denaturasiyasi deyiladi. Denaturasiya jarayonida oqsil molekulalari qaytmas kimyoviy o’zgarishga uchraydi. Etanol oqsillarni turlicha cho’ktiradi. Agar tuxum oqsiliga etanolning suyultirilgan eritmasi qisqa vaqt ichida ta’sir ettirilsa hosil bo’lgan cho’kma suvda eriydi. Agar oqsilga spirtning kuchli eritmasi ta’sir ettirilsa, oqsil denaturasiyaga uchraydi. Oqsillar yengil metallar (NaCl, MgSO4, ZnSO4) va ammoniy ((NH4)2SO4) tuzlari bilan cho’ktirilsa, hosil bo’lgan cho’kma suvda eriydi. Lekin oqsillarga og’ir metallarning (Fe, Pb, Hg) tuzlari ta’sir ettirilganda oqsil qaytmas tarzda ivib qoladi. Oqsillar qizdirilganda ham qaytmas jarayon sodir bo’ladi.
Oqsillarning rangli reaksiyalari Agar oqsilga (ishqoriy muhitdagi eritmasiga) suyultirilgan mis (II) sulfat eritmasi ta’sir ettirilsa, binafsha – ko’k rangli cho’kma hosil bo’ladi. Bu reaksiya peptid bog’lar uchun Biuret reaksiyasi deyiladi. Bu mis (II) va polipeptidlar orasida kompleks hosil bo’lishi bilan shartlangan.
Oqsillarga konsentrlangan nitrat kislota ta’sir ettirilganda oqsillar sariq ranga kiradi. Bu reaksiya ksantoprotein reaksiyasi deyiladi va oqsillarda aromatik va geteroyadroli sikllar borligini isbotlaydi. Sariq rangning hosil bo’lishi sikllarni nitrolanishini borishi va aminokislota qoldiqlarida nitrobirikmalarning hosil bo’lishi bilan tushuntiriladi.