Nodavlat umumta’lim tashkilotiga o‘qishga qabul qilish, o‘qishni ko‘chirish va o‘qishdan chetlashtirish. Nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbariyati har yili iyun, avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etadi. O‘qishga kirish uchun talabgorlar o‘quv yili davomida ham nodavlat umumta’lim tashkilotiga o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Ta’lim oluvchilar nodavlat umumta’lim tashkilotiga muassis (muassislar) tomonidan belgilanadigan qabul kvotalari doirasida to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Qabul kvotalari nodavlat umumta’lim tashkilotining quvvati, moddiy-texnik bazasi, kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi inobatga olingan holda shakllantiriladi. O‘qishga kirish uchun talabgorlar soni qabul kvotalari sonidan oshib ketgan taqdirda, nodavlat umumta’lim tashkilotida qabul sinovlari o‘tkazish uchun mazkur tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan 5 kishidan iborat tarkibda qabul komissiyasi tuziladi. Qabul komissiyasi tarkibiga tashkilot rahbari, uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va pedagog xodimlar kiritiladi. Tashkilot rahbari qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
Nodavlat umumta’lim tashkilotiga o‘qishga kirish uchun talabgor yoki uning ota-onalari har yili iyul-avgust oylari mobaynida qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: tashkilot rahbari nomiga ariza; o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi; ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi; o‘quvchining sog‘ligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma; o‘quvchining 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati. Qabul sinovlari har yili avgust oyida o‘quvchining bilimini aniqlash maqsadida tashkilot pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan shaklda (test sinovi, og‘zaki yoki yozma imtihon) o‘tkaziladi va baholanadi. Qabul sinovlari bir marta topshiriladi, qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ikkinchi va undan yuqori sinflariga qabul qilishda sinov materiallari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturlari bo‘yicha tegishli sinfda o‘tiladigan fanlar doirasida tayyorlanadi. Talabgorning sinovdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi qabul komissiyasi tomonidan aniqlanadi va talabgorni o‘qishga qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Qabul komissiyasining ijobiy qaroriga asosan nodavlat umumta’lim tashkiloti muassisi (muassislari) bilan o‘qishga qabul qilingan ta’lim oluvchining ota-onasi o‘rtasida o‘qish muddatiga tuzilgan shartnoma asosida to‘lov amalga oshirilganidan keyin tashkilot rahbari talabgorni o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan talabgorlar tashkilotdagi jami ta’lim oluvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan sinovlar asosida o‘qishga bepul (grant asosida) qabul qilinadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan talabgorlar tomonidan nodavlat umumta’lim tashkilotidagi jami ta’lim oluvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam murojaatlar kelib tushgan taqdirda, qabul kvotasining bo‘sh qolgan o‘rinlariga boshqa talabgorlar o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Ta’lim oluvchi yoki uning ota-onasi o‘z xohishlariga ko‘ra, o‘quv yili davomida yoki u tugagandan so‘ng nodavlat umumta’lim tashkilotidan boshqasiga yoki davlat umumta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish huquqiga ega. Ta’lim oluvchi yoki uning ota-onasi nodavlat umumta’lim tashkilotidan boshqasiga yoki davlat umumta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish sabablarini ko‘rsatgan holda, nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbari nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbari tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, ta’lim oluvchini nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim oluvchilari safidan chetlatish to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Nodavlat umumta’lim tashkilotining rahbari tomonidan ikki kun muddatda ta’lim oluvchining ta’lim oluvchilar safidan chiqarilganligi to‘g‘risida tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga xabar beriladi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti tomonidan o‘qishini boshqa nodavlat umumta’lim tashkilotiga yoki davlat umumta’lim muassasasiga ko‘chirgan ta’lim oluvchilarga rahbar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: ta’lim oluvchining ta’lim oluvchilar safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma; o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma; ta’lim oluvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli. O‘qishi ko‘chirilgan ta’lim oluvchilar o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan nodavlat umumta’lim tashkilotiga muassis (muassislar) tomonidan belgilanadigan qabul kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilish tartibiga muvofiq o‘qishga qabul qilinadi. Nodavlat umumta’lim tashkiloti yoki davlat umumta’lim muassasasidan o‘qishini ko‘chirayotgan ta’lim oluvchilar muassis (muassislar)ning qaroriga ko‘ra qabul komissiyasi tomonidan sinovdan o‘tkazilishi mumkin. O‘qishi ko‘chirilgan ta’lim oluvchini nodavlat umumta’lim tashkilotiga qabul qilish to‘g‘risida tashkilot rahbari buyruq chiqaradi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti muassisi (muassislari)ning ruxsati bilan o‘qishga qabul qilingan yoki o‘qishi ko‘chirilgan ta’lim oluvchi shartnoma asosidagi to‘lovni kechiktirib to‘lashi mumkin. Ta’lim oluvchilar nodavlat umumta’lim tashkilotidan quyidagi holatlarda chetlashtirilishi mumkin: o‘z xohishiga binoan; o‘qishning davlat umumta’lim muassasasiga yoki boshqa nodavlat umumta’lim tashkilotiga ko‘chirilishi munosabati bilan; salomatligi tufayli (tegishli hududdagi tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ma’lumotnomasi asosida); akademik o‘zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun; o‘quv intizomini va tashkilotning ichki tartib-qoidalarini, odob axloq qoidalarini buzganligi uchun; o‘qish uchun belgilangan to‘lovning o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli (to‘lovdan ozod etilgan ta’lim oluvchilar bundan mustasno); ta’lim oluvchining sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan; vafot etganligi sababli.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbarining ta’lim oluvchini nodavlat umumta’lim tashkilotidan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘iga quyidagilardan biri asos bo‘ladi: ota-onaning arizasi; pedagogik kengash qarori. Nodavlat umumta’lim tashkilotidan chetlashtirilgan ta’lim oluvchilar yoki ularning ota-onalari o‘qishga qayta tiklash to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Ta’lim oluvchini o‘qishga qayta tiklash yoki tiklamaslik masalasi nodavlat umumta’lim tashkilotining pedagogik kengashida ko‘rib chiqiladi va uning qaroriga ko‘ra hal qilinadi. Nodavlat umumta’lim tashkilotidan chetlashtirilgan ta’lim oluvchi haqida tashkilot rahbariyati tomonidan tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga uch kun muddatda yozma xabar beriladi.