Ta’lim jarayonini tashkil etish. Nodavlat umumta’lim tashkilotida ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi. Ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalarining xohish-istaklarini inobatga olgan holda, nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qaroriga asosan qo‘shimcha o‘quv rejalari va o‘quv dasturlaridan foydalanilishi mumkin. Nodavlat umumta’lim tashkilotida o‘quv yili va ta’tillarning davomiyligi, sinfdan sinfga o‘tkazish va bitiruv imtihonlari muddatlari, ta’lim oluvchilar bilimini nazorat qilish shakllari hamda ta’lim oluvchilarning bilimini baholash davlat umumta’lim muassasalari uchun belgilangan tartib va muddatlarga mos holda amalga oshiriladi.
Ta’lim jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi: o‘quv yilining davomiyligi — 34 hafta; o‘quv haftasining davomiyligi — 6 kun; dars mashg‘ulotining davomiyligi — 45 daqiqa; dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi — 5 daqiqa, katta tanaffusning davomiyligi 15 daqiqa.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydi. Choraklar oralig‘idagi ta’tillar davrida nodavlat umumta’lim tashkilotining pedagog xodimlari tomonidan mashg‘ulotlarning innovatsion texnologiyalarga asoslangan dasturlarini ishlab chiqish, o‘zlashtirishi past bo‘lgan ta’lim oluvchilarning bilim saviyasini tahlil qilish va ular bilan qo‘shimcha ishlash, ularga maslahatlar berish, ota-onalar va ta’lim oluvchilar o‘rtasida umumiy o‘rta ta’limning ahamiyatini targ‘ib qilish maqsadida tadbirlar tashkil etish, o‘quvchilar uchun shaxsiy va taqvim ish rejalari tuzish kabi ishlar amalga oshiriladi. Nodavlat umumta’lim tashkilotida ta’lim jarayoni ta’lim oluvchilar bilan guruh bo‘yicha va yakka tartibda mashg‘ulotlar olib borish orqali tashkil etiladi.
Yakka tartibda dars mashg‘ulotlarini olib boradigan pedagog xodimlar har bir ta’lim oluvchiga o‘quv yili uchun shaxsiy ish rejasi, guruh tartibda dars mashg‘ulotlarini olib boradigan pedagog xodimlar taqvim ish rejasini tuzadi.Nodavlat umumta’lim tashkiloti bitiruvchilariga o‘qishni tugatganligi to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat (umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma yoki attestat) beriladi. Nodavlat umumta’lim tashkilotlarini davlat namunasidagi hujjat blankalari bilan ta’minlash ularning buyurtmalari asosida tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori asosida dars mashg‘ulotlari, o‘quv haftasi va ta’tillar davomiyligi, nazorat shakllari va ularning o‘tkazilish muddatlari hamda baholash tizimi o‘zgartirilishi mumkin.