Ta’lim jarayonining ishtirokchilari. Ta’lim oluvchilar, ota-onalar, pedagog xodimlar va nodavlat umumta’lim tashkiloti ta’lim jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi. Ta’lim oluvchilar quyidagi huquqlarga ega: davlat ta’lim standartlari asosida ixtiyoriy ravishda ta’lim olish; nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni va ish faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar berish; davlat umumta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun tashkil etiladigan ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarida ishtirok etish.
Ta’lim oluvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Ta’lim oluvchilar: nodavlat umumta’lim tashkilotining ichki tartib-qoidalariga, odob-axloq qoidalariga rioya qilishga; nodavlat umumta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasidan samarali foydalanish va uni asrab-avaylashga majbur.
Ta’lim oluvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin. Ota-onalar quyidagi huquqlarga ega: nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbariyatidan farzandi uchun mazkur tashkilotning ustaviga muvofiq zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish; farzandining shaxsiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish; jamoatchilik asosida nodavlat umumta’lim tashkilotining ish faoliyatida ishtirok etish.
Ota-onalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Ota-onalar: farzandining jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilishga; farzandiga o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga; farzandining ta’lim olishiga ko‘maklashish va o‘quv mashg‘ulotlariga muntazam qatnashishini ta’minlashga; farzandining nodavlat umumta’lim tashkilotining ichki tartib-qoidalariga hamda odob-axloq qoidalariga rioya qilishini ta’minlashga; shartnoma asosida o‘qish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishga majbur.
Ota-onalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin. Pedagog xodimlar quyidagi huquqlarga ega: nodavlat umumta’lim tashkilotining muhim masalalari muhokamasida va qarorlar qabul qilinishida qatnashish; o‘z kasbiy sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish; nodavlat umumta’lim tashkilotini boshqarishda ishtirok etish; nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbariyatiga o‘quv jarayonini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish; mashg‘ulotlarning innovatsion texnologiyalarga asoslangan dasturlarini ishlab chiqish; faoliyat yuritishi uchun sharoitlar bilan ta’minlanish, malakasini oshirish, qayta tayyorgarlikdan o‘tish; dars mashg‘ulotining shakli, uslubi va vositalarini mustaqil tanlash.
Pedagog xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Pedagog xodimlar: ta’lim jarayonini davlat ta’lim standartlari hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari asosida tashkil etishga; pedagog odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishga; dars mashg‘ulotlarini yuqori saviyada olib borish, ta’lim mazmunini takomillashtirish, o‘qitish vositalarini yaratishda faol qatnashishga; ta’lim oluvchilarning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat kabi fazilatlarni shakllantirish, o‘quvchilarni ona Vatanga sadoqat, davlat tiliga, milliy va umuminsoniy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga, ota-onaga va o‘zidan katta yoshdagilarga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga; o‘zining nazariy bilim darajasini, pedagogik mahorati va kasb malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish va o‘z ustida muntazam ishlashga; ta’lim oluvchilarning ota-onalari bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga majbur.
Pedagog xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatni ham olishi mumkin. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan “Nodavlat ta’limni boshqarish axborot tizimi” Davlat inspeksiyasi tomonidan yuritiladi. Nodavlat umumta’lim tashkiloti ta’lim oluvchilarining umumiy ro‘yxati har yili may va oktyabr oylarida Davlat inspeksiyasi hamda tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga taqdim etib boriladi.