikrlash, tasavvur qilish)dan foydalanib, falsafa hali fanlar javob bera olmagan savollarga javob berishga urinib, naturfalsafa, ya'ni tabiat falsafasi sifatida yuzaga chiqqan. Tabiatni o‘rganuvchi faylasuflar o‘z falsafiy muammolari bilan bir qatorda hozirda alohida fan bo‘lib shakllangan: fizika, astronomiya, biologiya va boshqa fanlarning muammolari bilan ham shug‘ullangan edilar. Shu bois tabiat falsafasi falsafiy g‘oyalar, ilmiy empirik dalillar, shuningdek xurofot, afsun, alkimyo, astrologiya va boshqalar qorishmasidan iborat bo‘lib qolgan edi. Tabiat falsafasi inson bilishining rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. Dunyoning moddiy birligi, moddalarning atom tuzilishi, Quyosh tizimi, sayyoralarining kelib chiqishi, olam tuzilishi va boshqa g‘oyalar tabiat falsafasida tug‘ildi va rivoj topdi.
Hozirgi zamon falsafasi doirasida ko‘pincha quyidagi mustaqil sohalarni ajratishadi: falsafa tarixi, ontologiya- borliq to‘g‘risidagi ta'limot, gnoseologiya(epistemologiya) - bilish to‘g‘risidagi ta'limot, aksiologiya- qadriyatlar to‘g‘risidagi ta'limot, falsafiy antropologiya- inson to‘g‘risidagi ta'limot, ijtimoiy falsafa– jamiyat to‘g‘risidagi ta'limot, mantiq– tafakkur qonunlari va shakllari to‘g‘risidagi ta'limot, etika– axloq to‘g‘risidagi ta'limot, estetika– go‘zallik to‘g‘risidagi ta'limot.
Shuningdek tabiatshunoslik falsafasi, din falsafasi, huquq falsafasi, fan falsafasi, texnika falsafasi, tarix falsafasi, madaniyat falsafasi, siyosat falsafasi, global muammolar falsafasi kabi bugungi kunda mustaqil fan maqomini olish bilan birbutun yo‘nalishlarga ajralgan. Ulaning har birining o‘z tushunish apparati hamda muammoni hal qilishning o‘ziga xos usullari bor.